Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qirib tashlanayotgan yo‘lbarslar

Qirib tashlanayotgan yo‘lbarslar

«Proceedings of the National Academy of Sciences» jurnalida bosilgan maqolada qayd etilishicha, Himolay tog‘larida hayot kechiruvchi yo‘lbarslar tungi hayvonlarga aylanib bormoqda.

2010-yili bo‘lib o‘tgan Yer yuzida yo‘lbarslarni saqlashga qaratilgan xalqaro anjumanda 29-iyul – Xalqaro yo‘lbarslar (International Tiger Day) kuni qabul qilingan edi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad jamoatchilik e’tiborini yo‘lbarslarning yo‘qolib ketishi va ularni himoya qilish bilan bog‘liq muammolarga qaratishdan iborat bo‘lgan. Yo‘lbarslar xalqaro muhofazaga olingan va «Qizil kitob»ga kiritilgan. 1947- yildan beri ularni ovlash butunlay taqiqlangan.

Bu bejiz emas. Bengal yo‘lbarslari kunduz kunlari ovchi va mahalliy aholi bilan to‘qnash kelmaslik uchun tunda harakat qilishni afzal ko‘rar ekan. Ular, asosan, yovvoyi hayvonlarni tutadi. Gohida yo‘lbarslarning odamlarga hujum qilishi bilan bog‘liq hodisalar ham uchrab turadi. Tahlilchilar so‘nggi yillarda insoniyat tomonidan o‘rmon va yerlar o‘zlashtirilayotgani bois yo‘lbarslar istiqomat qiladigan hududlar qisqarib borayotganini ta’kidlashmoqda. Ularning xulosalariga ko‘ra, yashab qolish maqsadida insonlar va yo‘lbarslar uchun bir xil shart-sharoit kerak. Odamlar ham, yo‘lbarslar ham tabiiy resurslar uchun o‘zaro kurash olib bormoqda.

Michigan shtatidagi Ist-Lansing universitetining Szyango Lyu rahbarligidagi bir guruh zoologlari Nepal hududidagi Chitvan milliy parki yo‘lbarslarining hayot tarzini o‘rgandilar. Shu maqsadda park hududida yuzlab videokamera o‘rnatildi. Dastlabki natijaga ko‘ra, 120 ga yaqin yo‘lbars borligi aniqlandi. Odamlarning barmoq izlari bir-biriga o‘xshash bo‘lmaganidek, yo‘lbarslarni terisining bir-biriga o‘xshamagan yo‘lchalari orqali aniqlash mumkin ekan. Olimlar ikki yil davomida bu yirtqich hayvonlar odamlar yo‘q paytlardagina Chitvan milliy bog‘i hududlarida paydo bo‘lishini aniqladilar. Bu ularning tungi hayvonlarga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Videokuzatuvlar yo‘lbarslarning kunduzgi faoliyatini deyarli aniqlamadi. Olimlar «O‘rmon qirollari» Chitvan milliy parkida o‘zini noqulay his qilmoqda» degan fikrga keldilar.

Bugungi kunda yo‘lbarslar Eron shimoli, Afg‘oniston shimoliy mintaqalari va Hindiston yarim orolining shimolida, Nepal, Birma, Tailand, Yava yarim oroli, Bali orolida, shuningdek, shimoli-sharqiy va janubiy Xitoy hamda Koreya yarim orolining shimolida yashamoqda.

So‘nggi 15 yil mobaynida yo‘lbarslar soni 40 foizga qisqarib ketdi. Shu sababli ular xalqaro «Qizil kitob»ga kiritilgan. Ba’zi manbalarga ko‘ra, hozirgi kunda yovvoyi tabiatda yo‘lbarslar soni 4 mingtaga yetadi. Hindiston hukumati ma’lum qilishicha, mamlakat hududlarida 3 ming 100 tadan 4 ming 500 tagacha yo‘lbars bor. Biroq ekspertlar bu ma’lumotga shubha bilan qarashadi. Ularning fikricha, Hindistondagi yo‘lbarslar soni 3 mingtaga yo yetadi, yo yetmaydi. Ayrim mutaxassislar bu raqam 2 mingtani tashkil etishini aytishadi. Jahon bankining Global Yo‘lbars tashabbuslari ma’lumotlariga qaraganda, hozirgi kunda jahonda 3 ming 200 ta yo‘lbars bo‘lib, ulardan mingdan ortig‘i Hindistonda, 500 tasi Malayziyada, 400 tasi Bangladesh hududlarida istiqomat qiladi. Yo‘lbarslarni asrash dasturi yovvoyi hayvonlarni 2022 yilga qadar 7 mingtaga yetkazishni ko‘zda tutgan. 1947 yildan boshlab ularni ovlash mutlaqo taqiqlangan.

Olimlarning qayd etishiga ko‘ra, umuman, mushuksimonlar oilasining eng yirigi deb hisoblanuvchi yo‘lbarslarning 9 ta turi mavjud, ulardan 3 ta tur, ya’ni Turon, Bali va Yava yo‘lbarslari mutlaqo yo‘qolib ketgan. Ayni damda yovvoyi tabiatda Amur, Bengal, Malay, Sumatra, Janubiy Xitoy va Hindixitoy yo‘lbarslarini uchratish mumkin.

Ta’kidlash joizki, Bengal yo‘lbarslari Yer yuzidagi eng yirik hayvonlar toifasiga kiradi. Kattaligi jihatidan unga teng kela olmasa-da, biroq son bo‘yicha Bengal yo‘lbarslari boshqa qondoshlariga qaraganda eng ko‘pdir. Ularni, asosan, Hindiston va Nepal hududlarida uchratish mumkin.

Hindixitoy yo‘lbarsi Kambodja, Janubiy Xitoy, Laos, Myanma, Tailand, Malayziya va Vetnam hududlarida uchraydi. Yo‘lbarsning bu turi 1 ming 800 ta ekani aytiladi.

Malay yo‘lbarsi Malayziyaning Malak yarim oroli hududlarida uchraydi. Olimlar yo‘lbarsning bu turi 600 tadan 800 tani tashkil etishini ta’kidlashadi. Sumatra yo‘lbarsi esa 400–500 ta bo‘lib, asosan, Indoneziyaning Sumatra orolida yashaydi.

1977-yilda Xitoy hukumati yo‘lbarslarni ovlashni taqiqlovchi qonun qabul qildi. Biroq bu hujjat Janubiy Xitoy yo‘lbarslarini saqlab qololmadi. Ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramay, 1994-yilda eng oxirgi Janubiy Xitoy yo‘lbarsi o‘ldirildi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda bu tur yo‘lbarsning 59 tasi hayvonot bog‘larida saqlanayotgani aytilmoqda.

Eng oxirgi Bali yo‘lbarsi 1937-yilning 27-sentyabr kuni Sumbarkama orolining g‘arbiy qismida otib o‘ldirilgan. Mintaqamizda hayot kechirgan Turon yo‘lbarsini o‘tgan asrning 20-yillarida ham uchratish mumkin edi. Bu turning eng so‘nggisi 1970-yili Turkiyaning Xakkariul viloyatida o‘ldirilgan. Ha, yirtqichlardan-da yirtqichlar bor, deganlari bejiz emas.

Sharofiddin To‘laganov.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring