Islom Karimovning ota-onasi, aka-opalarining surati ilk marta jamoatchilikka taqdim etildi (foto)
Bugun Islom Karimov fondining «Feysbuk» tarmog‘idagi sahifasida O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov oilasiga mansub yangi fotosurat va ma’lumotlar e’lon qilindi.
Karimovlarning ushbu oilaviy fotosurati 1928-yilda, ya’ni Islom Karimov tavalludidan 10 yil avval olingan. Suratda u kishining ota-onalari Abdug‘ani ota (1894-yilda tug‘ilgan) va Sanobar aya (1902-yilda tug‘ilgan) hamda opa-akalari Mehriniso (1920-yilda tug‘ilgan), Amonullo (1922-yilda tug‘ilgan), Ibodullo (1926-yilda tug‘ilgan) aks etgan.
Oilada sakkiz farzand o‘sib ulg‘ayadi: bir qiz – Mehriniso va yetti aka-uka: Amonullo, Ibodullo, Arslon, Quddus, Ikrom, Islom, Xurshid.
Xizmatchi bo‘lib ishlagan Abdug‘ani bobo vazminfe’l, o‘ziga ham, boshqalarga ham qattiqqo‘l, talabchan edilar. Avvalo o‘zi qat’iy intizom va tartib-qoidaga rioya etgan ota farzandlaridan ham shuni talab qilar edi. Mahalla-ko‘yning ehtiromini qozongan edilar.
Sanobar aya esa uy bekasi edi. U nasl-nasabli oilada tavallud topgan bo‘lib, padari buzrukvori mulla-sharif, ya’ni o‘z davrining mo‘’tabar ulamolaridan edi. Bilimga chanqoqlik, kuchli xotira, zukkolik va sabr-toqat kabi fazilatlar butun umr Sanobar ayaga yo‘ldosh bo‘ldi. Munis onaizor o‘z hayotini oila va xonadon saodatiga bag‘ishladi.
Karimovlar oilasida barcha o‘g‘il farzandlar oliy ma’lumot oldi, ulardan uch nafari maktabni oltin medalga bitirdi, uch nafari fan nomzodi bo‘ldi – Ibod G‘aniyevich, Quddus G‘aniyevich va Islom Abdug‘aniyevich. Bu o‘sha davr uchun ham, bugungi kun uchun ham kamyob hodisadir. Keyinroq Islom Karimov akademik darajasini oldi.
Barcha aka-ukalar juda kuchli xotiraga ega edilar. Bu qondan qonga o‘tib kelgan fazilat bo‘lsa ne ajab. Aka-ukalar o‘zaro musobaqalar o‘tkazishar edi — masalan, biror matn o‘qilib, uni yoddan aytib berish borasida bellashar edilar. Keyinroq aka-ukalardan biri oliy o‘quv yurti o‘qituvchisi, biri sudya, boshqalari xizmatchi, olim va… Prezident bo‘ldi.
Ziyoli bu oilada o‘g‘illarning munosib ta’lim olishiga birlamchi vazifa sifatida e’tibor qaratilgan edi. Vaqtning o‘zi bu hayotiy tutum qanchalar to‘g‘ri bo‘lganini ko‘rsatdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter