Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda epidemiya tarqaganmi? Vazirlik javob berdi

Samarqandda epidemiya tarqaganmi? Vazirlik javob berdi

Foto: rubryka.com

Sog‘liqni saqlash vazirligi turli axborot saytlarida tarqalgan «Samarqandda qizamiq tarqalmoqda» materiali yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) xabariga ko‘ra, Yevropaning qator davlatlarida so‘nggi ikki yil davomida qizamiq kasalligi bo‘yicha epidemiologik noxush vaziyat saqlanib qolmoqda. Ushbu kasallikdan o‘lim holati o‘tgan yilda mazkur hududda 72 ta holatda qayd etilgan. Mutaxassislarning fikricha, ushbu holatning yuzaga kelishiga asosiy sabab – bu emlashdan voz kechish va natijada aholi orasida emlash bilan qamrab olish darajasining kamayishidir. Shuning uchun ham, 2019-yilda qizamiq kasalligi bo‘yicha holat nafaqat Yevropa, balki dunyoning boshqa mintaqalarida ham noxush vaziyat kuzatilmoqda.

2019-yil yanvardan 5-avgustgacha bo‘lgan muddatda Samarqand viloyatida 419 ta holatda qizamiqqa gumon qilingan bo‘lib, ulardan 29 nafarida kasallik tasdiqlangan. JSSTning xulosasiga ko‘ra, mamlakatimizga qizamiq virusi boshqa davlatlardan kirib kelganligi tasdiqlandi. 2018-yilda respublika bo‘yicha qo‘shimcha profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar natijasida 22 310 nafar kishi qizamiq kasalligiga qarshi emlandi.

Samarqand viloyatida kasallikni kelib chiqishining asosiy sababi ham qizamiqqa qarshi emlanmagan chet ellik fuqarolar bo‘lgan. Aholi orasida ushbu kasallik tarqalishining oldini olish va to‘xtatish maqsadida ular bilan muloqotda bo‘lgan 11101 nafar shaxs emlangan. O‘lim holatlari umuman qayd etilmagan.

Shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasiga 2017 va 2018-yillarda JSSTning «Qizamiq va qizilcha kasalligining eliminatsiyasi», ya’ni, ushbu kasalliklarning mahalliy tarzda tarqalishining to‘xtatilgani to‘g‘risida xalqaro sertifikat berilgan. Unga muvofiq, mamlakatimiz uchun indikator ko‘rsatkichi 100000 nafar aholi soniga nisbatan 2 ta holatda kasallik tasdiqlanib, ro‘yxatga olinishi mumkin. Hozirda bizda bunday holat kuzatilmayapti. Qolaversa, ayni paytda eliminatsiyani, ya’ni qizamiq tarqashining to‘xtatilganlik holatini saqlab qolish borasida barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu kasallik tarqalishining oldini olish va o‘choqlarini to‘liq bartaraf etish maqsadida qo‘shimcha ravishda 100000 doza qizamiq vaksinasi olinib, emlash uchun joylarga yetkazildi. Shuningdek, qizamiq kasalligini o‘z vaqtida aniqlash, tarqalib ketishining oldini olish va davolash hamda bolalarni vaksina profilaktikasi bilan qamrab olish maqsadida epidemiologik nazorat kuchaytirildi.

Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda qizamiq kasalligining profilaktikasi va epidemiyaga qarshi kurash tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.Ushbu jarayonga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan alohida e’tibor, yillar davomida to‘plangan tajriba va aniq tahlillar mazkur kasallikni eng past ko‘rsatkichda ushlab turish hamda uni to‘liq bartaraf etish imkonini bermoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va JSST tomonidan ushbu tizimli tadbirlarning bajarilishi qat’iy nazoratga olingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring