O‘zbekistonda «sirli mijozlar» tayyorlanadi
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilingani to‘g‘risida xabar bergan edik.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda Milliy monitoring tizimi yaratiladi.
Shuningdek, ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yaxshilash, aholining davlat organlari faoliyatidan qoniqishi darajasini hamda ularning xodimlari kasbiy mahoratini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasining «davlat xizmatlarining sirli mijozi» institutini joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Qaror bilan quyidagilar belgilandi:
- «davlat xizmatlarining sirli mijozi» institutidan foydalanish doirasidagi chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etiladi;
- «davlat xizmatlarining sirli mijozi» institutidan foydalanishda huquqbuzarliklar va vakolatni suiiste’mol qilishga undovchi usullarni qo‘llash taqiqlanadi;
- «davlat xizmatlarining sirli mijozi» instituti ma’muriy tartib-qoidalar amalga oshirilishi qulayligi va davlat organlari, shuningdek, ularning xodimlari tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda normativ-huquqiy hujjatlar talablari, xodimlarning professionalligi va tezkorligi, ularning aholi bilan muomala qilish etiketi darajasini baholaydi;
- ma’lumotlarni yig‘ish uchun haqiqiy «mijoz» ko‘rinishida monitoringni amalga oshiruvchi xodimlar va boshqa shaxslar («sirli mijozlar»)dan foydalaniladi;
- «sirli mijoz» tomonidan monitoring nafaqat bevosita ob’yektlarga tashrif buyurishlar, balki monitoring amalga oshirilayotgan davlat xizmatlariga qarab boshqa vositalar (telefon qo‘ng‘iroqlari, elektron pochta orqali murojaat qilish va boshqalar) orqali ham amalga oshirilishi mumkin;
- «davlat xizmatlarining sirli mijozi» monitoringi natijalari shaxsiy bo‘lmagan shaklda rasmiylashtiriladi hamda qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish uchun tegishli davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan vazirlik va idoralarga majburiy tartibda ko‘rib chiqish uchun taqdimnomalar yuboriladi;
- «davlat xizmatlarining sirli mijozi» monitoringi natijalari tegishli davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan vazirlik hamda idoralar xodimlarini javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi va tavsiyaviy ko‘rinishga ega bo‘ladi;
- «davlat xizmatlarining sirli mijozi» instituti faoliyatini yuritish bilan bog‘liq xarajatlar Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter