Xususiy notarius tomonidan birinchi notarial harakat rasmiylashtirildi
2020-yilning 1-may sanasidan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar o‘z faoliyatini boshladi va shu kuni yangi tashkil etilgan xususiy notarius tomonidan birinchi notarial harakat amalga oshirildi. Bu haqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Mazkur notarial harakat Farg‘ona viloyat Qo‘qon shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius F. Xojimatov tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, fuqaro S. R. tomonidan nafaqa olish uchun ishonchnoma rasmiylashtirildi.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq davlat notarial idoralarini nodavlat notarial idoralar etib qayta tashkil etilishi belgilangan edi.
Xususiy notariuslar faoliyati yo‘lga qo‘yilishidan maqsad aholining notarial xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, notariat sohasida erkin raqobat muhitining shakllanishi, ortiqcha byurokratiya va korrupsiya holatlariga to‘la barham berishdan iborat.
Endi notarial idorada ortiqcha navbat kutish holatlari barham topadi, fuqarolar haftaning istalgan kunida notarius xizmatidan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter