«Xalqimiz uchun uy-joy — bu Vatan ichra kichik vatandir» — Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» degan g‘oyani konstitutsiyada mustahkamlashni taklif etdi.
«Ijtimoiy davlatda inson qadri deganda, avvalo, fuqaroni yashash uchun zarur uy-joy bilan ta’minlashni tushunamiz. Bizning xalqimiz uchun uy-joy – bu Vatan ichra kichik vatandir. Insonning dunyoga kelishi, shaxs sifatida kamol topishi, farzandlarni voyaga yetkazish, milliy urf-odat va tarixiy an’analarni davom ettirish, to‘ylar qilish aynan uy-joyda amalga oshiriladi.
Farzand tug‘ilsa, yaxshi niyatlar bilan odamlarimiz hovlisiga ko‘chatlar ekib, shu uy, shu bog‘ ko‘p yillar avlodlarimga xizmat qilsin, deb ezgu niyatlar qiladi.
Shu bois uy-joyli bo‘lish, uning daxlsizligini ta’minlash har bir inson hayotida qanchalik muhim ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Xalqimizning «Uyi borning tashvishi yo‘q, uning boshpanasi bor» degan gapida chuqur ma’no bor», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari 2022-2026 yillarda renovatsiya va uy-joy dasturlari doirasida shaharlarda ma’nan eskirgan uylar o‘rniga 19 million kvadrat metrdan ortiq zamonaviy uy-joylar barpo etilishini ta’kidlab o‘tdi. Buning hisobiga, 275 mingdan ziyod oila yangi massivlarga ko‘chib o‘tadi.
«Konstitutsiyamizda fuqarolarimizning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, uning daxlsizligini kafolatlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, muhtoj toifalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlatning majburiyatlarini mustahkamlash zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter