«Qo‘y»ni «yo‘q» qilishni bilasizmi? Bilmasangiz, bilib oling!
Bolaligimizda bir topishmoq bo‘lardi, bir-birimizga aytib yurardik: «qo‘y»ni «yo‘q» qilishni bilasanmi? Topishmoqni bilmaydiganlar har xil javob berardi — yashirish kerak, so‘yib yeyish kerak, haydab biror joyga qamab qo‘yish kerak...
Lekin bu javoblarning birortasi topishmoq aytguvchini qoniqtirmasdi. Oxiri topolmagan shahar berardi. Shunda javobni qarang: «qo‘y»ni teskari yozsang «yo‘q» bo‘ladida!
Farg‘onadagi yo‘qolgan 65 bosh qo‘y bo‘yicha surishtiruvni davom ettirar ekanmiz, mutasaddilardan kimdir yuqoridagi topishmoq usulini qo‘llaganiga tobora ishonch hosil qilmoqdamiz. Axir 65 bosh qo‘y qo‘li uzunroq odam aralashmasa shunchaki yo‘qolib qolmaydi-ku!
Afsuski, bugun dam olish kuni, ko‘pchilik tashkilotlar ishlamaydi. Shunday bo‘lsa-da, voqealar rivoji qanday kechayotganini bilish uchun qo‘ylarini yo‘qotgan Hasanboy akaga yana qo‘ng‘iroq qildik. Uning ma’lum qilishicha, maqolalar e’lon qilingandan keyin «Kun.uz» saytidagi hamkasblarimiz ham u bilan bog‘lanishgan va voqeani o‘rganishga kirishgan.
Bundan tashqari, uni mahalla profilaktika inspektori chaqirtirgan va «Farg‘ona haqiqati» gazetasi muxbiri bilan tanishtirgan. Muxbir qo‘ylar egasiga: «Nega markaziy nashrlarga chiqdingiz, axir biz ham muammoni yechishga yordam berardik-ku!?», — deya o‘z yordamini taklif etgan. Unga intervyu bergan Hasanboy aka viloyatdagi barcha mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilgani, natija bo‘lmagandan keyingina markaziy nashrlar bilan bog‘langanini ma’lum qilgan.
Yana Hasanboy aka bilan o‘zini Alisher deb tanishtirgan viloyat hokimining vakili ham bog‘langan. U ham qo‘ylar topilgan-topilmagani bilan qiziqqan va viloyat hokimiga nega murojaat qilmaganini so‘ragan. Hasan viloyat hokimligiga murojaat qilganini, qabulxona bo‘limi boshlig‘i Hasanboy akaga harchand iltimos qilmasin, hokimning qabuliga kiritmaganini aytgan. Hokimlik vakili Alisher aka ham masalani o‘z nazoratiga olganini, tez orada ijobiy hal bo‘lishini bildirgan.
Hasanboy akaning ko‘nglida umid uyg‘onib turibdi. Ajab emas, shuncha insonning sa’y-harakati bilan ro‘zg‘orni butlab turgan qo‘ylar topilsa. U yana ta’kidlab aytdiki, qilgan xatosidan pushaymon, sud qaroriga to‘la amal qilgan. Demak, ish xayrli yakun topishiga va qo‘ylari qaytarilishga umid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha — 10-fevral kuni Oltiariqda hokim va IIB boshlig‘i haydab ketgan 65 bosh qo‘y «izsiz yo‘qolgani» haqida xabar bergan edik. Shundan so‘ng jurnalistik surishtiruv o‘tkazib, Farg‘onadagi bir qancha mutasaddi idoralarga qo‘ng‘iroq qildik, mas’ullardan voqea tafsilotlarini surishtirdik va bu haqda «Izsiz ketgan qo‘ylar izidan: kalavaning uchi viloyat hokimi tomon yetaklamoqda» nomli maqola e’lon qilgan edik.
Biz voqealar rivojini kuzatamiz va surishtiruvni davom ettiramiz. O‘zbekiston huquqiy-demokratik davlat, bunday davlatda sudning qarori so‘zsiz amal qilinishi lozim. Qo‘ylarning bug‘doyzorni payhon qilishi yuzasidan sud bo‘lib o‘tgan, qonunbuzarlar javobgarlikka tortilgan, sud qarori ijrosi ta’minlangan ekan, qo‘ylar shunchaki olib qo‘yilishi va yo‘q bo‘lib ketishi mumkin emas.
Bizni kuzatishda davom eting.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter