Renovatsiya – aholi soni tez o‘sib borayotgan sharoitda eng maqbul yechim

Prezident huzurida mas’ullar renovatsiya jarayonlari bo‘yicha axborot berdi. Davlatimiz rahbari aholini munosib turar-joy bilan ta’minlash, xalqona aytganda “vatanli qilish” masalasiga doim alohida e’tibor qaratib keladi.
Xususan, 2024-yil 18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisida so‘zlagan nutqida ham “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish kerakligini ta’kidlagan edi. Bu qonunning qabul qilinishi 20 ming gektar yer maydonini tejab, 4,5 million aholini uy-joy bilan ta’minlash imkonini beradi.
So‘nggi 8 yil ichida mamlakatimiz shahar-u qishloqlarida qurilish, obodonlashtirish ishlari jadallashdi. Ushbu davrda O‘zbekiston aholisi 6 millionga ko‘payib, 37 milliondan oshdi, yarim millionga yaqin xonadonlar barpo etildi. Yaqin yillarda esa aholi soni 40 millionga yetishi kutilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, shunday o‘sish sur’atlarida yiliga 140-150 ming xonadonga talab paydo bo‘ladi. Bu esa har yili qo‘shimcha 2 ming gektar yer kerak degani. Lekin bilamizki, yer resursi, maydonlari cheklangan.
2024-yilda 100 ming xonadondan iborat ko‘p qavatli uy qurilgan bo‘lsa, bu yil 130 mingdan ortiq xonadon qurish reja qilingan.
Albatta, bunday vaziyatda dunyo tajribasidan kelib chiqib, renovatsiya dasturini amalga oshirish eng maqbul yechimlardan hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: Renovatsiya — bu strukturaning yaxlitligini buzmagan holda uni yaxshilash, qayta qurish va tiklash jarayoni. Bu atama odatda qurilish sohasiga nisbatan qo‘llaniladi.
Hozirda respublikada 2-3 qavatli 17 mingta eski uylar mavjud. Ulardagi shart-sharoit bugungi zamon talablariga mos emas. Infratuzilma, ya’ni elektr, gaz, suv va boshqasi eskirgan, aksariyatida oqova tarmog‘i mavjud emas.
Ushbu uylarning o‘rniga davr talablariga javob beradigan, zamonaviy turar-joylar qurilsa, hozirgidan 3 barobar ko‘p aholi joylashish imkoniyati paydo bo‘ladi. Asosiysi, aholimiz qulay shart-sharoitlar va infratuzilmaga ega joylarda yashaydi.
Shu maqsadlarni ko‘zlab xorij tajribasi asosida “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Bo‘lib o‘tgan taqdimotda renovatsiya tizimining huquqiy, moliyaviy va tashkiliy tomonlari ko‘rib chiqildi.
Renovatsiya dasturlari 3 bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda:
Avval, shahar va tumanlarda renovatsiyaga mos hudud tanlanib, loyiha ishlab chiqiladi. Mulkdorlarga yangi uy yoki kompensatsiyalar taklif qilinadi. Barcha mulkdorlar bilan kelishuvlar yakkama-yakka, notarial tartibda tasdiqlanadi. Loyihalar uchun har bir hududda renovatsiya jamg‘armalari tashkil etiladi.
Ikkinchi bosqichda renovatsiya dasturi hududiy va respublika kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilib, qurilish tashkiloti aniqlanadi.
Uchinchi bosqichda uy-joylar qurilib, foydalanishga topshiriladi.
Renovatsiyaga tushgan hududning iqtisodiy salohiyati oshishi shubhasiz. Chunki yangi uylarning pastki qavatlarida savdo, xizmat ko‘rsatish va kichik ishlab chiqarishlar bo‘ladi. Shuningdek, bu tizim orqali 20 ming gektar yer tejalishi hisob-kitob qilinganligi ta’kidlandi.
Xususan, birinchi bosqichda renovatsiya asosida 20 ming xonadon qurilishi mo‘ljallangan.
Xorijiy tajribaga murojaat qilsak, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Polsha, Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur davlatlari qonunchilik tizimida renovatsiyani huquqiy tartibga solishga oid bo‘yicha hujjatlar mavjud. Ularda shu asosda ishlab chiqilgan dasturlarga ko‘ra, eskirgan uy-joylarni qayta tiklash, qurish, modernizatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Pekin, Braziliya, Yevropa davlatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Chexiya va boshqa ko‘plab davlatlar shaharlarining biz ko‘rib turgan qiyofasi renovatsiya dasturlari asosida shakllangan.
Renovatsiya dasturlarini amalga oshirishda davr va zamon talablarini to‘g‘ri tushungan holda hududlar imkoniyatlarini inobatga olib, tizimli yondashish zarur. Ushbu dasturlarni amalga oshirishdan maqsad aholini munosib turar-joylar bilan ta’minlash, hududlar iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlarini oshirish hisoblanadi.
Anvarjon Mirkomilov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
bo‘lim boshlig‘i
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter