Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Ma’naviyat kimga kerak – bozorchiga, yoshlarga...amaldorgachi?

Ma’naviyat kimga kerak – bozorchiga, yoshlarga...amaldorgachi?

Ma’naviyat shukr va sabr deganimi?

Bu haqda avval ham yozgan edim. Bilmadim ma’naviyat so‘zini va uning mohiyatini tushunib olgunimcha yana qancha yozaman.

Esingizdami bundan uch yillar oldin sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Elmira Bositxonova bir nutqida bozorchi xotinlarda ma’naviyat bo‘lmaydi, degan fikrni aytib malomatlarga qolib ketgandi. Shunda «Ma’rifat» targ‘ibot jamiyati a’zosi Feruza Azimova tanqidlarga munosabat o‘laroq shunday chiqish qilgan edi:

«Ma’naviyat» o‘zi nima va nima uchun kerak? Kim uchun kerak? Qachon va qayerda kerak? Ma’naviyat – ochlik, yo‘qchilikka go‘zal sabrni, jahlu nafsni tiyish va yengishni, xullas barcha illatlarga qarshi tura olishni ko‘rsatadi, o‘rgatadi. Uni chin ma’noda, borlig‘icha his qila olmaydiganlar, anglab yetmaganlargina inkor etadi, past baho beradi, ahamiyasiz ko‘radi.
E.Bositxonovaning ozgina silliqlanmasdan oshkor etilgan fikrida aynan «ma’naviyat» so‘zi ishtirok etgani uchun ham turlicha talqin etilmoqda, munozaraga uchramoqda. Jiddiyroq qaralsa, mamlakat xotin-qizlarining himoyachisi bo‘lgan bu rahbar ayol aslida «Bozorchi ayollarda ma’rifat yo‘q, ma’naviyat yo‘q. U bozorchi. Shu so‘zga mos bo‘lmasligi uchun Xotin-qizlar qo‘mitasi nima qildi? Men topshiriq berdim, bozorda Xotin-qizlar qo‘mitasining boshlang‘ich tashkilotini tuzasizlar, bozorda alohida xona qilib beradi. Bozorda ishlaydigan ayollarni o‘sha tashkilot xonasiga olib kirib, ma’rifiy suhbatlar o‘tkaziladi», deya o‘ziga xos va mos tashabbus bilan chiqqanligining nimasi yomon, qo‘rqinchli va vahimali. Ushbu fikrlar bilan xuddiki, mamlakat bozorlarini sel bosdi... Jiddiyroq, tahliliy qaralsa, bunday yondashuvga ehtiyoj va zarurat yuqori ham hatto».

Biz ham ma’naviyatga ehtiyoj yuqori ekanligini inkor qilmaymiz, ammo ma’naviyat faqat bozorchi ayollarga kerakmi edi? Qolaversa, ushbu tashabbus bozorlarda qanday davom ettirilmoqda?
Mayli, ma’naviyatli inson qotillik qilmaydi, shuning uchun ham ma’naviyatli bo‘lmoq kerak degan g‘oyani ilgari suraylik, lekin biz ma’naviyat deb qancha ko‘p gapirganimiz bilan qotilliklar kamaymayapti.

To‘g‘ri, ma’naviyatli odam boriga qanoat qiladi, shukr qiladi. Lekin adolatsizlikka shukr qila oladimi? Agar u rostdan ham ma’naviyati yetuk inson bo‘lsa? Mindey o‘ylab qarasam ma’naviyat faqat oddiy xalq uchun kerakdek. Odiy xalq sabr qilishi kerak, oddiy xalq shukr qilishi kerak, oddiy xalq yaxshi yashash uchun yo‘l qidirishi kerak.

Biz yosh bo‘lmaganmizmi?

Juda ko‘p kuzatamiz. Ko‘chada bironta odam nojoiz qiliq qilsa darrov ma’naviyatchilar bong uradi. Ma’naviyat targ‘iboti kuchaygan paytlar «chirigan g‘arb» degan tushunchalar ma’naviyat so‘zi bilan yonma-yon turdi. Ma’naviyat targ‘ibotchilari o‘z chiqishlarida «chirigan g‘arb»dagi yot unsurlarni yoshlar ongidan tozalashmoqchi bo‘ldi. Ya’niki, turli baqir-chaqirlardan iborat qo‘shiqlarni aytmaslik, milliyligimizga mos bo‘lmagan kiyimlarni kiymaslik, o‘zgacha fikrlamaslik, doimo itoatda bo‘lish singdirildi, singdirildiki oqibatda mustaqil fikrlaydigan yosh avlodni yo‘qotdik yoki haddan ortiq o‘zgacha bo‘lishga intilish kuchaydi. Yana «ma’naviyat» deganda faqat bitta narsani tushundik, bir xil kiyingan yoshlar, qo‘li ko‘ksida yoshlar, sipo yoshlar... «Chirigan g‘arb» deganda sochini o‘stirgan yoshlar, yirtiq shim kiygan yoshlar, baqir-chaqir qilib qo‘shiq aytadigan yoshlar, sochini allambalo turmaklaydigan yoshlar. Go‘yoki biz yoshlarimizda shu narsalarni chegaralasak hayotimiz chiroyli bo‘ladi, go‘yoki biz yosh bo‘lmaganmiz. Haddan ortiq ularning o‘tkinchi o‘zgachaligini chegaralashga kirishib ketganimizdan asosiy e’tibor beradigan jihatlarimiz unutildi. Qisqaroq qilib aytganda, jamiyatning chirkin tomonlarini, vijdonsizlikni, nohalollikni sipolik ortiga yashirmoqchidek bo‘ldik. Va bu yondashuv g‘arbga nisbatan, g‘arb hayotiga nisbatan odamlarda nafratni uyg‘otdi. Lekin bugun internet imkoniyatlari tufayli ko‘rayapmizki, g‘arbda kerak bo‘lsa bizdan odamiyroq, bizdan insoniyroq odamlar ham ko‘p ekan. Ayniqsa, qonun ustuvorligi, inson omili tamoili ustun ekanligini ko‘rdik. Va aynan ma’naviyatchilar aytgan «chirigan g‘arb» rivojlangan davlat ekanligi «fosh» bo‘lgach, ehtimol ma’naviyat so‘zi o‘z qadrini yo‘qota boshlagandi.

Ma’naviyat targ‘ibotchilari nimani unutdi?

«Ma’naviyat va ma’rifat» markazining ish faoliyatini saytiga kirib kuzatsangiz ma’naviyatni targ‘ib qilishda kitobxonlikka ko‘proq urg‘u berganini ko‘rishingiz mumkin. Ulug‘ allomalarning tug‘ilgan kunlari, masalan, «Bahor keldi seni so‘roqlab», «Davlat ramzlariga hurmatsizlik jamoatchilikda norozilik uyg‘otdi», «Zahiriddin Muhammad Boburga ehtirom»... barchasi mana shunday ruhdagi tadbirlar. Bunday yondashuv maktablarda, maktab darsliklarida ham bor. Demak, ma’naviyat deb bong urganimiz bilan uning tub mohiyatini anglab yeta olmayotganimizga sabab yondashuv noto‘g‘ri. Ma’naviyatchilar kirib borayotgan auditoriya noto‘g‘ri. Masalan, har bir o‘quv dargohida, umuman olganda, har bir idorada ma’naviyat xodimi ishlaydi. Aytaylik, oliy ta’lim muassasalarida «ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor», maktablarda «ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari», degan lavozimlar bor. Agar ma’naviyatchilar rostdan ham yaxshi ishlasa o‘sha oliygohda poraxo‘r bo‘lmasligi kerak. Axir qiyofa risoladagidek bo‘lib ichki dunyo tarbiyalanmay qolsachi? Ma’naviyatchilarimiz unutgan narsa aynan mana shu insonning ichki qiyofasi. Insonning vijdonsiz, haromdan qo‘rqmaydigan bo‘lishi uning ichki qiyofasini ko‘rsatadi, ichki qiyofaning bu ko‘rinishi tashqi qiyofadan ko‘ra zararliroq.

Lukizm

Qiziq parodoks. Ma’naviyatchilar hammadan bir xillikni talab qilish orqali masalan, yirtiq shim kiygan odam yomon, sochini turli rangga bo‘yagan odam yomon, degan fikrlarni aytish asnosida lukizm, ya’ni odamlarning qiyofasiga qarab muomala qilishga o‘rgatdi. Aslida haqiqiy komil inson (ma’naviyatli) boshqalarning kiyimi, sochi bilan ishi bo‘lmasligi uning qalbini birinchi o‘ringa qo‘yishi kerak. Ammo bizda aksi bo‘ldi, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz odamlarda sal o‘zgacharoq kiyingan yoki o‘zgacharoq qiyofadagi odamlarning san’ati, ish faoliyati, iqtidori emas, qiyofasi tanqid toshlari ostida qolib ketmoqda. Bu esa lukizm, deyiladi. Ya’ni insonni faqat qiyofasiga qarab baholash, yirtiq shim kiydimi demak yomon odam, sakrab raqsga tushdimi demak yomon odam... yana qaytarib aytaman poraxo‘r amaldorlarning, ba’zi poraxo‘r maktab direktorining, poraxo‘r domlaning barchasi juda tartibli va me’yorida kiyinadi.

Ma’naviyatli inson vatanparvar bo‘ladi(mi)

Vatanparvar degan tushunchamiz ham o‘zimizga xosu mos. Ya’ni har qanday sharoitdayam vatanni tashlab ketmaslik. Bu xuddi urush davrida oddiy askarlarni old qatorga qo‘yishdek gap. Vatanni sevish haqida ko‘p gapirishadi, ammo vatandan bezdirayotgan bema’naviyat yulg‘ichlar, adolatsizliklar haqida umuman gapirishmaydi. Go‘yoki O‘zbekistonda xalqning hayotini real yaxshilashdan ko‘ra, ma’naviyat degan g‘oyaviy qurol orqali vatanni sevishga o‘rgatishmoqchidek.

Ma’naviyatchilar tungi klublarni ishg‘ol qilishi mumkin, bozorlardagi ayollar og‘zini poylashi mumkin, biz ma’naviyat deganda faqatgina shu narsalarni tushunib qoldik, ma’naviyatni har joyga tiqib shu qadar siyqasini chiqarishdiki... Ammo ma’lum qavm borki umuman ularga ma’naviyat tegishli emasdek. «Ma’naviyat bir chetga surib qo‘yilsa, – deydi bir maqolasida taniqli jurnalist Ahmadjon Meliboyev – yangi boylar xayr-sahovat, muruvvat yo‘lini qo‘yib, hoyu havasga, tuturiqsiz xarajatlarga beriladilar, bema’ni urf-odatlarni o‘ylab topadilar va shu ishlari bilan nom qozonadilar. Dunyo dunyo bo‘lib, pul, boylik yuzaga kelganidan beri hech bir boyvachcha «Bo‘ldi, mol-mulkim oshib-toshib ketdi, boshqalarga ham qolsin», degan emas. Ma’naviyatli kishi, agar uning atigi bir kunlik rizqidan boshqa hech vaqosi bo‘lmasa ham, shukr qiladi, shu rizqni og‘ziga solayotib, boshqalar to‘g‘risida ham o‘ylaydi. Bundan anglashiladigan xulosa shuki, endilikda dunyoni kuch, boylik, qurol-yarog‘, do‘q-po‘pisa emas, imon-e’tiqod, fahm-farosat, aql-idrok, ta’lim-tarbiya bilan mujassamlashgan ma’naviyat qutqaradi.»

Mana endi muddaoga yetib keldik. Ya’ni milliard-milliard pullarni o‘marayotgan talon-tarojchilar asl ma’naviyasizlardir. Vaholanki, ularning birontasi sochini sariqqa bo‘yamaydi, jamoatchilik joyida xoxolab kulmaydi, yoki to‘ylarda sakrab-sakrab o‘ynamaydi, sipo ko‘rinadi, sipo kiyinadi, ammo poraxo‘r –dang‘illatib to‘y qiladi, farzandini pora evaziga o‘qitadi. Ma’naviyatchilar tomonidan go‘yoki bunday tekis va silliq odamlar yomon ishlar bilan shug‘ullanmaydi, degan pismiq g‘oyani ong ostimizga tiqishtirildiki, oqibati hamon odamlarning o‘zgacha kiyimini muhokama qilishdan bo‘shamayapmiz.

Bizda mahalla degan tizim bor, qadriyatlar beshigisan mahalla, deyishadi. O‘sha mahalla faollari yoshlarning yurish-turishini nazorat qiladi, ya’ni yoshlarni ma’naviyatga chorlamoqchi bo‘lishadi. Ammo ko‘chada sal o‘zgacharoq kiyingan yosh ma’naviyasizmi yoki sipo, chegaradan chiqmay kiyingan bo‘lsa-da xalqning pulini talon-taroj qilayotgan mahalla raisi ma’naviyasizmi, kiyinishi o‘zining shaxsiy ishi bo‘lgan o‘sha yosh xafliroqmi yoki xalqning haqqi bo‘lgan pulni o‘margan mo‘mingina, qobilgina, tartibli kiyingan mahalla raisimi?

Ma’naviy haq nima?

Tasavvur qiling talabalardan ma’naviyatli bo‘lish talab qilinadiyu ammo domla pora so‘raydi, talaba pora bilan o‘qishga kirgan bo‘ladi, pul bersa bahosini oladi. G‘urbatlardan bezibalohida yashashni istagan er-xotinga mahallani talon-taroj qilayotgan raisning nasihat o‘qishga haqqi bormi?
Masalan, yo‘l tuzatilishi kerak bo‘lgan pulni talon-taroj qilinganini ko‘rib turgan ma’naviyatchi yoshlarga to‘g‘riso‘zlik va halollik haqida gapirishga-chi? Yoki sadoqat haqida gapirayotgan amaldor o‘zi poraxo‘rlik qilib xoinlik qilayaptimi, uning ham ma’naviy haqqi yo‘q. Yoki ma’anaviyat haqida gapirib turgan odam o‘zi dang‘illatib to‘y qilayaptimi, ma’naviyat haqida gapirishga haqqi yo‘q. Umuman, yoshlarga ma’naviyat haqida gapirishdan oldin har bir mas’ul shaxs o‘z ma’naviyati haqida o‘ylab ko‘rsa ma’naviyat so‘zining toshi bo‘larmidi?
Ma’naviyat nima degan savolga har kim har xil javob beradi. Kimdir qadriyat deydi, kimdir odob-axloq, yana kimdir ajdodlarimizdan qolgan meros deydi... lekin haligacha ma’naviyat qayerda ishlaydi, qayerda ishlamaydi mana shu savolga javob yo‘q. Va meni o‘ylantiradigani nega har bir ishxonada ma’naviyat bilan ishlaydigan xodimlari bo‘la turib poraxo‘rlik avj olmoqda,tanish-bilishlik kuchaymoqda, xalq mulkini o‘zlashtirmoqda va negadir o‘sha yerdagi ma’naviyatchilar bu jinoyatlarni ko‘rib gung va kar. Birorta ma’naviyatchi birorta poraxo‘rni yoki jinoyatchini qing‘ir yo‘ldan qaytara olmayaptimi ma’naviyat haqida ma’ruza o‘qishga haqqi yo‘q. «Ma’naviyat asoslari» kitobida ma’naviyat inson ruhiy va aqliy olamini ifodalovchi tushuncha, deb belgilangan. Yana u kishilarning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, axloqiy, diniy tasavvurlarini o‘z ichiga oladi, deyilgan ekan.

Siz hamma joyda bo‘lishingiz kerak

Demak, siz ma’naviyatchilar ayollar, bolalar, o‘smirlar bilangina shug‘ullanmang! Siz poraxo‘rlarni to‘xtating, siz axloqi buzuq o‘zidan bloger kashf qilib yoshlarni orqasidan ergashtirayotgan«din voiz»larini to‘xtating, siz televideniyelarda ma’ni- mazasi yo‘q seriallarni ishlab chiqarayotgan serialchilarni to‘xtating, xorijga oilaviy ishlashga ketayotgan migrantlarni to‘xtating.Loaqal o‘zingiz ishlayotgan tashkilotdagi birorta mansabdor poraxo‘rni to‘xtating. Agar siz ishlayotgan joyda bizning qolipdan sal chiqib boshqacha kiyingan, ammo o‘zi yurish turishi, halolligi bilan e’tibor qozongan bo‘lsa o‘sha odamni boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsating. Kiyimi-chi deysizmi, kiyinishini o‘z holiga qo‘ying, o‘zining shaxsiy ishi, lekin uning halolligi, vijdonliligi dunyolarga tatiydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring