Prezident OIV infeksiyasi bo‘yicha yangi qarorni imzoladi
![Prezident OIV infeksiyasi bo‘yicha yangi qarorni imzoladi](https://static.xabaruz.com/crop/1/5/720_460_95_1537968803.jpg)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 22-iyun «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.
Unga ko‘ra, quyidagilar OIV-infeksiyasini profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash bo‘yicha aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirish va kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
— qon orqali yuqadigan infeksiyalarni profilaktika qilish sohasidagi davolash-profilaktika muassasalarining faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
— epidemiologik nazoratni, respublikada OIV-infeksiyasi tarqalishi va shifoxona ichki infeksiyalarining profilaktikasi nazorat qilinishini kuchaytirish;
— tibbiy asboblarni sterilizatsiya qilish va tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish funksiyalarini xususiy tuzilmalarga berish orqali
davlat tibbiyot muassasalarida davlat-xususiy sheriklikni bosqichma-bosqich joriy etish;
— davolash-profilaktika muassasalarini test-tizimlar va retrovirusga qarshi preparatlar bilan uzluksiz ta’minlash, shuningdek, respublikada OIV-infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida budjetdan ajratiladigan mablag‘lar miqdorini bosqichma-bosqich ko‘paytirish;
— OIV-infeksiyasini davolash va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilishda fan va texnikaning eng yangi yutuqlariga asoslangan innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llash;
— OIVni yuqtirib olgan shaxslarni kompleks tibbiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash ishlarini tashkil etish;
— OIV-infeksiyasini profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash bo‘yicha tibbiyot xodimlarining kasbiy bilimlari darajasini oshirish;
— davlat tibbiyot muassasalarining OIV-infeksiyasini profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash bilan shug‘ullanuvchi tibbiyot xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish;
— OITSga qarshi kurashish markazlari va OIV-infeksiyasi diagnostikasi bo‘yicha tumanlararo laboratoriyalarning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularni zamonaviy diagnostika va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash;
— xorijiy sohaviy muassasalar bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni yanada rivojlantirish.
Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda dastlabki bosqichda sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida tajriba loyihalarini joriy etishni, keyinchalik ijobiy tajribani respublikaning barcha mintaqalariga tarqatishni nazarda tutgan holda, tibbiy asboblarni sterilizatsiya qilish va tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish sohasida davlat-xususiy sheriklikni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi kerak.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, «O‘zbekenergo» AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda davolash-profilaktika muassasalari, jumladan, sterilizatsiya bo‘linmalari va operatsiya bloklarining suv, gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlanganligi holatini o‘rganib chiqib, rivojlanish davlat dasturlariga birinchi navbatda ularni kiritish yuzasidan har bir hudud kesimida takliflar tayyorlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter