Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oriyat (yaqin o‘tmish hikoyasi)

Oriyat (yaqin o‘tmish hikoyasi)

Ocharchilik zamonlar edi. Kunjara yeb shishib o‘lganni o‘shanda ko‘rgandim. Zamon qay tariqa o‘zgarmasin borda bor, yo‘qda yo‘q bo‘larkan bolam. Kimdir ochidan sillasi qurib yotgan mahalda yana kimningdir qozonida palov pishgani ham rost. Akam, otam, xo‘jam quloq qilinib olib ketilgan edilar. Erkaklardan birgina Akobirxo‘ja amakim qolgan, bir necha ro‘zg‘orga bosh bo‘lish o‘sha kishining zimmasida edi. Ma’lumingiz, o‘ziga to‘q, badavlat oila edik. Sovetlar mol-mulkimizni musodara qilgani bilan yo‘lini qilib eplab olib qolingani bor edi. Toshhovuz bizning xaloskorimiz bo‘lgan. Hovuzning devorini yoniga lahm kovlab o‘sha yerda qovurdoq qilingan qo‘ylarning xumlarga solingani, qopga solingan kepakli un, jo‘xori, arpa, tariq unlari, kallaqandlarni maydalab ko‘zachalarga solib yashirishgan ekan. Ora orada oz ozdan olib chiqishar edi kech, yarim kechda.

Xonadonimizda azaldan xizmatda bo‘lgan onaxon o‘sha kunlarda ham kelar edilar. Avval zamonlardagidek saxiyona pul berolmasakda, har holda o‘zlari ovqatlanib, nevaralariga va tul qolgan keliniga qolgan qutgan taom va nonlardan olib ketar edilar. Alloh u kishini rahmat qilgan bo‘lsin. Ozoda, pazanda, halol, pok inson edilar. Katta-kichigimiz ehtirom bilan Oyyanga deb chaqirar edik. Xizmatlari davomida uyimizdan bir chaqa ham yo‘qolmagan, bir xasimizga beruxsat tegmagan edilar. Bir kuni... Oh oypochojonimaaaa... Bir kuni yomon bir ish bo‘ldi. Oyyanga betob bo‘lib u kishining o‘rniga kelinlari keldilar xizmatga. Davr davroni kelganga boqib, sillasi quriganni jonini siqayotgani shundoqqina shu ayolning yuzida namoyon edi. Ozg‘in, rangpar, ko‘zlari kirtaygan bu qirqning nari berisidagi Istat ismli bu ayolning bir paytlar latofatli bo‘lganining izlarigina qolgan mungli chehrasi hamon ko‘z o‘ngimda. Ertalab shirchoy va tutmayiz berildi nonushtaga. Istat opa bizga xizmat qilib bir chekkaginaga borib cho‘nqaydilar.

– Kelin, o‘zingizga ham soling shirchoydan. Mana non, tutmayiz. Yeb oling. –buyurdilar Akobirxo‘ja amakimullom. Opa iymanibgina so‘ridan pastdagi sholchada nonushta qildilar. Qanchalik ochlik va yo‘qchilik bo‘lmasin beruxsat yemadilar va shosha-pisha yeb betarbiyatlik namoyon etmadilar. Nonushtadan keyin hamma o‘z ishi bilan bo‘ldi. Peshin, kechda ham vazifalarini ado etgan Istat opa rahmatlik qaynonam va yangaposhshom tugib bergan tugunchani olib qayta-qayta rahmat aytgancha xayrlashib uylariga ketdilar. Xuftondan so‘ng ayollar paxtadan chigit ajratib o‘tirganimizda yangaposhshom g‘alati alfozda gapirib qoldilar:

– Oyyanganing kelinlari berganimizdan boshqa yana tuguni bormidi? Ikkita tugun ko‘tarib ketdi. Biri kattagina... Hayronman... Hech nimasiz keluvdi shekilli?

Darhol taftishu tekshirishdan so‘ng bir sopol ko‘zachadagi asal va bir mo‘ndi(mo‘ndi – teridan tikilib atrofiga ip yoki mato o‘ralgan idish) charvi yog‘ savat ostidan yo‘qolib qolganini aytib qolishdi. Ertasiga betobroq bo‘lsalarda Oyyanganing o‘zlari keldilar va yangamiz kechagi voqeani ming istihola bilan  bayon qildilar.

– Oyyangajon, bu bir aniqlik kiritmak maqsadida so‘raldi. Aslo tuhmat, gumon qilinmagi niyatinda emas. Ravonu ro‘shan fahmingiz bilan bizni tushunasiz degan umidimiz bor, – deb so‘zlarini tugatdilar. Oyyanganing shusiz ham rangpar yuzlari yanada oqarib ketdi. Og‘izlari yarim ochilib angraygandek qarab turishlarisha rahmim kelib ichimda qarindoshlardan andak ranjidim. El-ulus sahar bir bo‘lak qotgan nonni shimib kunni peshinga yetqazadi. Namozishom mahali to‘rtta jiydami, g‘o‘linmi(o‘rik qoqi), tut mayizmi topgan topar, topmagan kunjara, harom et yeb jon saqlagan mahalda bu qilib turganlari to‘g‘rimi deya ranjidim.

– Oyposhshojon, oqshom Istat bir tugunchada yegulik, ikkinchisida o‘zining paxtalik nimchasini va shol ro‘molini tugib olib kirib bordi. Havo ilibroq qolganiga kiymadim dedi. Boshqa narsa olib bormadi, Xudo shohid!

Bir umr halol xizmat qilgan Oyyanga yosh boladek goh unga goh bunga javdirab qarar edilar.

– Man oldindan aytdima, oyyangajon? Gumon yoki shubha, o‘g‘ri tutishmas bu. Aniqlik kiritmoq xolos...

Yangaposhshom g‘alati chimirilib qo‘yganlaridan angladimki ular norizolikda. Taxminim to‘g‘ri chiqdi. Yangaposhshom Oyyangaga deyarli do‘q ohangida gapirdilar.

– Odam ishonadigan gap gapiring Oyyanga! Sizning deganingizga ishonar bo‘lsak u zamon yog‘-asal qay go‘rga ketibdur?! Odamlar ochidan o‘lib yotganda har hola salqitimiz bo‘lsada yetimlaringizni to‘ydirib turganiga shukru rahmatmi bu?!

Oyyanga lablari bolanikiday burilib yig‘lamoqdan badtar alpozda dedilar:

– Yetimlarimning boshidan qasam kelinposhshojon! Agar shularni olib borib nevaralarimga yedirar bo‘lsa ilohim og‘ziga olganidan to ertasiga yetmasin! Ilohi omin Allohu Akbar!

Og‘ir sukunat cho‘kdi. So‘z ortiqcha edi. O‘sha kuni Oyyanga xizmatda qolmadilar. Yig‘lab-yig‘lab ortlariga qaytib ketdilar. Ularning ortidan qarab qolgan barimizning ko‘nglimizda g‘ashlik, diydamizda yosh qoldi.

To hanuz yelkalari cho‘kib ketib borayotgan Oyyangam rahmatlikning yelkasiga yamoq solingan qavima choponlari, yirtiq kalishlari va eski tivit ro‘mollari ko‘z o‘ngimda. Kechga yaqin o‘lgur xumchayu mo‘ndi topilib turibtiku! Non sandiqning ichigamas ortiga qo‘yilgan ekan. Bir hafta kutdik. Oyyanga kelmadilar. Akobirxo‘ja amakimullom non, novvot, biroz yog‘ olib o‘zlari bordilar. Oyyanga kasal yotgan ekanlar. Ajriqning tomiriga kepak va kunjara, bedaning quruq bargini qo‘shib po‘tti(barcha masaliqlar aralashtirilib xamirday qoriladi va dumaloqlanib tandir  yoki tosh o‘choq devoriga yopiladi) qilib berayotgan ekan Istat kelin.

– Bir kungina ishga bormay o‘lay amakimullojon. Har na bolalarimning og‘zi oshga yetib turgan edi. Oyim yotib qolgandan beri topsak po‘tti, topmasak kepak qaynatib yeyapmiz, – deb  yig‘labdilar.

Amakimullom uzrimizni yetkazib xizmatga borishni tayin qilib qaytibtilar. Lekin baribir Oyyanga qaytib bizning uyga qadam bosmadilar. Buni oriyat  deydilar oypochojonim!

O‘ylamay aytilgan gap bir insonni kasal qilib sar bo takiya(boshi yostiqqa) qildi. To‘tamullom va yangaposhshom hafta, besh kunda imkon yuzasidan yegulik yuborib turishardi. Oyyanga rahmatlik betob bo‘lsalarda o‘rinlaridan turib kutib olar, xijolat bo‘lib yig‘lar ekanlar.Kambag‘al bo‘lsada oriyati osmon edi u zamonlar odamlarning...

Istat kelinning farzandlari toparman, tutarmon bo‘lib boyib ketishdi. Lekin har doim bizning oiladan kimni ko‘rishmasin qo‘l ko‘krakda ehtiromda bo‘lishadi. Ularning farzandlari, nabiralari ham hatto inchunin. Buni tuzga hurmat deydi qizim...

***

1903-yilda tug‘ilgan rahmatli Muyassarpocho Arslonxo‘ja qizi ya’ni Muyassar ammamullomiz bobomga, ya’ni onamning otalariga singil, onamga amma edilar. Katta yoshdagi qarindoshlar ammamullo deb, biz to‘tamullo deb chaqirar edik. Hofizayi Qur’on, Hadisi Quds, Chor Kitob, Fuzuliy, Lutfiyni deyarli yod bilur edilar.

Va biz ulardan shunday hikoyalarni eshitib ulg‘aydik... Bir sabab bo‘lib esimga tushdi. O‘sha sabab esa och maymunlar galasi yemish, bananga qanday chuvillab tashlanishsa odamlarning tekin muzqaymoq va ehsonlar tarqatilayotgan joyga shunaqa yopirilishganini ko‘rganim bo‘ldi. Mana bu xalqning ma’naviyati!..

P/S: Buxoro shahridagi Somoniylar istirohat bog‘iga nevaralarimni olib chiqdik 1 iyun kuni. U yerda ham tekin muzqaymoq, ehson va sovg‘alar tarqatildi. Lekin xalq yopirilmadi, talashmadi. Navbat bilan borib olishdi. Ba’zilar hatto o‘sha tomonga borishmadi ham... 1 iyundagi ba’zi mashmashalarni ko‘rib o‘z hamshaharlarim bilan faxrlanib qo‘ydim. Xursand bo‘ldim. Oyyangalarning avlodlari hali ham oriyatini yo‘qotmaganidan g‘ururlandim...

                                    Zeyl Leyla Mustafasayyar facebook sahifasidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring