Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kun.uz muxbiri hokim o‘rinbosarini tuhmatda ayblab, prokuraturaga murojaat qildi

Kun.uz muxbiri hokim o‘rinbosarini tuhmatda ayblab, prokuraturaga murojaat qildi

Kecha Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov KUN.UZ tahririyati xodimlariga tahdid qilgani haqida xabar berilgan edi.

Bugun Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tomonidan A.Vahobovning videointervyusi e’lon qilindi. Ushbu intervyuda A.Vahobov KUN.UZ muxbiri Rahmatilla Isroilov muqaddam undan tamagirlik yo‘li bilan yer talab qilgani va buning evaziga katta miqdorda pora taklif qilgani haqidagi da’voni ilgari surdi.

Mazkur da’vo yuzasidan KUN.UZ zudlik bilan o‘z ichki surishtiruvini o‘tkazib, tahririyat muxbiri R.Isroilov va boshqa xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinladi.

Xizmat tekshiruvida muxbir R.Isroilov unga nisbatan A.Vahobov ilgari surayotgan ayblovlar biror asosga ega emasligini, A.Vahobov bilan muqaddam HECh QAChON ko‘rishmaganini, hayotda ilk marta 14-avgust kuni uchrashganini va o‘z-o‘zidan A.Vahobovning gaplari tuhmatdan iboratligini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, 15-avgust kuni Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xodimlari tomonidan aynan mazkur masala yuzasidan tashkil qilingan yuzma-yuz uchrashuvda A.Vahobov KUN.UZ muxbiri Rahmatilla Isroilovni tanimasligini va hodisa yuz bergan kuni (14-avgust) birinchi marta ko‘rganini bayon qilgan (buni tasdiqlovchi audioyozuvlar mavjud).

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilayotgani sababli xizmat tekshiruvi davomida to‘plangan hujjatlar (tegishli audio va videomateriallar bilan birga) qo‘shib o‘rganish uchun Toshkent shahar prokuraturasiga yuborildi.

Bundan tashqari, muxbir R.Isroilov o‘ziga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilgani uchun Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari A.Vahobovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali Bosh prokuraturaga shikoyat yo‘llaganini ma’lum qildi.

Toshkent shahar prokuraturasida olib borilayotgan tergovga qadar surishtiruv jarayonlariga xalaqit bermaslik, surishtiruv jarayonlari xolisligiga ta’sir va bosim o‘tkazmaslik maqsadida KUN.UZ tahririyati ushbu mavzuda boshqa ma’lumotlarni oshkor qilmaslikka qaror qildi.

Eslatib o‘tamiz, 14-avgust kuni Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahabov surishtiruv uchun oldiga kelgan «Kun.uz» xodimlariga tajovuz qilgan, ularning shaxsiy mulkiga zarar yetkazgandi.

Oliy Majlis deputati va boshqa tashkilotlar Olmazor tumani hokimi o‘rinbosarining xatti-harakatlarini qoralab, uning javobgarlikka tortilishi masalasi ko‘rilishi lozimligini qayd etishgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring