Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonga birinchi samolyot 28 fevralda uchishi rejalashtirilgan. Ukrainadagi fuqarolarimizni qaytarish bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar

O‘zbekistonga birinchi samolyot 28 fevralda uchishi rejalashtirilgan. Ukrainadagi fuqarolarimizni qaytarish bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar

Illyustrativ foto

O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan fuqarolarimizni Ukrainadan Polsha orqali vatanimizga qaytarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili shunday axborot berdi:

«Polsha hududida tashkil etilgan to‘planish joyida asosiy qismi yosh bolasi bor ayollardan iborat O‘zbekiston fuqarolari uchun sharoitlar yaratildi. Xususan, ko‘rpa-to‘shak, tibbiy yordam, issiq ovqat berildi.

2022-il 27-fevral Toshkent vaqti bilan soat 16:00 ga qadar 110 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi «Karchova» nazorat-o‘tkazish punkti orqali Polsha hududiga kirdi. Yaqin vaqtda ichida boshqa fuqarolarimizning ham chegaradan o‘tishi kutilmoqda. Shundan so‘ng barcha vatandoshlarimiz markazlashgan holda avtobuslarda Katovitse shahridagi aeroportga yetkaziladi.

O‘zbekistonlik diplomatlar «Karchova» nazorat-o‘tkazish punkti va Katovitse shahri aeroportida muntazam faoliyat yuritmoqda va fuqarolarning masalalarini hal qilmoqda. Evakuatsiya qilinayotgan barcha yurtdoshlarimiz aeroportda barcha zarur mahsulotlar bilan ta’minlanadi.

Turli sabablarga ko‘ra yonida hujjatlari bo‘lmagan 30 nafar O‘zbekiston fuqarosiga qaytish guvohnomasi zudlik bilan rasmiylashtirib berildi.

O‘zbekiston fuqarolarini Polshadan Vatanimizga qaytarish maqsadida «Uzbekistan Airways» AJ samolyotlarining o‘tishi uchun havo yo‘lagi bilan ta’minlash masalasi hal qilindi. Hozircha birinchi samolyotning O‘zbekistonga parvoz qilishi joriy yilning 28-fevral kuniga rejalashtirilmoqda.

Avvalroq, Polsha Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston elchixonasining murojaatidan so‘ng nihoyatda muhim qarorni qabul qildi: Vatanimizga qaytayotgan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan hech qanday PZR-sertifikatlarini taqdim etish va Polshaga kirish vizasini rasmiylashtirish talab qilinmaydi».


O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi xodimlari:

Maruf Karimov («Karchova» nazorat punktida) — tel.: +48 508 064 333; Telegram: +99893 5947557.

Asqar Beknazarov («Katovitse» aeroportida) — tel.: +48 508 995 888; Telegram: +99890 1160084.

Sardor Axmatov (Elchixonada) — tel.: +48 502 501 588; Telegram: +99894 6541010.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring