Taqiqlangan diniy kitoblarni olib kirishga uringan shaxs ushlandi
Buxoroda respublika hududiga olib kirilishi taqiqlangan diniy mazmundagi adabiyotlarni olib kirishga uringan shaxs qo‘lga olindi.
Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat Bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Durdona Qayumova ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, «Buxoro» xalqaro aeroportida «Istanbul-Buxoro» yo‘nalishida uchib kelgan fuqaro Q.S. bojxona nazorati hududining «yashil» yo‘lagidan o‘tishni paysalga solgan. Uning xatti-harakati bojxona kuzatuvchilarini shubhaga solgan. Q.S.ning qo‘l yuklari hamda kuzatib borilayotgan bagaji rentgen tasviriga tushirilgan.
Bunda ushbu fuqaroga tegishli bo‘lgan yuklar orasida 20 dona diniy mazmundagi kitoblar borligi aniqlangan. Bojxona xodimlari tomonidan ushbu kitoblar nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga xulosa berish maqsadiga yuborilgan. Mahkamaning tegishli xulosasiga ko‘ra, 20 dona diniy mazmundagi kitoblardan 3 donasi O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilishi taqiqlangan ekani aniqlangan. Ushbu kitoblar vaqtincha saqlovga olingan.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter