Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shaxsan viloyat hokimlarining o‘zi javobgar bo‘ladi

Shaxsan viloyat hokimlarining o‘zi javobgar bo‘ladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari videoselektor yig‘ilishida viloyat yoki tumanda go‘sht, sut va tuxum mahsulotlariga talab qanchaligi, bu talabni qondirish uchun 2022 yilda qanday tizimli ishlar qilish kerakligi haqida birorta hudud rahbarida aniq tasavvur yo‘qligini tanqid qildi.

«Bugungi yig‘ilishni o‘zim har bir viloyat va tuman ko‘rsatkichlarini chuqur tahlil qilib o‘tkazayotganimning yana bir muhim sababi – 2022 yilda chorvachilikda kamida 300 ming, qo‘y-echkichilikda 150 ming, pillachilikda 1,2 million, jami 1 million 650 ming aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha barcha imkoniyat va zaxira mavjud», dedi Prezident.

Chorvachilik va pillachilikda bugungi vazifalarni bajarish va aytib o‘tilgan ish o‘rinlarini yaratishga shaxsan viloyat hokimlarining o‘zi mas’ul va javobgar bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.

Tuman hokimlari, agrar soha rahbarlari uchun chorvachilik, qo‘ychilik, echkichilik, pilla va jun sanoati yo‘nalishida o‘quv seminari tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2019-2021 yillarda:

  • chorvachilik bo‘yicha 8 turdagi subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish yo‘lga qo‘yildi;
  • chorvachilikka 15 trillion so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratilib, 4,5 mingga yaqin loyiha amalga oshirildi;
  • naslchilik xo‘jaliklari soni 3 baravarga ko‘payib, 1 ming 414 taga yetdi;
  • chorva mollari soni 1,2 millionga ko‘paydi.

Lekin, respublika bo‘yicha har 2 kishiga o‘rtacha 1 ta qoramol to‘g‘ri kelsa, bu ko‘rsatkich Namangan, Farg‘onada 4 kishiga 1 ta, Toshkent viloyati va Surxondaryoda 3 kishiga 1 tani tashkil etmoqda.

Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan va Surxondaryoda yirik chorvachilik xo‘jaliklarining soni qolgan hududlarga nisbatan 1,5-2 baravar kam.

Chortoq, Narpay, Urgut, Oltinsoy, O‘rtachirchiq va Urganch tumanlarida aholini go‘sht bilan ta’minlash darajasi 40 foizga yetmasada, ushbu tuman hokimlari 2022 yilda aniq loyihalarni ishga tushirishni reja qilmagan.

Shu sababli, viloyat hokimlariga bir oyda o‘zgarish qilmagan tuman hokimlarini ishdan olish bo‘yicha taklif kiritish topshirig‘i berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring