Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf merosi haqida nimalarni bilasiz?
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-may kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv chog‘ida yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ma’naviyat va ma’rifat masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Xususan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ilmiy merosini o‘rganish, kitoblarni chop etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Bu bejiz emas. Shayx hazratlari nafaqat diniy, balki ma’rifiy, tarixiy, axloqiy, ijtimoiy mavzularda 100 dan ziyod kitoblar yozgan. Uning hikmatli asarlari, suhbatlari, televideniye va matbuotdagi chiqishlari yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf asarlari rus tiliga ham tarjima qilinib, chop etilgan. “Tafsir Xilal” (Qur’on karimning sharhi), “Xadisi i Jizn”, “Iyman, Islam, Kur’an”, “Sunnitskiye veroubejdeniya”, “Raznoglasiya: prichini i resheniya”, “Vasatiya – put jizni”, “Schastlivaya semya”, “Otkritoye poslaniye”, “Istina o suti gadaniya”, “Zayem i svyazannie s nim voprosi” kabi kitoblar shular jumlasidandir.
Shuningdek, olimning asarlari ingliz, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq va boshqa tillarga tarjima qilingan. Yaqinda turk tiliga ham tarjima qilinib, nashrga tayyorlandi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning kitoblari keng ilmiy asosga ega bo‘lib, qo‘shni mamlakatlar, Rossiya va Yevropada ham o‘rganilmoqda.
Alloma juda qiyin va murakkab davrda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy bo‘lib, diniy qadriyat va an’analar qayta tiklanishiga katta hissa qo‘shgan. Islom olamida ma’lum va mashhur bo‘lgan “Adabul mufrad”, “Muxtasarul Viqoya”, “Mazhablar – birlik ramzi”, “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid’at” kabi kitoblarni o‘zbek tilida sharhlab, xalqimizga dinimizning asl arkonlarini yetkazgan.
Muftiy vazifasida u kishi xalqaro miqyosda ham keng faoliyat yuritib, ko‘plab islom mamlakatlari bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga erishgan.
O‘sha davrda butun sobiq Ittifoq bo‘yicha har yili bor-yo‘g‘i 20-30 kishi hajga borar edi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning sa’y-harakatlari natijasida sho‘ro hukumatining musulmonlarga nisbatan siyosati o‘zgarib, masjid va madrasalar ochilgan, haj ziyoratiga boruvchilar ko‘paygan. 1990 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 500 nafar musulmon ilk bor Toshkent shahri orqali haj ziyoratiga borishga muvaffaq bo‘ldi.
U kishining dunyo musulmonlari o‘rtasidagi obro‘-e’tibori juda baland edi. Bu ulug‘ vatandoshimiz Butundunyo mutafakkir ulamolari uyushmasining Ijroiya qo‘mitasi a’zosi, Butunjahon musulmon ulamolari xalqaro uyushmasi, Butundunyo Islom uyushmasi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning, Iordaniya qirollik akademiyasining ham a’zosi edi. U kishi Misr Arab Respublikasining “Nil lavri” oltin nishoni, shuningdek, Rossiya, Liviya va boshqa davlatlarning ko‘plab yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan islom dinining asl mohiyatini targ‘ib etish, yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashga qaratilgan ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning turli tillarda chop qilingan asarlari yosh avlod uchun ulkan tarbiya va ibrat manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Manba: O‘zA
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter