Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Musulmonlar idorasi Isoqjon Begmatovning soliqlar va «keshbek» haqidagi chiqishiga munosabat bildirdi

Musulmonlar idorasi Isoqjon Begmatovning soliqlar va «keshbek» haqidagi chiqishiga munosabat bildirdi

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Isoqjon Begmatovning ijtimoiy tarmoqdagi chiqishi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Shu yil 24 avgust kuni Toshkent shahridagi «Imom Termiziy» jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatovning soliqlar va «keshbek» ilovalaridan foydalanish to‘g‘risidagi o‘zboshimchalik ila qilgan chiqishi keskin munozaralarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, savdo bilan shug‘ullanganlik uchun soliq to‘lash, kassa apparati ishlatish va «keshbek» ilovalarini joriy etish haqidagi imom-xatibning chiqishiga haqli e’tirozlar bildirildi.

Ta’kidlash kerakki, I.Begmatovning mazkur qarashlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi munosabatini mutlaqo ifoda etmaydi, balki uning o‘zboshimchalik ila aytgan shaxsiy fikridir. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi tomonidan ushbu faoliyat turi batafsil o‘rganilib, «Keshbek» kabi ilovalar orqali kelib tushadigan mablag‘, mukofot yoki bonus joizligi haqida avvallari ikki marta fatvo berilgan. Bunda g‘arar (aldov) va ribo aralashmasligi shart qilingan.

Haqiqatan, soliq iqtisodiyot asoslaridan biri bo‘lib, ijtimoiy himoya, xayriya ishlari, bog‘cha, maktab, mudofaa kabi aholi uchun zarur ob’yektlarni moliyalashtirish, shuningdek, yo‘l, ko‘prik va shifoxona singari ko‘pchilikka muhim inshootlarni qurish hamda pensiya, nafaqalar soliq tushumlari hisobidan amalga oshiriladi.

Zero, soliqlar har bir zamon va makonda mavjud bo‘lgan. Islom dinida ixtiyoriy xayriyalarga hadya, sadaqa kabilar kirsa, majburiylari qatoriga zakot, ushr, fitr sadaqa, fidya va jizya kabilar kiradi. Islom tarixida ham mana shunday yig‘imlar hukumat ishlarini yuritish, yordamga muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash, xavfsizlikni ta’minlash, ko‘prik va shu kabi insonlarga manfaat keltiradigan inshootlarni barpo etishga sarflangan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini qonunchilik talablariga hurmat bilan yondoshishga muntazam chaqiradi. Jumladan, xalq manfaati va mamlakat taraqqiyotini ko‘zlab, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni doim qo‘llab-quvvatlaydi.

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan avval ijroga yo‘naltirilgan hujjatlarda imom-domlalar amaldagi qonunchilik talablariga rioya etishlari, islohotlarni qo‘llab-quvvatlashlari, mehnat majburiyatlariga amal qilishlari hamda munozaraga sabab bo‘luvchi chiqishlar qilmasliklari qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Afsuski, Isoqjon Begmatov mazkur chiqishida me’yoriy hujjatlar talablarini buzib, ushbu yo‘nalishdagi buyruqlar, ichki tartib qoidalar hamda mehnat majburiyatlariga amal qilmagani ma’lum bo‘ldi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ichki nazorat komissiyasi shu yil 25 avgust kuni Toshkent shahridagi «Imom Termiziy» jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatov xatti-harakatini ko‘rib chiqadi, deyiladi munosabatda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring