Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Nafisa opaning ko‘zlarida yosh...» yoki Sharof Rashidovning o‘limi

«Nafisa opaning ko‘zlarida yosh...» yoki Sharof Rashidovning o‘limi

1983 yil 31 oktyabr. Men odatdagidek ishga kelib, gazetaning navbatdagi soni maketini o‘ylab o‘tirgan edim, Abduqahhor Ibrohimov kirib keldi. Salom-alik qildik. Negadir bezovtaday tuyuldi. Xayoli parishonmi-yey! O‘zi bir oz tutilib, jumlalar, hatto so‘zlar orasida pauza bilan gapirish odati bor. Hozir bu pauzalar ko‘payganday, bir oz cho‘zilganday tuyuldi menga. So‘rash noqulay, balki o‘zi aytar, balki uyida kimdir betobdir... Yana kim bilsin, ijodkor odam yozayotgan biron-bir asarining xayoli bilan banddir. Shu andishalar bilan «nima gap, Abduqahhor aka, kayfiyatingiz yo‘q?» deyishdan o‘zimni tiydim.

Men indamay ishimda davom etdim. Ko‘z ostidan kuzataman, tepamda serrayib turibdi. Sezib turibman, nimadir demoqchi, ammo aytolmayapti yoki aytgisi kelmayapti. U holda nega kirdi? Nimaga chiqib ketmayapti? Noqulaylikdan chiqish uchun ishdan boshimni ko‘tarmay dedim:

 – O‘tiring, Abduqahhor aka.

  O‘tirmadi. Eshik tomonga yurdi. Men ham jo‘rttaga unga qaramadim. Eshikni ochdi, bir qadam tashladi tashqariga – bir oyog‘i ichkarida, bir oyog‘i koridorda, o‘zi menga qarab turibdi. Oxiri chidayolmadim.

  – Nimadir demoqchimisiz? Tinchlikmi ishqilib? – dedim.

  Biron muhimroq gap aytmoqchi bo‘lsa, suhbatdoshiga kiprik qoqmay uzoq tikilib turishini bilaman. Hozir bu muddat odatdagidan ko‘pga cho‘zildi. Labi pirpiraydi, ammo so‘z chiqmaydi. Nihoyat, yon-atrofiga bir alanglab oldi-da, tilga kirdi:

 – Nafisa opaning ko‘zlarida yosh...

Bu darak gapdan ko‘ra so‘roq gap bo‘lib tuyuldi menga. Go‘yo mendan «Nega Nafisa opaning ko‘zlarida yosh?» deb so‘rayotganday edi. Men ham savoliga savol bilan javob qaytardim.

 – Nega? Nima bo‘pti? Uyida tinchlikmikan?

Koridorda turgan oyog‘i bilan biroz engashib, yo‘lakning narigi oxirigacha (men o‘tiradigan xona koridorning oxirida edi) diqqat bilan razm soldi. Keyin xonada mendan boshqa hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun atrofga olazarak qaradi. Tovushini birov eshitib qolishidan cho‘chigan kabi sirli shivirladi.

– Eshitdingizmi?..

Kulgim qistadi. Xona tugul koridorda ikkovimizdan boshqa zog‘ ham yo‘q. Buncha hadiksiraydi! Hayronman.

 – Nimani? – dedim.

U yana atrofni bir bor kuzatdi.

 – Rostdanam eshitmadingizmi?

O‘rnimdan turib unga yaqinroq bordim.

– Abduqahhor aka, hech narsaga tushunmayapman. Nima to‘g‘risida so‘rayapsiz?

– Nafisa opaning ko‘zlarida yosh... – dedi yana.

– Xo‘sh, nima bo‘pti, yosh bo‘lsa, – dedim men bir oz ensam qotib. – Ayol kishi, buning ustiga Nafisa opani bilasiz, ko‘ngli bo‘sh, biron kishi qattiqroq gapirgandir yoki Odil akaning jahlini chiqargan bo‘lsa...

Abduqahhor aka gapimni bo‘ldi:

– Unaqamas... Siz eshitgansiz, deb o‘ylovdim.

– Nimani eshitaman, ochiqroq ayting.

U koridoru xonaga yana bir bor ko‘z yugurtirdi.

– Kelayotib pastda Sobit G‘ofurovni ko‘rdim, – dedi xuddi qulog‘imga shivirlaganday sekin.

– Anavi «G‘uncha»mi, «Gulxan»dami ishlaydigan Sobit akami, latifa to‘qib yuradigan?

 – O‘sha, o‘sha...

 – Xo‘sh, nima dedi u?

– O‘sha... Sobit G‘ofurov aytdiki, Sharof Rashidovich... o‘l... yo‘q, vafot etganmish...

 – Yo‘g‘-e! Bo‘lishi mumkin emas! – dedim.

Uning rangi oqarib ketdi.

– Men ham ishonmadim, – dedi shoshib. – Lekin Nafisa opaning ko‘zlarida chindanam yosh ko‘rdim...

  – Bunaqa mish-mishlarga ishonmang, Abduqahhor aka, – dedim. – Og‘ziga kuchi yetmagan odamlar o‘ylamay-netmay har xil gaplarni gapiraveradi.

  – To‘g‘ri aytasiz... Bu gap o‘rtamizda qolsin, maylimi? – dedi bo‘shashib.

  Uni tinchitgan bo‘ldim.

  – Xavotir olmang, hech kimga aytmayman. Bunaqa narsa bilan hazillashib bo‘larmidi!

...Shu kuni, ya’ni, 1983 yil 31 oktyabr kuni O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari – respublika rahbari Sharof Rashidov yurak xurujidan vafot etgani, afsuski, rost edi.

Mamatqul Hazratqulov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring