Himoya orderi olish uchun erkaklar ham murojaat qilishmoqda
AOKAda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmat rahbari Saodat Boymirzayeva ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda matbuot kotibi sohaga oid ayrim statistik ma’lumotlarni ochiqladi.
Savol: Reabilitatsiya markazlarida zo‘rlik ishlatilishidan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga qanday ijtimoiy yordamlar ko‘rsatiladi va bu kabi markazlarga asosan kimlar murojaat qilishi mumkin?
Javob: Mamlakatimizda og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, jumladan oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan shaxslarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, ruhiy, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish maqsadida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari ish olib boradi, ularning soni hozirda yurtimizda 197 ta.
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylari davomida ushbu markazlarga fuqarolardan 14 849 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 5 796 tasiga psixologik, 3 680 tasiga yuridik, 503 tasiga tibbiy va 1 553 tasiga boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatilgan.
Afsuski, mazkur turdagi markazlarga erkaklar va hatto bolalarning murojaat qilishi holatlari kuzatilmoqda. Shu yilning o‘tgan davri mobaynida jismoniy zo‘ravonlikka uchragan 18 nafar bola va 168 nafar erkaklar murojaati qabul qilingan.
Murojaat qilganlarning 2 577 nafari bilan markaz psixologlari ish olib borgan, tibbiy yordamga muhtoj 497 nafar shaxsga birinchi yordam ko‘rsatilib, tibbiyot muassasalariga yuborilgan. 442 nafar fuqaro markazlardagi yotoqxonalarga joylashtirilgan va ularga zarur yordamlar ko‘rsatilgan.
O‘zaro tahlillar davomida murojaatchilarning 9 870 nafari yoki 67 % ga yaqini faqatgina yuridik va psixologik maslahat olish uchun murojaat qilgani va ularning murojaatlarida zo‘ravonlikka uchrash alomatlari yo‘qligi aniqlangan.
Mazkur mazmundagi murojaat egalariga 2000 ta huquqiy yordam, xususan, 1 539 tasiga huquqshunoslar tomonidan maslahatlar berildi. 217 nafar fuqaroga turli mazmundagi huquqiy hujjatlarni rasmiylashtirishda, 189 nafar fuqaroning Himoya orderi olishida yordam berildi. 55 nafariga sud va boshqa idoralarda huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda vakillik qilindi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, jismoniy zo‘ravonlik asosan oilalarda sodir etilib, er-xotin, qaynona-kelin yoki kuyov o‘rtasidagi turli mojarolar oqibatida yuzaga kelmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter