Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ish haqi kechiksa kompensatsiya to‘lanadi

Ish haqi kechiksa kompensatsiya to‘lanadi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ish haqi kechiktirilgan har bir kun uchun kompensatsiya to‘lanishi belgilandi.

Unga ko‘ra, xodimlarga ish haqi to‘lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas.

Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, 16 kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida) to‘lanadi.

Ish haqi to‘lanadigan kun dam olish kuniga yoki ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolganda ish haqi ushbu kunlar arafasida to‘lanadi. Xodimga tegishli bo‘lgan ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi va miqdori boshqa to‘lovlarni amalga oshirishga hamda ularning navbatiga bog‘liq qilib qo‘yilmasligi kerak.

Ish beruvchi ish haqi to‘lash kechiktirilgani uchun xodim oldida ushbu kodeksga kiritilgan 333-moddaga ko‘ra moddiy javobgar bo‘ladi.

Ya’ni, ish beruvchi ish haqini, ta’til to‘lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlarni va (yoki) xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun Markaziy bankining o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to‘lashi shart.

Yangi tahrirdagi ushbu kodeks 2023 yilning 30 aprelidan boshlab kuchga kiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring