Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yovvoyi tabiatning aqlni shoshiruvchi suratlari

Yovvoyi tabiatning aqlni shoshiruvchi suratlari

«Yovvoyi tabiatning eng yaxshi fotosuratchisi» (Wildlife Photographer of the Year) tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi.

Xitoylik fotograf Yunsin Bao (Yongqing Bao) tulki va sug‘ur olishuvi aks etgan ijodiy ishi bilan tanlovning bosh sovrinini qo‘lga kiritdi. Ijodkor  ushbu favqulodda dramatik vaziyatni fototasmaga muhrlash uchun markaziy Tibet tog‘larini oylab kezdi.

«Yovvoyi tabiatning eng yaxshi fotosuratchisi» tanlovi 1964-yildan buyon London tabiatshunoslik muzeyi tomonidan o‘tkazib kelinadi. Quyida ushbu nufuzli tanlovning asosiy nominatsiyalari g‘oliblari bilan tanishing.

«Burgut hamlasi». Oden Rikardsen, Norvegiya

«Qushlarning fe’l-atvori» nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan Oden Rikardsen (Audun Rikardsen) ushbu suratni olish uchun oz emas, naq uch yil urindi. Tinib-tinchimagan fotorassom baland qoyalar tepasiga yashirin kamera qo‘yib, nihoyat burgutning hamlasini muvaffaqiyatli tarzda suratga olishga muvaffaq bo‘ldi.

«Izdihom». Shtefan Kristmann, Germaniya

Antarktika muzligidagi besh mingga yaqin imperator pingvini kuchli shamol va qahratonga qarshi turish uchun bir tanu bir jonga aylangan. Jonivorlar nasl davomchilari – polaponlarini ham oyog‘i orasida avaylab-asrashga urinmoqda. Olmon fotorassomi Shtefan Kristmann (Stefan Christmann) ushbu ijodiy ishi bilan «Portfolio» yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi.

«Kalamushlar galasi». Charli Hemilton-Jeyms, Buyuk Britaniya

Britaniyalik fotograf Charli Hemilton-Jeyms (Charlie Hamilton-James) «National Geographic» topshirig‘i asosida dunyoning turli shaharlarida kalamushlar hayotini tadqiq qildi. «Shahardagi yovvoyi tabiat» nominatsiyasida g‘olib deb topilgan ushbu suratda Nyu-York markazidagi mehmonxona yonida ozuqa qidirib yurgan kemiruvchilar galasi aks etgan. 

 «Chumolilar armiyasi». Deniyel Kronauer, AQSh

Fotograf Deniyel Kronauer (Daniel Kronauer) favqulodda betakror surat olish uchun Markaziy Amerikaning Kosta-Rika davlatiga safar qildi. Minglab «askar» chumolilar butalar ustida jamlanib, o‘z tanasidan uya hosil qilgan. Jonli uya ichida esa chumolilar malikasi orom olayotir. Bu manzara har kuni takrorlanadi: erta tongda qumursqalar tirikchilik tashvishida har yonga tarqaladi, orom olish vaqti kelganda esa yana bir joyda to‘planib jonli uya hosil qiladi. Fotograf ushbu ijodiy ishi uchun «Umurtqasizlar» nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

«Qor ostida». Maks Vo, AQSh

Yovvoyi tabiatning eng yaxshi surati tanlovini qor sahnasisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Fotograf Maks Vo (Max Waugh) Yellouston qo‘riqxonasidagi bizonni sirli-tilsimli alfozda kadrga muhrlashning uddasidan chiqdi. Mazkur surat «Oq va qora» nominatsiyasida tengsiz deb topildi.

«Qor bosgan yassitog‘lar osha». Shanchjen Fan, Xitoy

Tibetni makon tutgan orongo kiyiklari qor bosgan yassitog‘ osha iliq manzillar sari yo‘l olgan. Sovuqqa ancha chidamli orongo kiyiklari 5500 metrgacha balandlikda yashaydi. Fotorassom Shanchjen Fan (Shangzhen Fan) tomonidan olingan ushbu surat «Tabiiy muhitdagi hayvonlar» nominatsiyasida g‘olib deb topilgan.

S.Salim tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring