Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Har bir uyning Maqsuda ayasi bo‘lsin...

Har bir uyning Maqsuda ayasi bo‘lsin...

Kecha ajoyib bir voqeaning guvohi bo‘ldim. Kimga qanday bilmadim-u, lekin menga boshqacha ta’sir qildi. Ro‘paramizdagi ko‘p qavatli uyning yon tomoniga va yo‘lakning narigi betidagi ariqcha bo‘yiga gul ko‘chatlari ekayotgan ayolni ko‘rib beparvo o‘tib ketolmadim. U ekayotgan gullar tanish: ularni obodonlashtirish xodimlari «umringiz bitdi, o‘rningizni sovuqqa chidamli gullarga bo‘shatib bering» deb yulib tashlagan. Nachora. Bu o‘rnatilgan qoida, unga amal qilish shart...

Tinib-tinchimagan onaxonning esa ana shu gullarga ichi achishgan ko‘rinadi. Turish-turmushidan g‘ayrat yog‘ilib turgan ayol bilan tanishib oldim. Ishlarim zaril bo‘lsa-da, andak suhbatlashdik.

– Maqsudaxon opa, yoz oylarida, jazirama saratonda manavi uzun yo‘laklarga, shu «dom»ning yarmidan ko‘proq maydonlariga suv sepib, soya-salqin qilib qo‘yadgan kim ekan, derdim. Qarang, siz ekansizda! Qoyil! Qaydan sizga shuncha kuch keladi?

– Yaratgan egam beradi, shukr. Bekordan xudo bezor, deydilar. Uyda qamalib o‘tirgandan nima foyda! Axir hammamiz ham hovlilarda yashaganmiz. Hovlidan chiqqanmiz. Nimaga endi maskanimizni hovlidek tutmasligimiz kerak.

– Anavi domda ham farishta ayol bor-a? Bultur qishda oq, pushti, nafarmon «globus» gullarini, bahorda yana boshqa nav gullar, ikki tup sarvqomat daraxt ko‘chatlari ekibdi. Kim u, taniysizmi?

Onaxon ham «yashil uy» deb yuritiladigan uyda yashovchi ayol haqida eshitgan ekanu, o‘zini tanimas ekan. Mahallamiz idorasiga qo‘ng‘iroq qilib bilmoqchi bo‘lsam, narigi tomonda go‘shakni ko‘targan profilaktika inspektori Furqat Mirzayev ham bunday ayolni tanimasligini aytdi.

Shu tariqa o‘tgan qishdan buyon bu ko‘p qavatli uyni uy qilay, odamlarning bahri dili ochilsin, degan saxovat sohibasi, kamtar ayol kim o‘zi, degan savolim javobsiz qoldi. Shunisi ham ma’qul. Ko‘ngli, niyati toza ayol, kim bo‘lsangiz ham sizga tasanno. Siz va siz kabilarga ajru savoblarni mo‘l qilib beradi.

Nima bo‘lganda ham moddiy sabablarga bog‘lanib qolmagan, keksalik gashtini o‘ziga xos surayotgan Maqsuda ona bilan tanishganimdan benihoya mamnun edim. Shunda Xabar.uz saytida o‘qiganim — «Yaponiyalik muxlislardan yana bir «dars» sarlavhali xabar yodimga tushdi. Qayta-qayta tomosha qilib mazza qildim. Ko‘rganlar bordir. Unda jahon chempionati doirasida Qatardagi «Al-Bayt» stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng stadionni chiqindilardan tozalib yurgan yaponlar hikoya qilinadi. Men ham Maqsuda ayani dastlab ko‘rganimda xuddi o‘sha arab yigitidek to‘lqinlanib ketgandim.

Bu ikkala voqea o‘rtasida bog‘liqlikni his etmaslik mumkinmi? Aslo. Go‘zal Farg‘onamizning markaziy Alisher Navoiy prospekti bo‘ylab ikki-uch bekat yurib ko‘rsangiz, «yaponlarga tasanno» deb yuborasiz. Kunning ikkinchi yarmida besh-oltita joyda shirinlik qog‘ozlari va turfa yeguliklardan bo‘shagan o‘rama jildlarga ko‘zingiz tushib, ta’bingiz xira tortib, ko‘nglingiz xufton bo‘ladi. Sovuqqonlik bilan tashlangan har bir chiqindi kishi qalbiga tosh otilganidek bo‘lishi kerak, aslida.

Qadrdon uyimiz, Vatanimiz barchamizniki! Insonlar, shaharlarimiz go‘zalligi, ko‘rkamligi uchun, mayli, hech nima qilmasak-da, hech qursa yaratilgan go‘zalliklarni asraylik, iltimos... 

Hafiza Salyahova,
«Xabar» gazetasining Farg‘ona viloyatidagi muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring