Televizor ko‘rayotganlarni kitob o‘qiydiganlar boshqaradi(mi?)!
Tasavvur qilaylik: bog‘ ichida kitob varaqlayotgan qiz yoki uning telefon o‘ynayotgan tengquri. Metroda biror qizga tegajoqlik qilayotgan yo-da kitob o‘qib ketayotgan yigit. Xo‘sh, sizningcha, qay biri go‘zalroq? Qay biri ma’nan sog‘lomroq?
Istaysizmi-yo‘qmi kitob o‘qiyotgan insonni qalban hurmat qilishga o‘zingizda moyillik sezasiz. Telefonda ham, kompyuterda ham turli kitoblar o‘qib ko‘rganman, ammo Hofiz Sheroziy yoki Mashrab devonini yoningizga qo‘ying-da, uning «elektron nusxasi»ni ham oching. Satrlarni o‘qiy boshlasangiz Hofiz yoki Mashrab kitob shaklida, satrlar ichida shivirlab turganday bo‘ladi. «Elektron nusxa»da esa buni his qila olmaysiz. Faqatgina she’rning ta’mini sezasiz.
«Qur’oni karim»ni elektron va KITOB shaklida bir o‘qib varaqlang… Kitob shaklida varaqlasangiz istaysizmi-yo‘qmi SO‘Z bilan SIZning orangizda to‘siq yo‘qdek, unga yaqindek his qilasiz o‘zingizni.
Mutolaa jarayonida inson shunaqangi tassurotlar, tuyg‘ular olamiga sho‘ng‘iydiki, bularni na kino, na teatr, na musiqa, na rassomlarning asarlari bera oladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, insonda tuyg‘uni faqat kitob shakllantiradi.
Tangri taolo odam atalmish maxluqotni boshqa maxluqotlardan so‘zi bilan, ongi bilan farq qiladigan qilib yaratgan. Ilohiy haqiqatlar tan olinmagan zamonda yolg‘on kitoblar ko‘payadi. Vaqti kelib ular o‘z-o‘zidan yo‘qlikka yuz tutadi. Buni anglash uchun esa ortga burilib Sovet ittifoqining yolg‘onlariga nazar tashlash kifoya.
Ustozim bir paytlar shunday degandi: «Kitob yozayotganingda o‘chirasan, yozasan, o‘chirasan, yozasan va oxiri o‘chirmay qaysidir satrlarni qoldirasan. O‘chirganlaring o‘zing yozganlaringdir, o‘chirmay qoldirganlaring esa «farishta»lar yozganidir, ana shu satrlar yashab qoladi». Shu so‘zlarga qiyosan aytadigan bo‘lsam, «kitoblarning qanotlari»da «farishtalar» yashaydi.
Kitob shunday — farishtasi bor kitob yashab qoladi, «chin» kitob yashab qoladi. «Ulug‘» kitoblar qancha tazyiqqa uchrasa-da yashab qolaveradi. Go‘yokim «Ahura Mazda» va «Ahriman» kitoblar qatida ham tinimsiz kurashda bo‘ladi. Ezgulik g‘olib bo‘laveradi.
Kitob millat ongini tarbiyalaydi, charxlaydi, komillikka chorlaydi, Haqqa yaqinlashtiradi. Lo‘ttibozlik, maddohlik, ko‘zbo‘yamachilik anqib turgan mazmuni sayoz, maza-matrasiz kitoblar esa millatni, xalqni aldaydi. Ularning ta’sirida inson o‘tkinchi dunyoning yolg‘onlariga uchadi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarlikning ilk damlaridan e’tiborini kitob mutoolasi siyosatiga qaratgani millatimizning katta yutug‘i bo‘ldi. «Ong» va «rivojlanish» yana-da tezlasha boshladi. Aksariyat aholi kitobga emas, bu bozor dunyoning «yengil bozori»ga o‘rganib qolgan edi. Qurollar jaranggi ostida qonun ovozi eshitilmaganidek, «bozor rastalari» lari ichra ham kitobning varaqlanishi deyarli eshitilmayotgan edi.
Kitobdan ko‘ra taqinchoq qimmat mamlakatda «o‘g‘ri va chayqovchilar» ko‘proq bo‘ladi. Kitob o‘qigan elat boshida qanday inson turganini, boshida turgan inson esa qanday elatga hukmronlik qilayotaganini yaxshi anglaydi.
Kitob mutoolasining jamiyat hayotidagi o‘rni xususida so‘z ketganda ummon ortidagi bir holat yodga tushadi. AQShda xibsxonalarning deyarli aksariyati xususiy. Yildan-yilga yangi jazoni ijro etish muassasalari quriladi. Turli shtatlarda bunday muassasalar soni har xil. Ularning soni jinoyatchilik oshishi yoki tushishi ko‘rsatgichiga qarab belgilanadi. Qamoqxona biznesi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya bundan o‘n yil keyin falon shtatda qancha qamoqxona qurish kerakligini aniqlashda ular juda ajoyib usuldan foydalanishadi.
Ular aholining kitobxonlik darajasini aniqlash maqsadida ommaviy so‘rov o‘tkaziladi. Mutolaa darajasi past hududlarda qamoqxonalar sonini ko‘paytirishadi. Buni qarangki, ularning bu qarori to‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Aniqlanishicha, qaysi hududda yoshlar qancha kam kitob o‘qisa o‘sha hududda besh-o‘n yildan so‘ng jinoyatchilik oshar ekan.
Kitob o‘qimagan millatdan, bozorchi xotin-xalajdan al-Xorazmiy yoki Beruniyni qayta kutish, Vatan ravnaqiga chin ma’noda hissa qo‘shadigan allomalarni kutish borib turgan «kitob»sizlikdir.
«Suqrot shunday degan ekan» deyishganda, «Xo‘sh-xo‘sh…» deya og‘iz poylashdan ko‘ra, «men Suqrotning o‘zini o‘qiganman!» deya javob berish barcha zamonlarda ham o‘zini oqlagan.
Kitob mutolaasi nafaqat birgina insonni, butun-butun xalqlarni tanazzulga yuz tutishidan saqlaydi. Qadimgi Rim, qadimgi yunonlarning ham yuksalishida kitob alohida mavqe’ kasb etgandiki, hozirgacha, hozirgi davlatlarning tuzilmasigacha, sa’natigacha qadim Yunoniston «kitob»lari asos sifatida xizmat qilib kelmoqda. Demokratiya deymizmi, Senat deymizmi, Haykaltaroshlik deymizmi yoxud Sangtaroshlik, barchasida «yunon» asosi bor. Buni inkor qilib bo‘lmaydi.
Moziyning guvohlik berishicha, Arastuning ishongan shogirdi, yarim dunyo hukmroni sarkarda – Makedoniyalik Iskandar ham o‘zining qisqa umri davomida kitob o‘qishga, tinimsiz ilm olishga moyil bo‘lib yashagan. «Iliada» dostonini askarlariga harbiy qo‘llanma sifatida o‘qitgan. Bu kitob unga barcha janglarida hamroh bo‘lgan. O‘zi aziz bilib o‘qiyotgan kitobini doimo bolish ostiga bitta xanjar bilan birga qo‘yib yotgan.
Kitoblari yo‘qotilgan yurtlar doimo tanazzulga yuz tutgan. Bosqinchilar hamisha bosib olgan yurtlarining madaniyatini, ma’naviyatini, ota-bobosidan qolgan tarixini — «KITOB»ini yo‘qotishga harakat qilganlar. Kitobi yo‘q xalq esa, o‘zgalarning kitobini o‘qishga majbur bo‘ladi, o‘zgalarning yozgan kitoblari asosida yashaydi.
Buyuk Rimning tanazzuli Iskandariya kutubxonasi yoqib yuborilishidan boshlandi. Olimlarimiz, kitoblarimiz chiqib ketib bizning tanazzul boshlandi. Mo‘g‘illar bosqinida batamom yo‘qotildi. Ulug‘bek kutubxonasini tugatilishi bilan temuriylarning parchalanishi boshlandi.
Savollar ko‘payadi. Ayni dam, «kitobsevarlik» jarayoni kechayotgan paytda o‘qiydigan kitoblarimiz qani? London muzeyidami, Ermitaj muzeyidami? Kitobga munosabatimiz qanday? Qanaqa kitob o‘qiyapmiz? KITOB o‘qiyapmizmi, «yolg‘on kitob» o‘qiyapmizmi?
Qanaqa kitoblar chop qilayapmiz? Davlatning puli, olam-olam qog‘ozlar nimalarga isrof bo‘lyapti? Puli bor odam nashriyot egasimi yoki savodi bor odammi? Kim kitob deya xalqni aldayapti? Kimlar kitob o‘qiyapti? Homiy tashkilot rahbarlari kitobni farqiga boryaptimi yoki «Kecha va Kunduz»dan «to‘qima seriallar»ni farqlay olmayaptimi?
Siz-chi? Uyingizda nechta kitob bor? Ko‘chalar tegrasida qator joylashgan baland-past odam uylarida nechtadan kitob bor deb o‘ylaysiz?!
Mendan so‘rasangiz, hatto mening uyimda ham o‘zim istaganimchalik kitobim yo‘q. Nari borsa uch yuzta chiqar. Kitob do‘konga kirsangiz kitob ko‘p. Yozilgan kitob kup. Yaratilganlari kam.
Hayron bulmang. Men qasd etganim chin kitoblar yozilmaydi, yaratiladi! Kitob yaratgan inson Xudo bilan xalq o‘rtasidagi elchi ekanligini, vakil ekanligini yozuvchilarimiz va «yozg‘uvchilarimiz» anglab yetayaptimikin? Nazarimda ba’zi «zamonaviy yozuvchilar» Mavlaviy hazratlari zikr tushgan dam bir qo‘lini yuqoriga — Xudoga , bir qo‘lini pastga — xalqqa cho‘zib zikr tushganini bilmaydi. Ular bilmaydiki, kitobni pul dardida yozib bo‘lmasligini. Bunday kilish katta ma’naviy jinoyat ekanligini xis kilmayapti afsus.
Biroq «ular» ham «odam». Ular ham shu millatning vakillari. Bu «odamlar»ga millat uchun yoziladigan kitob pul dardida yozilishi gunohligini, bunday kilish mumkinmasligini qanday o‘rgatsa bo‘ladi? O‘ylab ko‘ring. O‘rgatilgan odam qanaqa odam bo‘lib shakllanadi? Axir, o‘rgatilgan maymundan ko‘ra, o‘rgatilgan odam xunukroq emasmi?
Albatta, yoppasiga bir rangda kitob o‘qishga o‘rgatib bo‘lmaydi. Ammo, turfa kitoblarni ukishga mexr uygotish zarur. Buning uchun esa eng avvalo, ongni o‘stirish, qonni toza saqlashni shakllantirish kerak.
Kitob mavzusida so‘z ketganda hanuz qishloqlarimizda, millatimiz qo‘lida ko‘plab qadimiy kitoblar turganligini, sandiqlarda saqlanib yotganligini ta’kidlash lozim. Bu qadimiy javohirlar maxsus sharoitlarda saqlanishi zarur aslida. Tokay kelajak avlod qo‘liga bus-butun holda avloddan-avlodga yetkazilishi uchun. Ularni chindan millat mulkiga aylanishi uchun hech bo‘lmaganda ularning elektron nusxalari milliy fondini yaratish lozim. O‘z davrida bu zamindan yunonlar hosil yig‘ishtirib ketdi, arablar hosil yig‘ishtirib ketdi, mo‘g‘illar esa yig‘ishtirmadi, joyida olov qo‘yib ketdi, «qizil»lar hosil yig‘ishtirib ketdi, inglizlarga esa o‘zimiz olib borib sotdik. Bu hosildan bahramand bo‘lgan davlatlar o‘ziga yarasha o‘z vaqtida qudrat kasb etdi. Bu hosillarning to‘kilib qolgan boshoqlarini terib olsak ham bizga yetadi aslida…
Ilohiy haqiqat shuki, qadimgi zamon kitoblari bo‘ladimi, Chorizm davri kitoblari bo‘ladimi, bugungi zamon kitoblari bo‘ladimi, chin KITOBlar siyosatga xizmat qilmagan. Hamisha xolis bulgan, haqiqatli bo‘lgan. Siyosat KITOBga, ILMga xizmat qilgan Davlatlar esa Buyuk bo‘lgan. Bugun bu sohada gapirsa gap ko‘p, iztiroblar ko‘p, yechilishi lozim bo‘lgan muammolar ko‘p. Ammo hammasi yaxshi bo‘lishiga umidimiz bor! Chunki yillab-yig‘ilgan iztiroblar baribir barham topadi. Dunyoda O‘zbek o‘z iqtidoriga munosib martabaga erishadi! Chunki Millat yetakchisining kitob mutolaasiga qilayotgan e’tibori, chindan buyuk Davlat bo‘lish da’vosining mujdasidir.
P.S. Kecha xam, bugun xam, bundan yuz yil keyin xam, televizor ko‘rayotganlarni kitob o‘qiydiganlar boshqaradi!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter