Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘n yil o‘tib qizlar olamida nima o‘zgardi?

O‘n yil o‘tib qizlar olamida nima o‘zgardi?

2011-yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida «Xalqaro qizlar kuni»ni nishonlash bo‘yicha rezolyusiya qabul qilingandi. O‘shandan beri har yili 11 oktyabr — «Xalqaro qizlar kuni» sifatida nishonlanadi.

Ayollar va qizlarning huquqlarini himoya qilishga chaqiriq ilk marta 1995-yili, Ayollar bo‘yicha Butunjahon konferensiyasida Pekin deklaratsiyasi bilan erishilgan. Dunyo tarixida o‘smir qizlar duch keladigan muammolarni hal qilish zarurligi qayd etilgan birinchi loyiha edi.

Xalqaro qizlar kuni «Plan International» nodavlat xalqaro tashkilotining loyihasi bo‘lib, «Chunki men qizman» aksiyasi doirasida boshlangan. Bu dunyoning 70 ga yaqin mamlakatlarida ishlaydi. Loyiha ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda qizlarni tarbiyalash, ularning huquqlarini ta’minlash va qashshoqlikdan olib chiqish uchun mo‘ljallangan.

Birinchi Xalqaro Qizlar kunidan o‘n yil o‘tdi, bu orada tadqiqotlar qilindi. Xo‘sh, o‘n yil ichida qizlarning dunyosida nimalar o‘zgardi? Qizlarning hayoti, shubhasiz, ko‘p jihatdan yaxshilangan bo‘lsa-da, ular hali ham ta’lim, jismoniy va ruhiy salomatlik, zo‘ravonliksiz hayot uchun zarur bo‘lgan himoya bilan bog‘liq misli ko‘rilmagan muammolarga duch kelishmoqda.  

O‘n yil avvalgidan ko‘ra bugun ko‘proq qizlar o‘rta maktabni tamomlamoqda, ammo juda sekinlik bilan. 2012 yildan 2020 yilgacha o‘rta maktabni tamomlagan qizlar ulushi 69 foizdan 77 foizga, to‘liq o‘rta maktabni tamomlagan qizlar ulushi esa 49 foizdan 59 foizga ko‘tarildi.

Ammo bu shuni anglatadiki, butun dunyo bo‘ylab deyarli har 5 qizdan 1 nafari hali ham o‘rta maktabda o‘qish imkoniyatidan mahrum va har 10 qizdan 4 nafari bugungi kunda to‘liq o‘rta maktabni tamomlamayapti. Ayrim hududlarda esa bu raqamlar yanada ayanchli. Misol uchun, so‘nggi 10 yil ichida to‘liq o‘rta maktabni tamomlagan qizlar ulushi atigi 2 foizga oshgan. Sharqiy va Janubiy Afrikada har 5 qizdan 1 nafari to‘liq o‘rta maktabni tamomlagan. Janubiy Osiyoda ko‘proq taraqqiyot kuzatilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda mintaqadagi qizlarning faqat yarmi maktabni tamomlaydi.

Dunyo bo‘ylab o‘smir qizlarning farzand ko‘rishi kamaymoqda. O‘smirlik davridagi homiladorlik qizlar, ularning go‘daklari va umuman jamiyatning salomatligi, farovonligi uchun bir qator salbiy oqibatlarga olib keladi. Dunyo miqyosida 15 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan o‘smir qizlar o‘limining ikkinchi asosiy sababi — qon ketishi, sepsis va tug‘ruqqa tayyor bo‘lmagan organizmdir. Butun dunyo bo‘ylab o‘smirlarning tug‘ruq koeffitsiyenti 2012 yildan buyon 15-19 yoshdagi 1000 nafar o‘smir qizga nisbatan 51 tadan 42 tagacha kamaydi. Rivojlanmagan mamlakatlarda ham o‘sish kuzatilmagan bo‘lsa-da, bu mamlakatlarda o‘smirlar homiladorligi koeffitsiyenti dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘proq. Bugungi kunda har 1000 qizga 94 ta homiladorlik to‘g‘ri keladi. Butun dunyo bo‘ylab o‘smirlar homiladorligining eng yuqori yuki bo‘lgan Afrikaning Sahroi Kabir mintaqasida – 15-19 yoshli har 100 qizdan 10 nafari tug‘adi...

Qizlarning oilani rejalashtirish imkoniyatlari oshgan bo‘lsa-da, ko‘pchilikning talablari hamon qondirilmagan.

Ko‘pgina o‘smir qizlar uchun homiladorlik rejalashtirilmagan. O‘smirlik davridagi homiladorlik, ayniqsa nikohdan tashqari, qizlarning stigma, ijtimoiy izolyasiyaga olib kelishi va ularning maktabni tashlab ketish, majburiy turmush qurish xavfini oshirishi mumkin.

2012 yildan buyon o‘smir qizlarning oilani rejalashtirishga bo‘lgan talablarini zamonaviy usullar bilan qondirish bo‘yicha global taraqqiyot sekin kechdi – 55 foizdan 60 foizga ko‘tarildi. Demak, homilador bo‘lmaslikni istagan 15-19 yoshdagi har 10 nafar o‘smir qizdan 4 nafari zamonaviy usuldan foydalanmayapti.  

O‘smir qizlar o‘rtasida OIV infeksiyalari ulushi so‘nggi o‘n yil ichida 33 foizga kamaydi, biroq o‘smirlar o‘rtasida yangi infeksiyalarning aksariyati hali ham qizlar orasida uchraydi.

OIV epidemiyasining asosiy omillari qizlarni noqulay ahvolga soladigan gender tengsizliklarining keng doirasi, jumladan, erta va majburiy turmush qurish, zo‘ravonlik, xizmatlar va ma’lumotlardan foydalanishning tengsizligi, muzokaralar uchun kuch va iqtisodiy avtonomiyaning yo‘qligi ta’sir ko‘rsatadi.

Dunyo miqyosida 2012 yildan buyon o‘smir qizlar o‘rtasida OIV infeksiyalari soni uchdan bir qismga kamaydi, ya’ni bugungi kunda 180 000 dan 60 000 gacha. Afrikaning Sahroi Kabirida, bugungi kunda o‘smir o‘g‘il bolalarga nisbatan OIV bilan kasallangan o‘spirin qizlar soni qariyb 6 baravar ko‘p.

Erta nikoh kamroq sodir bo‘lmoqda, biroq millionlab qizlar bolaligida turmushga chiqish xavfi ostida qolmoqda.

Erta nikoh qizlarning bolaligini o‘g‘irlaydi va ularning hayotda o‘z yo‘nalishini belgilashdan mahrum qiladi. So‘nggi o‘n yil ichida dunyo miqyosida bolaligida turmushga chiqqan yosh ayollarning ulushi 23 foizdan 19 foizga kamaydi. Janubiy Osiyo bu davrda eng ko‘p taraqqiyotga erishdi, bu yerda qizlarning o‘smirligida turmushga chiqish xavfi 46 foizdan 28 foizga kamayishga erishildi.

Raqamlar bizga taraqqiyotga erishish mumkinligini ko‘rsatadi va ko‘plab sohalarda bugungi qizlar o‘n yil oldingiga qaraganda yaxshiroq ahvolda. Ammo raqamlar ham jadal harakat zarurligini aytadi. Iqlim o‘zgarishi, qurolli to‘qnashuvlar va COVID-19 pandemiyasi bilan bir vaqtda yuzaga kelgan inqiroz sharoitida qizlarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun ta’lim, sog‘liqni saqlash, himoya va boshqa sohalarga ko‘paygan resurslar va investitsiyalar talab etiladi.

YuNICYeFning «O‘smir qizlar» dasturining yangi strategiyasida bunday dasturlarni jadallashtirish rejasi bayon etilgan.

Bu yilgi Xalqaro qizlar kunini nishonlash uchun Nigeriyada qizlar o‘zaro muloqotda bo‘ladigan, o‘z muammolari bilan o‘rtoqlashadigan va gender tengligi yo‘lida harakat qilishga chaqiradigan ko‘p madaniyatli, avlodlararo muhim tadbir bo‘lgan «Qizlar Sammiti» o‘tkaziladi. 12 va 13 oktyabr kunlari Abujada bo‘lib o‘tadigan tadbirda siyosat, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati tashkilotlaridan manfaatdor tomonlar, shuningdek faollar va ta’sir o‘tkazuvchilar bilan birga dunyoning turli burchaklaridan qizlar ishtirok etadilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring