«Men yoningdan yiroqman» — marhum jurnalistning kitobi chop etildi
Bugun O‘zbekiston Jurnalistlar va Yozuvchilar uyushmalari o‘zaro hamkorlikda milliy matbuot markazida jurnalist va shoir, marhum Tohir Shomurodovning «Men yoningdan yiroqman» nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
«Pskent tumanida tug‘ilib kamolga yetgan mohir jurnalist, iqtidorli ijodkor Tohir Shomurodov agar hayot bo‘lganida bu yil 43 bahorni qarshi olgan bo‘lar edi. U 2003 yilda O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakulteti magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan. Turli yillarda «Fidokor», «XXI asr», «Hurriyat», «Nuroniy» gazetalarida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmatida, «O‘zbekkino» milliy agentligida, Prezident Devonida, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «Mahalla» telekanallarida mas’ul lavozimlarda mehnat qildi. Bugungi tadbirga uning yaqinlari, kasbdoshlari, shu jumladan, uning oila a’zolari ham ishtirok etmoqda. Shunday so‘zi o‘tkir, qisqa umri davomida hammaning ko‘nglidan o‘rin olgan farzandni tarbiya qilgan onasiga rahmatimni aytib o‘tmoqchiman», — dedi Jurnalistlar uyushmasi rahbari Olimjon O‘sarov.
Tohir Malik, Xayriddin Sultonov, G‘ofur Shermuhammad, Habibulla Olimjonov, Jumanazar Meliqulov, O‘ktam Mirzayor kabi elimizning taniqli ijodkorlarini o‘zi uchun ustoz deb bilgan ijodkor hayoti davomida e’lon qilgan yuzlab maqolalarida siyosiy-ijtimoiy hayotning og‘riqli nuqtalarini, oddiy odamlarning murakkab muammolarini chuqur tahliliy-tanqidiy tarzda aks ettirgani haqida eslab o‘tildi.
«U xalqaro mavzularda – globallashuv, jahonda kuchayib borayotgan tengsizlik muammolari, urushlar va ziddiyatlar tabiati, tinchlik va osoyishtalikning bebaho qadri, O‘zbekistonda olib borayotgan tinchlikparvar siyosat haqida faol qalam tebratdi. U har doim hayotning sinchkov kuzatuvchisi edi. Kichik ibratli ishdan ham katta falsafiy maqolalar chiqara olar edi. Tohir Shomurodov qalamiga mansub, «Yangi kitob» nashriyotida chop etilgan «Men yoningdan yiroqman» to‘plamida turli yillarda jurnalistning turli nashrlarda chop etilgan turkum maqolalari saralab, kiritilgan. Kitobdan «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirilgan, qo‘lyozma shaklida saqlangan ayrim she’rlari va hikoyalari ham o‘rin oldi»,— deya fikr bildirdi kitobga muharrirlik qilgan yozuvchi, jurnalist Anvar Namozov.
Shuningdek, «O‘zbekkino» tomonidan bevosita muallif yozgan ssenariylari asosida suratga olingan «Tuzoq» badiiy filmi, «Tulkivoyning tavbasi» multfilmi, «Suyanch», «Referi», «Yarashuv instituti», «Toshkent – islom madaniyati poytaxti» nomli o‘nlab hujjatli filmlari tahsinga sazovorligi aytib o‘tildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter