Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Inson va jamiyat tinchligi davlat faoliyatining asosiy maqsadidir

Inson va jamiyat tinchligi davlat faoliyatining asosiy maqsadidir

Mazkur maqolada Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, siyosiy fanlar doktori Sayfiddin Jo‘rayev har qanday sharoitda inson ozodligi va erkin faoliyati, jamiyat barqarorligi va davlat rivoji uchun «davlat organlari o‘z faoliyatini inson va jamiyatning tinchligini ko‘zlab amalga oshirishi» nazarda tutiladigan qoida Konstitutsiyaga kirishi zarurligi haqida fikr  yuritadi.

Ushbu muhim fikrning argumenti sifatida, birinchidan, insonlarning har qanday siyosiy uyushmasi, birinchi navbatda, shu jamoaning (davlatning), uning a’zolarining erkin faoliyatini ta’minlab berish uchun tinch, osuda hayot normalarini yaratishi, buning uchun shart-sharoitlarni amalga oshirishi kerak. Tinchlik bo‘lmasa, islohot ham, yashashga imkon ham bo‘lmaydi. Alohida shaxs darajasida ham, jamiyat darajasida ham hech narsani amalga oshirib bo‘lmaydi, hatto yashashning ham qadri qolmaydi. Agar tinch va osuda hayot uchun sharoit ta’minlamasa, siyosiy tuzilma hisoblanmish davlat va uning boshqaruvi vakolatida bo‘lgan jamiyat turli ichki va tashqi xavflardan himoyalanmagan bo‘ladi. Davlat fuqarolarining esa erkin ishlash va tirikchilik qilish, oilasi va qarindoshlari haqida qayg‘urish kabi insoniy faoliyatlarining qizig‘i qolmaydi. Istagan joyda mehnat qilish, ta’lim olish va eng asosiysi, fuqarolar va davlat organlari bilan o‘zaro munosobatlarga kirishishdan manfaatdorlik bo‘lmaydi. Tinchlik ta’minlamagan joyda, siz va jamoangizni, yaqinlaringizni boshqa davlat o‘z manfaati uchun himoyalash va o‘ziga qaram qilib olish harakatiga tushadi, hech bo‘lmaganda o‘z ta’sir doirasiga oladi.

Ikkinchidan, bunga yo‘l qo‘ymaslik, jamiyat himoyasini ta’minlash uchun davlat organlari tashkil etiladi. Ko‘rinib turibdiki, davlat organlarining asosiy vazifasi jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun tinchlikni ta’minlash, asosiy shart-sharoitlarni yaratish va boshqarishdan iboratdir. Lekin bir narsaga e’tibor berish kerakki, har qanday davlat organlarining yuqoridagi vazifalarni bajara olishi uchun saylovlar orqali bergan ovozingizning o‘zi yetarli emas. Davlat organlariga jamiyat nomidan va jamiyat uchun zarur siyosiy-huquqiy vakolatlar berilishi kerak.

Uchinchidan, bugungi kunda mamlakatimizda bu sohada yutuqlar va tajribalar bor va ular doimiy ravishda rivojlanib bormoqda. Lekin ichki va tashqi siyosatda vujudga kelayotgan o‘zgarishlarning natijalari ijobiy holatlar bilan bir vaqtda, o‘ziga xos muammolarni ham keltirib chiqarishi tabiiy hol. Shuningdek, har bir amalga oshirayotgan faoliyatimiz tashqi dunyo bilan bog‘liqligini ham nazarda tutishimiz kerak. Hozirgi kunda dunyoda qarama-qarshiliklar yuz bermoqda. Harbiy-siyosiy mojarolar kundan-kunga kuchayib bormoqda. Yon atrofimizda bo‘layotgan voqealar, davlat organlarining tinch hayotni saqlash mas’uliyatini va samaradorligini bir necha barobarga oshirish masalasini kun tartibiga qo‘ymoqda. Fikrimizcha, bu borada davlat organlarining tinchlikni saqlash uchun hozirgi kunda mavjud vakolatlari va vazifalari siyosiy-huquqiy jihatdan yetarli emas. Shuning uchun «davlat organlari inson va jamiyatda tinchlikni ta’minlash uchun o‘z faoliyatini tashkil etishi zarur», degan qoidani Konstitutsiyaga kiritish ob’yektiv zaruriyat. Bu holat har bir davlat tashkilotining mas’uliyatini va o‘ziga biriktirilgan vazifalarni bajarishiga yangicha zamonaviy yondashuv va keng imkoniyatlarni ochib beradi. Qolaversa, fuqarolarning davlatga va uning tashkilotlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi. Jamiyatimizda tinchlikni ta’minlashning samarali yangi mexanizmlarini yaratadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring