Markazlardan 10 sotixdan yer, bojsiz shikoyatlar, hukumatdan «ozodlik» — Savdo-sanoat palatasiga juda katta imkoniyatlar berilmoqda
Hududlarda Savdo-sanoat palatasi bo‘linmalarini joylashtirish uchun 10 sotixdan yer ajratiladi. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan «Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni loyihasida aytilgan.
Loyihaga ko‘ra, Palataga tadbirkor manfaatini ko‘zlab Oliy sudga ariza berish hamda sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan shikoyat kiritish huquqi berilmoqda. Shuningdek, Palata tadbirkorlik sub’yektlarining manfaatlari himoyasida sudlariga taqdim etadigan ariza, da’volar hamda apellyasiya va kassatsiya shikoyatlari bo‘yicha davlat boji to‘lovlaridan ozod etiladi.
Mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlari 2023-yilning 1-yanvaridan Palataga a’zolik badali to‘lashdan ozod etiladi.
Yana bir muhim jihati, Palata nodavlat-notijorat tashkilot hisoblanganligi sababli Hukumat bo‘ysunuvidan to‘liq chiqarilmoqda. Davlat va boshqaruv organlarining Palata tizimi kadrlarini tanlash va tayinlash hamda ularni javobgarlikka tortishga aralashish, Palata vakolatiga kirmaydigan topshiriqlar va ko‘rsatmalar berish, qonunchilikda nazarda tutilmagan hisobotlarni talab etish, homiylikka jalb etishga qat’iyan yo‘l qo‘yilmaydi.
Xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda Palataga milliy hamkor maqomi berilmoqda. Shuningdek, Palataning xorijda vakolatxonalarini ochish rejalashtirilmoqda.
Koreya xalqaro rivojlantirish agentligining (KOICA) 5 million 500 ming dollar grant hisobiga Palata qoshida namunaviy «Startaplarni qo‘llab-quvvatlash markazi» biznes-inkubatori tashkil etiladi.
Hokimliklarga davlat-xususiy sheriklik asosida Palata tuman, shahar bo‘linmalarini joylashtirish uchun bino-inshootlar qurish maqsadida markazdan 10 sotix yer ajratib berish aytilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev avgust oyida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda Savdo-sanoat palatasi va uning xududiy bo‘linmalarining faoliyati ham tubdan o‘zgarishini aytib o‘tgan edi.
Farmon loyihasi muhokamasi 4 noyabr kuniga qadar davom etadi.
Mavzu doirasida: «Yoshlar ijod saroyi» Savdo-sanoat palatasiga berilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter