Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Sattorov

Kim neni izlasa, topgay begumon...

«Singapur mo‘jizasi»ning siri nimada? «O‘zbek mo‘jizasi»ga oz qoldimi?

«Singapur mo‘jizasi»ning siri nimada? «O‘zbek mo‘jizasi»ga oz qoldimi?

Singapur va «Tashkent City»

Kollaj: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan so‘ng har bir o‘zbekistonlik endi hayoti tubdan o‘zgarishi, rivojlangan mamlakatlardagi kabi, tez orada eng munosib va farovon hayotga ega bo‘lishini his qildi. Chindan ham qisqa muddatda bu maqsadga erishish mumkinmi? Davlatimiz rahbari ta’kidlagani kabi, tabiiy boyliklarimiz yetarli, xalqimiz mehnatkash, yoshlarimiz zakovatli. Xo‘sh, tarixda ana shunday noyob hodisalar bo‘lganmi? Men mana shu shirin o‘y-xayollar og‘ushida manbalarni titkilashga tushdim. Va, topdim! Singapur!

Singapur — Janubi-sharqiy Osiyoda joylashgan, 719.9 km2 maydonga, 6 million aholiga ega orol-davlat.

Adog‘iga yetayotgan yilning 9-avgustida mustaqilligining 52 yilligini nishonlagan Singapur, siyosatchi va iqtisodchilarning fikricha, fuqarolari uchun yuksak turmush darajasini qisqa davr ichida yaratib bera olgan jahonning eng muvaffaqiyatli davlati. Xo‘sh, qanday qilib tabiiy boyliklardan mosuvo bu kichik davlat qisqa fursat ichida «Osiyo yo‘lbarsi»ga aylandi? Ushbu savolga javob topish uchun bu xalqning yaqin tarixida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarga nazar solishga kirishib ketdim.

Oziq-ovqat, uy-joy, salomatlik, ta’lim hamda bo‘sh ish o‘rinlari azaldan inson ehtiyojining bosh omillari hisoblangan. Singapur 1965-yilda Malayziya tarkibidan ajralib chiqqanida uning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlarining o‘rtacha miqdori 500 AQSh dollarini tashkil qilgan. O‘sha davrda Afrikaning Gana davlati ham Singapur kabi uchinchi dunyo mamlakati hisoblangan. Bu o‘ta past daraja bo‘lmasa-da, fuqarolar turmushi to‘kin-sochinlikdan yiroq edi. O‘sha yillarda hukumat tashabbusi bilan oziq-ovqat dasturlari amalga oshirilgan, jumladan, maktab va bog‘chalarda Singapur bolalariga bepul sut mahsulotlari ulashilgan.

Kichik va kamsonli aholiga ega, tabiiy boyliklar tugul, tayinli o‘tmishi mavjud bo‘lmagan davlatning taqdiri, garchi mustaqillikdan so‘ng mavhum ko‘ringan esa-da, mamlakat tezda oyoqqa tura boshlaydi. Buni jamiyatshunoslar quyidagi omillar bilan bog‘lashadi: qulay geografik joylashuv, halol hukumat (!!!) hamda xorijiy tadbirkorlar bilan yaqin hamkorlik.

Bunda Singapur Respublikasining birinchi Bosh vaziri Li Kuan Yuning xizmatlari beqiyos. Uning «Uchinchi dunyo mamlakatidan Birinchisiga!» shiori ostida o‘tkazilgan islohotlarini ko‘p o‘tmasdan har bir fuqaro his qila boshlaydi.

Bugungi kunga kelib, Singapur davlatining yillik daromadi har bir fuqaroga 55000 AQSh dollarini tashkil qiladi. Buni iqtisodchilar «iqtisodiy mo‘jiza» deb atashadi. Bugun singapurliklarning 90 foizi shaxsiy uy-joyiga ega. Daromadi 20 foizdan kam bo‘lgan oilalarning ham 80 foizi shaxsiy uylariga egalik qilishi ularning yuqori turmush tarzidan darak beradi.

Singapur qanday qilib iqtisodiy muvaffaqiyatlarga erishdi?

Bunda uning geografik joylashuvi muhim ahamiyat kasb etadi. Malakka bo‘g‘ozining ostonasida joylashgan bu hududdan jahon dengiz savdo-sotig‘ining 40 foizi kesib o‘tadi.

Ikkinchidan, Bosh vazir Li Kuan Yu xorijiy tadbirkor va sarmoyadorlarga keng quchoq ochadi. Natijada, yevropalik puldorlar Singapur tomon oshiqadilar. Bu esa davlat g‘aznasiga mablag‘ olib kela boshlaydi, ishchi o‘rni yaratilishiga sabab bo‘ladi.

Uchinchidan, Li Kuan Yu kichik, samarador va halol hukumat yaratishga harakat qilgan. Singapurga qo‘shni davlatlarga aynan ana shu jihat yetishmas edi. Qolaversa, Bosh vazir topshirig‘iga ko‘ra, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar o‘rtasida biznesni osonlashtirishga oid so‘rovlar muntazam o‘tkazilgan, tadbirkorlar dardiga quloq tutilgan. Singapur bugun ham Jahon bankining «Biznes qilish» reytingida yetakchi hisoblanadi.

To‘rtinchidan, Li Kuan Yu hukumatining jamiyatda qonun ustuvorligini qat’iy o‘rnatgani, qonun oldida har bir fuqaroning teng javob berishi Singapur muvaffaqiyatining omili bo‘ldi. 

Beshinchidan, Li Kuan Yuni «iqtidorlarning rahnamosi» deyishar edi. U iqtidorli fuqarolarni mas’uliyatli lavozimlarga qo‘yish va ularga yaxshi maosh tayinlashga hech qachon ikkilanmagan. Shu bilan birga, Singapurda mansabni suiiste’mol qilish ham qattiq jazolangan.

Oltinchidan, mamlakat topayotgan pullarini birinchi navbatda harbiy kuch-qudratga emas, salomatlik va ta’limga sarflay boshlaydi. 1965-yilda Singapurda tug‘ilgan 1000 nafar boladan 35 foizi nobud bo‘lgan bo‘lsa, 1985 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 10 foizga tushadi.

Yettinchidan, Singapur bolalari jahonning eng samarali va yaxshi ta’lim tizimlari asosiga qurilgan maktablarda o‘qiydilar. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining «Asosiy universal ko‘nikmalar» reytingida 15 yoshdagi singapurlik o‘quvchilar matematika va aniq fanlar bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda turishadi. Bu tashkilotning o‘quvchilar savodxonligini baholaydigan «PISA» testiga ko‘ra, so‘nggi 5 yillikda singapurlik talabalar «muammolarga yechim topish» imtihonlarida mutlaq yetakchilik qilishmoqda. Jumladan, 2017-yilning 25-dekabrida e’lon qilingan reyting buning isbotidir.

Sakkizinchidan, ta’lim sohasidagi ekspertlarning fikricha, Singapur iqtisodiy taraqqiyot va turmush darajasini yuksaltirishni ta’lim bilan bog‘lagan. Xususan, bu yerda birinchi o‘rinda ta’lim berish standarti ishlab chiqiladi. Buning uchun katta mablag‘ sarf qilinadi. Ayniqsa, eng yaxshi o‘qituvchilarni jalb etish va ularning nufuzini oshirishga avvalboshdanoq alohida e’tibor qaratilgan. Hozir ham Singapurda o‘qituvchilarni jahonning eng nufuzli ta’lim muassasalari bitiruvchilarining orasidan yollash an’anasi saqlab qolingan. Shu bilan birga, bu o‘qituvchilarning barchasi Milliy ta’lim institutida qayta tayyorlovdan o‘tkaziladi. Bu esa ta’lim sifatini nazorat qilish va mehmon-o‘qituvchilarga milliy ta’lim tizimini o‘rgatishda muhim.

Natijada, osiyolik mazkur qashshoq davlat jahonning beqiyos qazilma boyliklariga ega bo‘lgan Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Osiyo mintaqasidagi barcha davlatlarni rivojlanishda ortda qoldirdi.

Xo‘sh, Singapur nimaning hisobiga rivojlandi? Bu savolning javobi bitta — uddaburon yetakchilik hisobiga! Ota-onasi ingliz tili muallimlari bo‘lgan Li Kuan Yuni bolaligidan «Kuan Yew», ya’ni «nur va yorqinlik» deb chaqirishar edi. Bu ism «ajdodlariga shon-shavkat keltiruvchi» degan ma’noni beradi.

Millat otasi sifatida tan olingan va davlatni 30 yil boshqargan Li Kuan Yu o‘z irodasini namoyish qildi, nafaqat ajdodlariga, millatiga shon-shavkat hamda farovonlik keltirdi, o‘z va’dasiga binoan xalqini «birinchi dunyo» davlatlari qatoriga qo‘sha oldi.

Li Kuan Yuning safdoshlari yagona jamoa bo‘la olishdi. Bu kuchli jamoaning qoidalari aslida juda sodda: yuqori salohiyatli odamlarni millatga bosh qilish, amaliy ishbilarmonlik muhitini yaratishga urinish hamda halollik!

Yuqori salohiyatli odamlarni millatga bosh qilish deganda hukumat davlat boshqaruviga qarindosh-urug‘larni emas, eng munosib nomzodlarni tayinlashga odatlangan.

Singapurda amaliy ishbilarmonlik muhitini, fuqarolar uchun qulay hayot tarzini yaratishga urinish g‘ildirakni qayta kashf qilishdan farqlanadi. Singapur biror muammoga yechim topishda boshqa davlatning tajribasini yaqindan o‘rganadi va o‘zlashtirib oladi. 

Halollik — davlat taraqqiyotining o‘zagi. Boisi, korruputsiya — «uchinchi dunyo» mamlakatlari mag‘lub bo‘layotgan yagona g‘animdir. Bugungi Singapur asoschilarining xalq oldidagi yuksak xizmatlari ham ana shu xislat bilan chambarchas bog‘liq.

«Singapur mo‘jizasi» — ertak emas! Ular erishdimi, biz ham erishamiz. O‘zbekistonda biznes uchun qulay sharoit yaratilmoqda, korrupsiya batamom yo‘q bo‘lish arafasida, ta’lim sifati hukumat e’tiborida, xalq salomatligiga katta mablag‘ sarf etilmoqda, yosh va iqtidorli, sadoqatli kadrlar davlat boshqaruviga kelmoqda, hukumat boshqaruvidagi ahillikni har birimiz his qilyapmiz. Men rivojlanmaslik va «o‘zbek mo‘jizasi»ni yaratmaslik uchun biror sabab ko‘rmayapman.

Faqat bir haqiqatni unutmaslik lozim — o‘zgarishlarni, farovon hayotni birgina davlat rahbaridan kutish, uning zimmasiga yuklab qo‘yish — xato. Hayotimizni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan eng qudratli kuch — bu birinchi galda biz, o‘zimiz. Hayotimizni o‘zgartirishdan oldin esa o‘zimizni o‘zgartirishimiz lozim. Zero, endi kechagidayek o‘ylash, fikrlash va yashash mumkin emas.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring