Farg‘onada jurnalistga bosim o‘tkazgan hokim kotibi ishdan olindi
«Ma’rifat» gazetasining Farg‘ona viloyati maxsus muxbiri Sharifa Madrahimovaning faoliyatiga to‘sqinlik qilib, unga bosim o‘tkazgan Uchko‘prik tumani hokimi kotibi Shohjahon Mo‘ydinov vazifasidan ozod etildi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar tarqatdi.
Hokimlik axborot xizmatiga ko‘ra, Sharifa Madrahimova va Shohjahon Mo‘ydinov bilan bog‘liq holat tuman hokimligi tomonidan batafsil o‘rganib chiqilgan.
Ichki idoraviy o‘rganish natijasida davlat idoralarida o‘rnatilgan kasb etikasi me’yorlarini buzgani uchun Shohjahon Mo‘ydinov Uchko‘prik tumani hokimining kotibi vazifasidan ozod etildi va xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Eslatib o‘tamiz, jurnalist Uchko‘prik tumanida tashkil etilgani aytilgan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasini o‘rganishi jarayonida tuman hokimligi vakilining qarshiligiga uchraydi. So‘ng «shaxsini aniqlash» vaji bilan Sh.Madrahimova ikki soatdan ko‘proq vaqt tuman IIBda majburiy ushlab turiladi.
Jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan mazkur holat prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter