Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Egalari 800 dollarga sotmoqchi bo‘lgan surat Rembrandtning 4 million dollarlik kartinasi ekanligi ma’lum bo‘ldi

Egalari 800 dollarga sotmoqchi bo‘lgan surat Rembrandtning 4 million dollarlik kartinasi ekanligi ma’lum bo‘ldi

Bu narx haqida eshitgan aka-ukalar qay holatga tushgani haqida xabar berilmagan.

Foto: Mike Corder / AP

AQShning Tinek shahrida yashovchi aka-uka Ned, Rojer va Stiven Landaular vafot etgan onalaridan qolgan suratni sotmoqchi bo‘lishdi va kimoshdi savdosi bo‘yicha baholovchiga ko‘rsatishdi. Kartina mutaxassisda qiziqish o‘yg‘otmadi va boshlang‘ich bahosi 250 dollar etib belgilandi.

1930-yillarda aka-ukalarning onasi tomonidan arzonlashtirilgan mollar qatorida sotib olingan kartina narxi auksionda yashin tezligida o‘sa boshladi va tezda ular xohlagan 800 dollarga yetib bordi.

Eng qizig‘i shundan keyin bo‘ldi – kimoshdi savdosiga telefon orqali Fransiya va Germaniyadan xaridorlar qo‘shilib, narxni 5 ming dollarga ko‘tarib yuborishdi. Tez orada narx 100 ming, keyin esa 450 ming dollarga qadar oshdi. Oxiri fransiyalik xaridor hammani hayratda qoldirganicha kartinani 1,1 million dollarga sotib oldi.

Kimoshdi dallollari ham, surat egalari ham hech narsani tushunmay turgan bir paytda Germaniyadan qo‘ng‘iroq qilgan xaridor hammasiga oydinlik kiritdi: «Axir bu Rembrandt-ku! Men bu suratni butun umr izlaganman».

Ma’lum bo‘lishicha, bu suratni rassom XVII asrda chizgan. Aynan shu kartina Rembrandt qalamiga mansub sezgilar mavzusidagi beshta suratning biri hisoblanadi. Germaniyalik xaridor bu suratlarning uchtasiga egalik qilgan.

Fransiyalik omadli xaridor esa surat asl nusxa ekanligiga amin bo‘lishi bilan uni kolleksionerga 4 million dollarga sotib yubordi.

Bu narx haqida eshitgan aka-ukalar qay holatga tushgani haqida xabar berilmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring