«O‘zstandart» va «Artel»ning hamkorligini la’natlayman va qoralayman»
So‘nggi kunlarda Tvitter ijtimoiy tarmog‘idagi o‘zbek foydalanuvchilar orasida yangi trend mavzu paydo bo‘ldi: «O‘zstandart» va «Artel»ning hamkorligini la’natlayman va qoralayman».
«O‘zstandart» va «Artel» yaqindagina hisoblagichlar ishlab chiqarish va aholiga sotishda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib olgandi. Ko‘p joyda monopolligi aytilayotgan (buni Antimonopoliya qo‘mitasi rad etgan) «Artel» endi elektr hisoblagichlarga ham aralasha boshlagani yuzerlarga yoqmagan ko‘rinadi.
Bundan tashqari, foydalanuvchilar «O‘zstandart» tashabbusi bilan muhokamaga qo‘yilgan maishiy elektr texnikalarining importini cheklovchi qaror loyihasiga qoralash va la’natlash bilan javob qaytarmoqdalar.
Tvitterchilar yoppasiga «O‘zstandart» va «Artel»ning hamkorligini la’natlayman va qoralayman» iborasini yozishmoqda, layk bosishmoqda va retvit qilmoqda.
La’natlash va qoralash atamasi esa Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev «ijodi» hisoblanadi. O‘shanda hokim bilan bog‘liq pornografik suratlar tarqalib ketganini Rahmatullayev shunday izohlagandi.
«Artel» kompaniyasi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli edi. U hokim bo‘lgach, kompaniyadan ketganini, ammo ulushi saqlanib qolganini bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter