Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Abdurahmonov Andijonda gaz yetishmovchiligi sababini ma’lum qildi

Shuhrat Abdurahmonov Andijonda gaz yetishmovchiligi sababini ma’lum qildi

Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ayni vaqtda xalqqa hisobot bermoqda. Bu haqda Xabar.uz muxbiri ma’lum qildi.

Hokim viloyatni tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash bo‘yicha ma’lumot berarkan, muammolarga to‘xtalib o‘tdi.

«Joriy yilda 2,5 mlrd. so‘m evaziga namunaviy loyihadagi uy-joylarni gazlashtirish uchun rejadagi 9,8 km gaz tarmoqlaridan 8 km qismida qurilish ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, 1,5 km aholi gaz quvurlarini kapital ta’mirlash va rekonstruksiya qilish to‘liq yakunlandi.

Bundan tashqari, aholiga 54,5 ming tonna suyultirilgan gaz hamda 26 ming dona gaz ballonlari yetkazib berildi.

Yil yakuniga qadar, 1,8 km gaz tarmoqlari qurib bitkaziladi, aholiga 4,5 ming tonna suyultirilgan gaz hajmlari hamda
2 ming dona gaz ballonlari yetkazib beriladi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 8 mingga yaqin aholi xonadonlari va 52 ta ijtimoiy soha ob’yektlari hamda tadbirkorlik sub’yektlarini tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanadi.

2021 yilda aholi iste’molchilarining gaz ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida 11,5 km yangi gaz tarmoqlari qurish, 5,5 km gaz tarmoqlarini ta’mirlash hamda 1,5 km gaz quvurlarini kapital ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlarini bajarish ko‘zda tutilmoqda», — deya aytib o‘tdi hokim.

Shundan so‘ng Shuhrat Abdurahmonov gaz ta’minotidagi muammolarga to‘xtaldi.

«Shuni ham ta’kidlash kerakki, Andijon viloyatiga tabiiy gaz magistral gaz quvurlari orqali Buxoro viloyatidan o‘rtacha 2 ming km masofadan yetkazib beriladi. Vodiy viloyatlari ichida Andijon viloyati magistral gaz quvurining oxirgi hududida joylashganligi sababli hozirda gaz ta’minotida uzilishlar yuzaga kelmoqda.

Magistral gaz quvurlarida loyihaviy gaz bosimi 17-20 kilogramm bo‘lishi belgilangan bo‘lsada, amalda noyabr-dekabr oylarida 3-5 kilogrammgacha pasayishi kuzatildi.

Bu esa gaz tarmoqlarining oxirgi nuqtalarida joylashgan iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlashda muammolarni yuzaga kelishiga olib keldi.

Ichki imkoniyatdan kelib chiqqan holda, aholi gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida avtomobillarga gaz quyish shahobchalari hamda boshqa ulgurji iste’molchilarga gaz berilishi vaqtincha to‘xtatilib, bundan iqtisod qilingan kunlik o‘rtacha 200 ming metr kubgacha bo‘lgan tabiiy gaz aholi iste’molchilariga yo‘naltirilmoqda.

Hozirda Energetika vazirligi, «O‘ztransgaz» hamda «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan belgilangan hajmda tabiiy gaz bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Ta’kidlash joiz, «O‘ztransgaz» bizga 246 mingta xonadonga tabiiy gaz yetkazib bera olaman, deya kafolat bergan edi. Bugungi kunda darhaqiqat gaz muammosi mavjud. Biz tabiiy gaz yetib bormaydigan xonadonlarni ko‘mir va gaz balon bilan ta’minlab bera olamiz. Bir-birimizni qiynamasdan, kelishib ishlasak bo‘lmaydimi?» — deya ta’kidlab o‘tdi Shuhrat Abdurahmonov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring