Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekoziqovqatxolding» rahbariga Latviyadan maslahatchi tayinlandi

«O‘zbekoziqovqatxolding» rahbariga Latviyadan maslahatchi tayinlandi

Suratda o‘rtada

Foto: «Prestupnosti.NET»

Latviyaning sutni qayta ishlovchi mashhur «HANSA Food Comodities» kompaniyasining yetakchi mutaxassisi Yanis Skvarnovichs «O‘zbekoziqovqatxolding» XK boshqaruv raisi Tohirjon Jalilovning sutni qayta ishlash bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi.

Yanis Skvarnovichs Jizzax viloyatida barpo etilayotgan qattiq turdagi pishloq va boshqa sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik korxonaning qurilishida bevosita ishtirok etish bilan bir qatorda, sut sanoati sohasida faoliyat olib borayotgan korxonalar uchun seminar va treninglar o‘tkazadi.

Yurtimizga yevropalik mutaxassisning jalb etilishi bilan sutni qayta ishlovchi korxonalarda G‘arb tajribasi keng miqyosda tanishtiriladi, mahsulot sifati, hajmini oshirish va uning eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha maslahatlar beriladi.

Ma’lumot uchun, 58 yoshli Yanis Skvarnovichs oliy ma’lumotli agronom — ishlab chiqarishni boshqarish va tashkillashtirish mutaxassisi hisoblanadi.

1993-yildan «Tukuma Piens» (Tukumsdagi sut korxonasi) aksiyadorlik jamiyatiga boshqaruv raisi etib saylangan. Ushbu korxona yiliga 25-30 ming tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega sifatli sut mahsulotlari ishlab chiqaradi.

1999 – 2001-yillar davomida sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar manfaatini davlat oldida himoya qiluvchi Latviya sut ittifoqi boshqaruv raisi lavozimida faoliyat olib borish bilan bir qatorda aynan shu sohada Yevropa Ittifoqi standartlarini jalb qilish bo‘yicha mehnat qilgan.

2001 – 2006-yillarda Latviyaning sutni qayta ishlash bo‘yicha yetakchi hisoblanadigan «Rīgas piena kombināts» (Riga sut kombinati) aksionerlik uyushmasi boshqaruv raisi bo‘lgan.

2010 – 2014-yillarda «Eiroholdings» MChJ loyihalar departamenti direktori, Ozarbayjonda 500 bosh sog‘in sigirga mo‘ljallangan korxonani barpo etishda maslahatchi bo‘lib faoliyat olib bordi. Ukrainada bolalar ozuqasi bo‘yicha Baltika sut-konserva kombinatini faollashtirishda ishtirok etdi. Shuningdek, Rossiyaning Tver, Lipetsk va Smolensk shaharlarida joylashgan sutni ishlab chiqaruvchi va qayta ishlovchi korxonalarga maslahatchilik qilgan.

Yanis Skvarnovichsning ushbu sohadagi asosiy yutuqlaridan biri investitsiyaning umumiy hajmi 30 mln. yevro bo‘lgan Riga sut kombinatini qayta qurishda katta rol o‘ynagani bo‘ldi. Natijada ushbu korxonada kuniga 20 tonna tayyor pishloq ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Rossiyaning Novgorod shahridagi mahalliy sutni qayta ishlovchi korxonaning ishga tushirilishida o‘z tajribasi va maslahatlari bilan katta yordam berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring