Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Men o‘zbekman, o‘zbekcha gapiring...

Men o‘zbekman, o‘zbekcha gapiring...

— Assalomu alaykum.
— Zdravstvuy.
— Yaxshimisiz?
— Da, nichego. Kak sam?
— Hammasi yaxshi. Ishlaringiz yaxshimi?
— Da, potixonku idyot.
— Oilangiz tinchmi?
— Slava bogu, a u tebya?
— Xudoga shukr. Salomatmisiz?
— Net, vse normalno.
— Nima yangiliklar?
— Vse po staromu, jivyom. Kak sam?
— Yuribmiz, ishlab, javlon urib.

Bu kabi suhbatni hayotimiz davomida juda ko‘p marta eshitganmiz, hatto o‘zimiz bu jarayonda ishtirok etganmiz. Lekin hech qachon suhbatdoshimizga o‘zbek tilida gapiring degan talab qo‘ymaganmiz. Aksincha, u qaysi tilda javob qaytarsa, unga osonroq bo‘lishi uchun uning tilida gapirishga harakat qilganmiz. Yana bir holatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Boshqalarda o‘zidan kattaga ham bemalol «sen» deb murojaat qilaveradi. Bu ularning odati. Biz hech qachon ularga «men sendan kattaman, meni «siz» deb gapirgin» demaymiz.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning tegishli moddasiga «Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi» ko‘rinishida o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ko‘rsatilgan tashabbus respublikamiz hududida istiqomat qiluvchi ba’zi fuqarolar, boshqa millat vakillarining fikricha, ko‘pmillatli O‘zbekistonda ularning tiliga raxna solish ekan.

Aynan ular tomonidan ko‘p millatli deb atalayotgan ana shu O‘zbekistonda yuz nafar o‘zbek davrasiga bir nafar boshqa millat vakili kelib, qo‘shilsa, unga tushunarli bo‘lsin deya o‘zi bu tilni yaxshi bilmasa uning tilida yoki u tushunadigan tilda gapirishga harakat qiladi. O‘zbek millati shunaqa bag‘rikeng, mehmondo‘st.

Shu o‘rinda bir fikr. Nega o‘zbek xorijga borib, «Men o‘zbekman, o‘zbekcha gapiringlar, demaydi?». Nega biz qaysi davlatga borsak, o‘sha davlat tilida yoki ular tushunadigan tilda gapiramiz-u, biz shu yurtda tug‘ilib o‘sgan, shu yurtning noniyu boshqa ne’matlaridan bahramand bo‘layotganlarga shu talabni qo‘ya olmaymiz? Aslida qo‘ya olmaymiz emas, balki bunday talab qo‘ymaymiz, biz tenglik, juda ko‘p marta ta’kidlanayotganidek, ko‘p millatlilikka qarshi emasmiz. Bechora o‘zbek hammaning tilini, urf-odatini, an’analarini qo‘llab-quvvatlaydi, lekin o‘z tilini hurmat qilishlarini aytsa, yoqasidan olishadi. Eng qizig‘i, yoqadan olayotganlar orasida o‘zbek millati vakillarining boriligi odamga alam qiladi.

Axir shu Vatanda tug‘ilgan, voyaga yetgan, ta’lim olgan va faoliyat yuritib kelayotgan bir fuqaro sifatida O‘zbek tilining davlat tili sifatida mavqeini oshirish hamda uning foydalanilish doirasini yanada kengaytirishga qaratilgan bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashi kerak emasmi? Bugun O‘zbekistonda yashayotgan boshqa, xususan rus millati vakillarining bu jarayonga qarshilik ko‘rsatayotganligini qaysidir ma’noda tushunish mumkindir, lekin SIZlarga nima bo‘lyapti?

Ortiqcha ehtirosga berilishning hojati yo‘q. Chunki bu yerda birov birovni kamsitayotgani, mensimayotgani yo‘q. Do‘ppini boshdan olib qo‘yib, yaxshilab e’tibor beriladigan bo‘lsa, bu tashabbusning tag zamirida dod-voy qilinayotganidek, birovni kamsitish, birovning haq-huquqini poymol qilish degan narsa niyati, maqsad yo‘q. Hammasi juda oddiy: davlat tashkiloti rahbari tashkilotda davlat tilida ish yuritishni to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘ymaganligi, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinmaganligi uchun javobgar bo‘ladi, xolos. Buning uchun facebook yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarni, butun Internet jahon tarmog‘ini boshga ko‘tarish shartmas.

Yana bir gap. Qaysidir tashkilot O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yurityaptimi, marhamat qilib, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga rioya qilsin! Kimlardir ta’kidlayotganidek, o‘ta malakali, tajribali mutaxassis, davlat tashkiloti rahbari fikrini davlat tilida bayon qila olmayaptimi, unday bo‘lsa, uning u fikrlay oladigan tilda fikrlashi, fikrlarini yozishiga hech kim to‘sqinlik qilmayapti, shunchaki uni ommaga (biror boshqa tashkilotga yuborishda) ko‘rsatishda davlat tili qoidalariga rioya qilsa bas! Boshqa hech qanaqa ortiqcha talab yo‘q!

Xorijiy davlatlarda ishlashga boraman desangiz, sizga, eng avvalo, o‘z tilini o‘rgatadi. Xoh u pullik bo‘lsin, xoh tekin. Ana shu davlat tilini bilishingiz bo‘yicha imtihon topshirib, yetarli ball to‘play olsangizgina, u yerga borib ishlashingiz mumkin. Shunda ham biror tashkilotda rahbar, boshqaruvchi, muhandis, hisobchi bo‘lib emas, ooooddiygina ishchi bo‘lib, ishlashingiz mumkin.

Aziz Vatandoshim (millatdoshim emas)! Buni shunchaki tushunishingiz, yanayam to‘g‘rirog‘i tushunishni xohlashingiz kerak, xolos. Tushunishingiz uchun esa o‘zingiz yashayotgan Ona Vatanni hurmat qilishingiz, sevishingiz zarur!

Nurilla Abdullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring