Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jamiyatga aylanmasak... tutqunlikka uchraymiz

Jamiyatga aylanmasak... tutqunlikka uchraymiz

Foto: «Centre1.com»

Jamiyatga aylanmasak, to‘g‘risini aytganda, hech qayerga borolmaymiz. Jamiyat ichidagi turfa guruhlar o‘zaro kelishib, ushbu umumiy uyda birgalikda yashash qoidalarini ishlab chiqmasa... bir joyda depsinib turaveramiz — barcha kuch, vaqt va iqtidor ma’nosiz (ma’noli bo‘lsa mayli edi) tortishuvga, huquqlarni talashishga ketib qoladi.

Vaqt esa ziq — zudlik bilan tom ma’nodagi jamiyatga — ongli kishilar ittifoqiga aylanmasak, bir fursatdan keyin yana bir bor tutqunlikning biron-bir turiga mubtalo bo‘lamiz.

Zero, «hukmronlik» tushunchasi bo‘shliqni inkor etadi — omma tom ma’nodagi jamiyatga aylanmasa uni tutqun qilib, barcha hayotiy suvlarini siqib ichadiganlar albatta topiladi. Bu esa bizga kerak emas. Shuning uchun biz zudlik bilan jamiyatga aylanishimiz kerak.

Bu aslida oson — har bir guruh o‘zining asosiy me’yorlarga zid bo‘lmagan huquqlarini e’tirof etadi, o‘zaro maslahatlashiladi va yonma-yon yashash qoidalari qabul qilinadi. Turli qarashlarga ega insonlar mazkur qoidalarga rioya etib totuv yashaydilar va jamiyatning rivojiga xizmat qiladilar. Qoidabuzarlar esa barcha guruhlar tomonidan qoralanadi. Olam guliston!

Ammo bu maqomga yetishish yo‘lida yotgan to‘siqlar bor, bular — ongimizga o‘rnashib qolgan narsalar (stereotiplar) va asossiz hadiklar (komplekslar).

Stereotiplar va komplekslar

Bu ikkisi ham ongsizlikning mevasidir. Ikkovi ham ongsiz ravishda orttirib olingan, tagi puch narsalardir. Masalan, kishining tashqi ko‘rinishi, kiyinishi — madomiki jamiyatning ma’naviy mezonlariga daxl qilmasa — har kimning o‘z ixtiyoridagi narsa. Bu — oddiy mantiq taqozo qiladigan haqiqat. Shunday emasmi? «Sen undoq kiyinishing kerak, bundoq ko‘rinishda bo‘lishing kerak!» deb axloq normalariga zid bo‘lmagan narsalarni jamiyatning bir qismidan talab qilish to‘g‘ri emas.

Xo‘sh, nega unda ba’zi ayol-qizlarning ro‘mol o‘rashi, ba’zi erkaklarning soqol qo‘yishi buncha shovqinga sabab bo‘layapti? Javob bitta — stereotiplar va komplekslar.

Kimdir ongiga o‘rnashib qolgan, ko‘zi o‘rganib qolgan shakllarni himoya qilayapti, boshqa bir toifaning sarosimasiga esa ichki ongsiz hadiklari sabab bo‘layapti. Qarshi taraf esa «bu bizning oddiy huquqimiz-ku» deya e’tiroz bildirayapti. Janjal!

Tutqunlik

Ishlarning ongsiz ravishda sodir etilishi — tutqunlik. Zero, bunda kishi foyda-zarni anglamasdan harakat qiladi va ongsiz harakatining qurboni bo‘ladi. Tutqunlik bo‘lmay, nima bu? Masalan, jamiyatning katta bir bo‘lagini birlamchi e’tiqodiy ehtiyojlaridan mosuvo qilish, buning oqibatida jamiyatni bo‘laklarga bo‘lib qo‘yish — bundan ham katta yo‘qotish bormi? Birlashgan jamiyat qayoqda-yu, bo‘laklarga bo‘lingan, behuda tortishuvdan boshi chiqmaydigan, parokanda «jamiyat» qayoqda?!

Tutqunlikdan qutulish

Tutqunlikdan qutulish uchun uyalishni boshlashimiz kerak. Stereotiplar va komplekslarga asir bo‘lib turganimizdan uyalishimiz lozim. Ongimiz torligidan, o‘zgacha shakllarni unga sig‘dirolmay, oddiy mantiq bilan kelisholmay turganimizdan uyalishimiz zarur. Zudlik bilan uyalishni boshlamasak, ko‘zimizni ochmasak, jamiyat ichidagi guruhlarning birlashuviga xizmat qilmasak sanoqli kunlarda tutqunlikka yuz tutishimiz mumkin.

Doira shaklidagi stol

Demokratik tamoyillar haqida gap ketganda doira shaklidagi stol nafaqat ramz, balki amaliy anjom sifatida qo‘llanadi. Bunday stol atrofida yig‘ilib jamiyatni ko‘pchilik bo‘lib, bahamjihat, muzokara ila idora etish adolat, rivoj, mantiqni qaror toptirishga xizmat qilishi o‘z isbotini topgan. Bizdan hozir shu narsa talab etiladi. Bir stol atrofida dindor, dinsiz, liberal va konservator o‘tirib vatanda bir-birini xafa qilmasdan yashash qoidalarini ishlab chiqishi, stereotiplar va komplekslardan ustun kelishi kerak. Yoki jamiyatga aylanib o‘zimizni o‘zimiz idora qilamiz, yoki bizni kimdir tutqun qilib o‘z xohishicha idora eta boshlaydi.

Muhammad Shakur

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring