Mutaxassis AES va Tuzkon ko‘li bilan bog‘liq ikki muammoni o‘rtaga tashladi
Rossiya elchisi Oleg Malginov OAV bilan suhbatda AES qurish loyihasini amalga oshirishda «texnik masalalar bo‘yicha muayyan qiyinchiliklar» borligini ta’kidladi.
«Bu yerda ko‘plab texnik savollar tug‘ildi. Avvaliga reaktor uchun faqat bitta reja bor edi, ammo boshqa olimlarning fikricha, bu yerda suv bilan bog‘liq vaziyat har doim ham shunday emas, balki boshqa turdagi reaktor o‘rnatilishi kerakdir», — dedi Oleg Malginov. «Bu ham hal qilinmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.
Mutaxassis Erkin Abdulahatov mazkur loyiha bo‘yicha ayrim xavotirlarini bildirdi.
«Darhaqiqat, atom elektr stansiyasi reaktorlarini sovutishda suv bilan bog‘liq ikki masala yechilishi lozim. Bu haqida yuqorida yozganman.
Birinchisi, sovutishda ishtirok etadigan suv manbai harorati. Esingizda bo‘lsa, 2019-yil Yevropada kuzatilgan anomal issiq havo to‘lqini Yevropaning bir necha davlatlaridagi AESlar faoliyatini bir muddat to‘xtatishga olib kelgan. Bizning yozlarda esa anomal issiqlar quruq va davomli bo‘lishi bilan boshqa Yevropadagi jaziramadan farq qiladi. Bunda cho‘llarda tuproq sirti +80 darajagacha isiydi, tabiiyki, suv ob’yektlaridagi suv harorati ham yuqorilab ketadi.
Ikkinchisi, oxirgi paytlar «Aydar-Arnasoy» ko‘llar tizimida bug‘lanish omili hisobiga, suv hajmi kamayayotgani kuzatilmoqda. Buning fonida kelajakda yuqoridagi ko‘llar tizimining bir bo‘lagi «Tuzkon» ko‘lida ham suv zaxirasi barqaror bir xil sathda bo‘lmaslik xavotirlarni kuchaytiradi. Uning ustiga bug‘lanish omili suv tarkibida minerallashuvni karrasiga oshirayotgani ham AES reaktorlari faoliyatini chigallashtirishi mumkin»,— deyiladi munosabatda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter