Mulohaza: poytaxtda Sharof Rashidov uy-muzeyini ochish vaqti kelmadimi?
Bu maqolani yozishdan avval ko‘p o‘ylandim. Oxiri qo‘limga qalam oldim. Yozmasam, ko‘nglimda armon bo‘lib qolishi aniq. So‘zim O‘zbekistonni qariyb chorak asr boshqargan Sharof Rashidov uy-muzeyini Toshkentda ochish haqida. To‘g‘ri, atoqli adib, siyosatchi, diplomatning Jizzaxda munosib uy-muzeyi faoliyat ko‘rsatmoqda. Lekin Toshkent bilan Jizzax oralig‘i ancha masofa! Qolaversa, Sharof Rashidov o‘ttiz yildan ortiq poytaxtimizda istiqomat qilgan.
Zamon o‘zgardi. Odamlar o‘zgarmoqda. Hayotimiz bu qadar yaxshilanishini bundan o‘n yil avval tasavvur ham qilib bo‘lmasdi. Albatta, bunda birinchi galda istiqlolning o‘rni katta. U bizga erk, o‘zligimizni anglash huquqini baxsh etdi.
Endi asosiy mavzuga qaytsak. Yaqinda «Niyozbek yo‘li» ko‘chasida aylanib, S.Yesenin, S.Borodin uy-muzeylariga bordim. Har ikkisida o‘tkaziladigan turli tadbirlarda qatnashib turaman. Ular doim qiziquvchilar uchun ochiq.
Shu ko‘chaning boshida Sharof Rashidov va Hamid Olimjon yashagan uylar bir-biriga yaqin joylashgan. Marmartoshdagi «Bu yerda 1931 – 1941-yillarda Hamid Olimjon yashab ijod etgan» degan yozuvni o‘qib, atrofga qaraysiz. Naq xaroba! Uyda yashaguvchilar bor. Lekin...
So‘ng Sharof Rashidov yashagan uy oldiga bordim. Tekis o‘sgan ikki chinor savlat to‘kib turibdi. Yon tarafidagi eshikka «Nogironlar jamiyati» deb yozilgan. Chinorlar esa o‘z savlati bilan xonadon egasini eslatadi. Baland, tanasi tekis, tikka, chiroyli. Bino eshigiga «Sharofobod» deb ko‘cha nomi yozilgan. O‘ylanib qoldim. Ko‘chaning bu yuzida 43-sonli maktab. O‘zimcha ko‘chadan o‘tgan-ketganlarni, o‘quvchi-yoshlarni savolga tutdim. «Bu uyda kim yashagan?» O‘n-o‘n besh kishidan birgina ayol to‘g‘ri javob berdi: «Sharof aka yashaganlar».
Qalbimda o‘kinch paydo bo‘ldi. Axir bu insonning xalqimizga qilgan mehnatlari, yurt ravnaqiga qo‘shgan hissalari ozmunchami? Tavalludining yuz yilligi arafasida Jizzaxda Sharof Rashidovga haykal o‘rnatildi. Katta muzey ochildi. Shubhasiz, xalqparvar rahbar, san’at va madaniyat fidoyisining hayot yo‘li yoshlarimizga, jumladan, Toshkentda istiqomat qiluvchi yigit-qizlarga ham ibrat bo‘lgulik. Ularda har doim ham Jizzaxga borib kelish imkoni bo‘lmaydi-ku. Yoshlar Toshkent metrosini kim qurgani, tashabbuskori kim bo‘lganini bilsalar foydadan xoli bo‘lmas. Yoki yuzlab bemorlar shifo topayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot Bosh boshqarmasining birinchi va ikkinchi markaziy klinik shifoxonasining binolari, «Xalqlar do‘stligi» saroyi, «Qibray» sihatgohi binosi, 16 qavatli soatli «Matbuotchilar uyi» kabi e’tiborga molik joylar xalqimizga Sharof Rashidovdan yodgorlik emasmi?!.
Buni hayot deydilar. Bir paytlar siyosatni yuzaki tushunadigan ayrim kishilar tomonidan Sharof aka ruhi poklariga rosa tosh otildi. U gaplar o‘sha davr nuqtai nazaridan, ko‘r-ko‘rona xulosalar sababli aytilgandi.
Asl haqiqat shundaki, Sharof otaning kimligi, samarali mehnatlari, respublikamiz taraqqiy etishi uchun astoydil kurashganini xalqimiz yaxshi biladi. Shunday ekan, Sharof Rashidov hurmatini amalda joyiga qo‘yish insoniy burchimiz emasmi?! Hech bo‘lmaganda, u kishi yashagan uyga memorial doska qo‘yilsa, o‘tgan-ketganlar, ayniqsa, keksalar «Xudo rahmatiga olsin» deb o‘tishadi-ku! Bu ham bir savob. Yunusobod tumanidagi «Buyuk Turon» mahallasida uy-muzeyi ochilsa ayni muddao bo‘lar edi.
…Bir paytlar «Qibray» sihatgohiga dam olgani borgan edim. U yerda Sayyora Sharofovna Rashidovani uchratdim. Insultdan keyin yordamchilari yetaklab yuribdi. Suhbatlashib qoldik.
– Dadangiz yashagan uyning chirog‘ini yoqib o‘tirsangiz sizga qulayroq emasmi? – deb so‘radim suhbat asnosida.
– Juda yaxshi bo‘lardi. Lekin buning imkoni yo‘q-da, – deb javob bergandi o‘shanda Sayyora opa.
Chunki bu yerda «Nogironlar jamiyati» joylashgan. Nahotki «Nogironlar jamiyati» uchun butun boshli Toshkentday azim shaharda boshqa joy topilmasa?!
Yetmishinchi-saksoninchi yillarda O‘zbekiston nimagaki erishgan bo‘lsa Sharof akadagi qat’iyatlilik, insonparvarlik, har qanday sharoitda ham odamlarga g‘amxo‘r bo‘la olish, oq bilan qorani ajrata bilish, shohga ham, gadoga ham bir xil muomala qilish kabi ajoyib fazilatlari tufayli bo‘lgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu noyob fazilatlar va mehnatlari xususida adibning 100 yillik yubileyidagi ma’ruzalarida alohida ta’kidlab o‘tganlari barchamizga ayon. Demakki, u insonning hurmat va ehtiromi munosib xotirlanayotgani uchun keksa avlod vakillari qalbida minnatdorlik tuyg‘usi bisyor. Shu bois poytaxtimizda Sharof Rashidov uy-muzeyi tashkil etilsa nur ustiga nur bo‘lar edi.
Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, Sharof Rashidov umrining oxirgi yillarini o‘tkazgan uy (G.Lopatin ko‘chasi) hozirgi kunda bo‘sh turibdi. Ma’lumki, Sh.Rashidov vafotidan so‘ng bu uy o‘sha paytdagi qishloq xo‘jaligi vaziriga berilgan. Vaholanki, Sharof akaning farzandlari bor edi. Uyning yangi egasi hududga qo‘yilgan xotira yodgorligini buzib tashlagan. Hozirgi kunda sobiq vazirning farzandlari bu uyda deyarli yashamaydi. Mustaqillikdan so‘ng mahalla ahli uyga memorial doska o‘rnatishga urinib ko‘rdi, lekin natija bo‘lmadi.
Sharof Rashidovning yana bir farzandi Gulnora Rashidova ham muzey ochish, metro stansiyalaridan birini Rashidov nomi bilan atash haqidagi takliflar bilan yelib-yugurib yuribdi...
Yaxshilar yodi ulug‘, deydi xalqimiz. Nazarimizda, ushbu hikmatga amal qilgan holda, Toshkentda Sharof Rashidov muzeyini ochish vaqti keldi. Mutasaddilar bunga nima deyisharkan?
Muqaddas Abdusamatova,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
I darajali mehnat faxriysi.
(«Adolat» gazetasidan olindi)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter