Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zining tavallud kunida o‘ldirilgan super yulduz

O‘zining tavallud kunida o‘ldirilgan super yulduz

Ahmad Zohir – afg‘on qo‘shiqchisi va bastakori. U 1946-yil 14-iyunda tug‘ilgan va oradan 33 yil o‘tib, 1979-yilda aynan tavallud kunida hayotdan ko‘z yumgan. «Afg‘on Elvisi» nomini olgan Ahmad Zohir mamlakatning barcha zamonlardagi eng mashhur xonandasi edi. U dari. pushtu tillarida kuylagan. Shuningdek, rus, urdu va inglizchada ijro etgan qo‘shiqlari ham mavjud. Milliy jamoatchilik radiosi (NPR) ma’lumotlariga ko‘ra, Ahmad Zohir tarixda xalqaro miqyosda o‘z izini qoldirgan 50 ta oltin ovozdan biri sifatida qayd etilgan.

Bosh vazirning o‘g‘li

Ahmad Zohir Afg‘onistonning Kobul shahrida etnik pushtunlar oilasida tavallud topgan. Otasi Abdul Zohir qirollik saroyi shifokori bo‘lib, 1971-1972-yillarda Afg‘oniston sog‘liqni saqlash vaziri va bosh vazir lavozimlarida ishlagan. U parlament spikeri va qirol Zohirshoh davridagi nufuzli shaxs bo‘lib, Afg‘onistonning 1964-yilgi Konstitutsiyasini yozishga yordam bergan.

Bo‘lajak qo‘shiqchi Kobuldagi Habibiya o‘rta maktabida o‘qidi. Bu dargohda «Habibiya o‘rta maktabining havaskor guruhi»ni tuzdi. Zohir akkordeon chalar, guruh yakkaxoni edi. Ular Navro‘z, Iyd ul-Fitr va Afg‘onistonning Mustaqillik kuni kabi bayram tadbirlarida qo‘shiq kuylashardi. Maktabni tugatgan Ahmad Zohir Doru’l-Muallimin («O‘qituvchilar kolleji»)da tahsil oldi. Keyin esa Hindistonda ingliz tili o‘qituvchisi sifatida ikki yil o‘qidi. U yerdan qaytgach, gazetaga jurnalist bo‘lib ishga kirdi. Ammo san’atga qiziqishi ustunlik qilib, tez orada birinchi albomi ustida ish boshladi. Afg‘on bastakorlari Naynavaz va Taranasaz bilan yaqindan hamkorlik qildi.

Bora-bora Ahmad Zohir Kobulda jo‘shqin ovozga ega iste’dodli xonanda sifatida katta shuhrat qozondi. Uning bariton ovozi va hayajonli xonishlari xalq tomonidan «Bulbul-e-Habibya», «Habibiya bulbuli» unvonini berilishiga sabab bo‘ldi. Qo‘shiqchi ijodida, asosan, xalq musiqasi, fors adabiyoti, hind klassik musiqasi va g‘arbning pop va rok uslublari uyg‘unlashgan edi.

Super yulduzlik

Zohirning debyut albomi Kobul radiosida yozilgan. Ikkinchi albomi uni nafaqat super yulduz darajasiga olib chiqdi, balki tanqidchilar tomonidan badiiy durdona sifatida ham olqishlandi. Zohirning albomi afg‘on ohangining asosiy elementlarini saqlab qolgan, juda mashhur va oson tushuniladigan lirik hamda musiqiy tilga ega edi.

Ahmad Zohir afg‘on musiqasi sahnasida 10 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, 30 dan ortiq albom yozdi. Bu dunyo miqyosidagi har qanday musiqa sanoatida noyob hodisa hisoblanadi. Albomlarning hammasi muvaffaqiyatli va barcha tomonidan keng qabul qilingan.

Zohir Afg‘onistonning ulug‘ qo‘shiqchisi Sarbondan keyin afg‘on musiqa uslubining rivojlanishida eng muhim rol o‘ynadi.

Savr inqilobidan so‘ng, Ahmad Zohir yangi kommunistik rejim rahbarlari tanqid qilingan uchta qo‘shiq yozdi. Shundan so‘ng ta’qibga uchragan degan gaplar yuradi.

Bevaqt o‘lim va mishmishlar

Ahmad Zohir 1979-yil 14-iyunda 33 yoshga to‘lgan kuni vafot etdi. Ommaviy axborot vositalarida uning Salang tunneli atrofida avtohalokat tufayli vafot etgani haqida xabar berilgan, lekin ba’zilar uning siyosiy qarashlari o‘sha davrdagi marksistik hukumatga zid bo‘lganligi sababli o‘ldirilganini da’vo qiladi. Go‘yoki xonanda yaqin do‘sti va ikki ayol sherigi tomonidan shahardan tashqariga chiqarilib o‘ldirilgan. Boshqalar, Ahmad Zohir katta siyosatchi Hafizulloh Aminning buyrug‘i bilan, Zohir va Aminning qizi o‘rtasidagi muhabbat tufayli o‘ldirilgan deb hisoblashadi.

O‘sha kuni Ahmad Zohir do‘stlari bilan mashinada Sapang dovoniga qarab yo‘l oladi va Chorikor tumanida avtohalokatga yo‘liqadi. U bilan birga bo‘lgan qo‘shiqchi do‘sti Mahbubulla Mahbub va boshqa oshnalari negadir tirik qolishgan, faqat Zohir o‘lgan.

Avtohalokatdan so‘ng uning jasadini ko‘zdan kechirgan tibbiyot xodimlari marhumning boshida o‘q tekkanga o‘xshash aylana yoriqni topishgan. Biroq bu ma’lumot o‘sha paytda jamoatchilikka oshkor qilinmay, oradan bir necha yil o‘tgach – Amin o‘lib, oila a’zolari Puli-Charxi qamoqxonasiga tashlangach, sizib chiqdi.

Kobulda Zohirning dafn marosimida katta olomon qatnashib, shahar ko‘chalarini to‘sib qo‘ygan va kundalik ishlarni to‘xtatgan.

Oilasi haqida

Mahbubulla Mahbub OAV vakillari oldida chiqish qilib, do‘sti Ahmad Zohirning o‘limiga aloqasi bo‘lganini qat’iyan inkor etdi. Vaholanki, Ahmad Zohir tengdoshlar davrasida tez-tez uning ustidan kulib yurgani aytiladi. Xalq orasida esa, Zohirning o‘limi Aminning yordamchisi Talun tomonidan rejalashtirilgani va ishlab chiqilgani haqida hozirgacha gap yuradi.

«Umr tez o‘tadi», deydi afg‘onlar. Vaqt millionlab marhumlarni odamlar xotirasidan o‘chirib tashlaydi, faqat Ahmad Zohir kabi mashhur insonlar yodga olinadi.

«RIA Novosti» ma’lumotlariga ko‘ra, Ahmad Zohirning singlisi bugun Amerikada istiqomat qiladi. Qo‘shiqchining xotini va o‘g‘li ham AQShda. Aytishlaricha, o‘g‘li Ahmad Zohirga ikki tomchi suvdek o‘xshash ekan. U otasi kabi qo‘shiq kuylab turadi, ammo juda kam.

80-yilning o‘rtalarida Kobul markazidagi Ahmad Zohir yashagan uyda sovet firmasi joylashgan edi. Keyin binoni sotib yuborishdi, ayni paytda u avtokonditsioner ustaxonasiga aylantirilgan.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring