Hokimliklardan fuqarolarga 21 mlrd so‘mdan oshiq pul undirib berildi

Buxoroda fuqarolar va yuridik shaxslar buzilgan uy-joylari, imoratlari uchun mahalliy hokimliklardan kompensatsiya undirish da’vosi bilan chiqishgan.
Majburiy ijro byurosining Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Olim Mardonovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, kompensatsiya undirish bilan bog‘liq 157 ta ijro hujjatlari boshqarma tomonidan ko‘rib chiqilgan. Ijro hujjatlari bo‘yicha fuqaro va yuridik shaxslarga jami 21,3 milliard so‘m mablag‘ undirib berilgan.
«Byuro fuqarolarga buzilgan uy-joylari, imoratlari uchun kompensatsiya undirib berishdan tashqari, boshqa murojaatlarni bartaraf etishda ham faol harakatda. O‘tgan davrda kelib tushgan 8 609 ta murojaatlarning 8 368 tasi byuro xodimlari tomonidan ko‘rib chiqilib, hal qilindi. 4 381 ta murojaat qanoatlantirilib, 1 944 nafar shaxslarning buzilgan huquqlari tiklandi. 3 986 nafar murojaat mualliflarga huquqiy tushuntirishlar berilib, 7 ta murojaatlar taalluqliligi bo‘yicha boshqa organlarga yuborildi. Aholining nochor, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamg‘armalariga byuro mablag‘lari hisobidan 56,2 milliard so‘m yo‘naltirildi. Bundan tashqari, to‘lov qobiliyati bo‘lmagan 168 nafar qarzdorlarning 3 milliard 762 million so‘m aliment qarzdorliklari Aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan to‘lab berildi. Hozirgi kunda eng og‘riqli dard: yosh oilalar o‘rtasida ajrimlar ko‘paymoqda. Shuning barobarida qarzdorlar ham son jihatdan oshmoqda»,-dedi Olim Mardonov.
Bildirilishicha, hozirda aliment undiruvi bilan bog‘liq ish yurituvda bo‘lgan 16 369 ta ijro hujjatlari mavjud. 3 613 nafar qarzdorlar doimiy ish o‘rniga ega emas. Hamkorlikdagi tadbirlar natijasida qarzdorlarning 4 374 nafari ishga joylashtirilgan. 732 nafar qarzdorlar O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan va 100 nafar qarzdorlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, sudlarga yuborilgan.
Shuningdek, 705 nafar qarzdorlarga nisbatan qidiruv tadbirlari amalga oshirilgan. 416 nafari topilib, ularga nisbatan javobgarlik masalasi o‘rnatilgan. Qidiruvdagi shaxslarning 235 nafarining esa chet elga chiqib ketganligi aniqlanib, qidiruv tadbirlari Minsk konvensiyasi talablariga asosan olib borilmoqda. Yosh oilalar o‘rtasida olib borilgan targ‘ibot va tushuntirishlar natijasida 16 369 tadan faqat 3 860 ta oilalar yarashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter