Toshkent zilzilasi: onamning xotiralaridan

1966 yilning 26 apreli tongida Toshkentda qattiq zilzila bo‘lgan. Tabiiy ofat poytaxtga, poytaxtimiz aholisiga katta ko‘lamda zarar yetkazgan. Buni, ayniqsa, yoshi ulug‘lar yaxshi eslaydi. Jumladan, onam o‘sha noxush kunlarni shunday xotirlaydi:
«Uyimiz Labzak mahallasida edi. Ko‘chamiz Chempionlar ko‘chasi deyilardi. (Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi binosining ro‘parasidagi bu joylarda hozir ko‘p qavatli uylar qad rost rostlagan.) Qo‘shnilarimiz bilan ahil edik. Rahmatli Suyima G‘aniyeva, taniqli suxandon Rahmatilla Mirzayev onasi va singlisi bilan bizga qo‘shni yashardi. Rahmatilla yoshligida nimjon bola bo‘lib, tez-tez xastalanib turar, hamshira bo‘lganligim sababli unga ukol qilib turardim.
Yoshim 26 da, to‘ng‘ich farzandimga homilador edim. Yuragim g‘ash bo‘lib, mazam bo‘lmaganligi sababli poyezdga o‘tirib, otamnikiga, tug‘ilgan joyim – Namangan viloyatining Chust tumaniga jo‘nab ketdim. Erta tongda Chustga kelganimda, vokzal stansiyasida Toshkentda qattiq yer silkinganini, zilzila oqibatida shahar vayron bo‘lganini eshitdim.
Ertasi kuni Toshkentga qaytib kelganimda uyimiz butunlay buzilib, shahar xonavayron bo‘lganiga guvoh bo‘lganman. Zilziladan bizning Labzak va Qashqar mahallalari ko‘p talofat ko‘rgandi.
Yer qimirlashi keyin ham davom etdi. Har qimirlaganda gurr-gurr etib bizni vahimaga solardi. Hatto may, iyun oylarida ham yer qimirlashi kuzatildi.
Qo‘shnilarim qatori hozirgi «Minor» qabristoni atrofida palatkalarda yashaganmiz.
Keyinchalik sobiq ittifoqning deyarli barcha respublikalaridan Toshkentga yordam berishga juda ko‘plab quruvchilar va boshqa soha vakillari kelib, shahar ulkan qurilish maydoniga aylandi...
O‘sha mash’um kunlarni barcha toshkentliklar hanuzgacha esdan chiqarmaydilar. Unutib ham bo‘larmidi, bolam...»
Ma’lumot o‘rnida. 1966 yil 26 aprel kuni soat 05:23 atrofida Toshkent shahrida kuchli yer qimirlashi qayd qilingan. Zilzila o‘chog‘i 5-10 kilometr chuqurlikda joylashgan, zilzila markazida silkinish 8 ballni tashkil etgan. Tabiiy ofat oqibatida 300 ming kishi boshpanasiz qolgan. Toshkent 3,5 yilda qayta qurilgan.
Bernora SADIKOVA
Manba: postda.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter