Eng ommabop kitob: uning muallifi sal bo‘lmasa muharrirning oyog‘iga tiz cho‘kkan!
Zeyn Grey tushkunlik va nochorlikdan iborat hayot yo‘li ustida o‘ylab ko‘rib, dunyodagi eng mashhur kishilardan biri bo‘lib yetishdi. Bu mashaqqatli yo‘lni esa u kichkina qishloqda yashagan davrda boshidan kechirgan edi.
Noshirlar Zeyn Greyga uning jurnal huquqiga xos asarlari uchun ko‘pincha 15 ming funtgacha to‘lardilar. Shunisi borki, Grey mazkur mablag‘ni asar yozilgunicha olar, vaholanki, o‘zining dastlabki kitoblarini uch shillingga ham sota olmagandi. Noshirlarning so‘zlariga qaraganda, ular uch yil davomida har yili Greyning milliontadan kitoblarini sotishgan. Yozuvchilikning dastlabki yillarida esa u ham ochlik, ham sovuq girdobida ustma-ust muvaffaqiyatsizliklardan boshi chiqmagan edi.
Zeyn Grey yoshligida otasining qistovi bilan tish shifokori bo‘lish uchun o‘qishga yo‘l oldi, aslida bu kasbga aslo xohishi yo‘q edi. Lekin nima ham qila olarding: ota amri – vojib! Shu tariqa peshanasiga Amerikaning yovvoyi g‘arbida dunyodagi sarguzasht asarlarning eng yaxshi mualliflaridan biri bo‘lish bitilgan yigitcha tish shifokori bo‘lib qoldi. U shaxsiy amaliyotini ishga solib, bemorlarning tishini teshib, ularga qo‘rg‘oshin tamg‘a (plomba) qo‘yib, umrini o‘tkaza boshladi.
Ammo Zeynning fikr-o‘ylari mashg‘ul bo‘layotgan bu ishidan ancha uzoq edi. Bu, ayniqsa xonasining derazasi orqali tosh to‘shalgan ko‘prik ustidan otlarning tuyoq tovushi eshitiladigan daqiqalarda ko‘proq sezilar edi. O‘sha lahzalarda Greyning ko‘z oldida yovvoyi savannada qirmizi tongni qarshi olgan otliqlar bor bo‘y-basti bilan gavdalanar, yaqinlashayotgan pochta poyezdining sharpasi va unga hujum qilishga shaylanayotgan qurolli bosqinchilar to‘dasi ko‘rinib ketganday bo‘lardi.
Vaqt o‘tgan sari Zeyn Grey o‘zining kundalik fojiasi bilan yuzma-yuz bo‘la bordi. U ishlayotgan kasbini ko‘rishga ko‘zi yo‘q edi. Xuddi ko‘p eshkakli kemaga bog‘lab qo‘yilgan qul kabi har kuni ertalabdan o‘zini azoblab va qamchilab urganday bo‘lib, bemorlarni qabul qilish uchun yo‘lga tushardi. Grey hayotdagi yagona lazzatni o‘zining haqiqatda ro‘y beradigan orzularida his qilardi.
Nihoyat, u yozuvchi bo‘lishga uzil-kesil qaror qildi: tish shifokorligidan voz kechib, kichkina qishloqqa ko‘chib o‘tdi. Zeynning hisob-kitobiga ko‘ra, yangi maskanda tejab-tergab yashashi mumkin: bu ov qilish va baliq tutish hisobiga amalga oshishi kerak. Shu bilan birga u bir vaqtning o‘zida yozishni o‘rganmoqchi edi.
Zeyn Grey o‘z hikoyalari ustida qunt va tirishqoqlik bilan ishladi. U nuqul yozar, voqealarni bir necha bor qaytadan o‘zgartirib, qahramonlar fe’lini chuqurlashtirib, yana yozish bilan band bo‘lardi.
Grey navbatdagi hikoyani tugatar ekan, uni boshdan-oxirigacha shiddatli g‘ayrat-shijoat bilan qayta o‘qib chiqdi. Yozgani juda ajoyib ko‘rindi. U umum tomonidan e’tirof etilishiga ishondi. Ammo boshqa kishi bunga aslo ishonmasdi. Bu mamlakatda Zeyn Grey asarlariga qiziqadigan birorta ham noshir yo‘q edi.
Hikoyalar ustida tirishqoqlik bilan ishlar ekan, Grey uzoq davom etgan besh yil davomida bir sent ham daromad olmadi. Greyga faqat yoz paytida qandaydir pul tegdi, u ham professional basketbol jamoasida o‘ynagani uchun edi. Shu, xolos. U bir kuni hikoyasini noshirga ko‘rsatishga harakat qilar ekan, polkovnik Jon Buffalo bilan tanishib qoldi. Bufallo g‘arb safariga borish uchun yozish qo‘lidan keladigan biror kishini izlab yurgan ekan, keyinchalik u haqda yozishi kerak edi. Bu Zeyn Grey uchun ruhlantirib yuboradigan taklif bo‘ldi. U duch kelgan imkoniyatni qo‘ldan chiqarmaslikka urindi, yuragi hapqirib, oldinda kutayotgan sarguzashtlarni o‘yladi.
Grey g‘arbdagi kovboylar hamda yovvoyi otlar orasida olti oyni o‘tkazib, uyga qaytdi va «Tyekislikdagi odamlar» nomli qissa yozdi. Endi u muvafaqqiyat qozonishiga butunlay ishongan edi.
Shundan so‘ng Grey qo‘lyozmani «Xarper» nashriyotiga jo‘natib, ikki hafta javobini kutdi. Keyin esa bardoshi yetmay, nashriyotga shosha-pisha o‘zi bordi. Ammo u yerda qo‘liga xat tutqazishdi. «Biz g‘oyat afsusdamiz, ammo yozganlaringizda badiiy asar yaratishga qodir ekaningizni isbotlovchi hech nimani ko‘rmadik», – deb yozilgandi unda.
Grey adoyi tamom bo‘ldi. U bamisoli jonsiz odamdek serrayib qotib qolgan edi. Axir asarlarining beshinchi marta noshirlar tomonidan qaytarilishi edi bu! Grey shu darajada gangigan va esankiragan ediki, ayni damda kimdir bor kuchi bilan uning jag‘iga tushirgani ming karra yaxshi edi.
U gandiraklab va qoqinib, zinapoyadan zo‘rg‘a pastga tushdi, yiqilib ketmaslik uchun chiroq ustuniga suyanib, ushlab qoldi. Ustunga boshini tirar ekan, qo‘ltig‘iga qistirgan qo‘lyozmani olishga ham holi kelmay, achchiq alamdan yig‘lab yubordi.
Nihoyat, butunlay ezilib, o‘lgandan battar bo‘lib uyga qaytdi. Grey besh yil davomida asosan xotinining topgani hisobiga yashagan edi. Endi esa pul ham tugab qolgan. Buning ustiga qo‘lida bolasi ham bor.
Ularning oilasi butunlay umidsizlik girdobida g‘arq bo‘ldi. Qarangki, Greyning xotini uni yana bir asar yozishga undab, muvaffaqiyatga ishontirishga erishdi.
Qahraton qish payti edi o‘shnda. Kichkina pechka xonani deyarli isitmas, yozayotgan paytda qo‘llar sovuqdan uvishib qolardi. Grey har besh daqiqada pechkaning darchasini ochib, qo‘lini ichiga tiqib isitishga majbur bo‘lardi.
U butun qish bo‘yi va yozning yarmiga qadar qunt va sabr-toqat bilan yangi qissa ustida ishladi. Yozib tugatgach, «Xarper» nashriyoti bu asarni ham rad etdi. Umidsizlikdan butun ruhi tushib ketgan Zeyn Grey sal bo‘lmasa muharrirning oyog‘iga tiz cho‘kkuday bo‘lib, qo‘lyozmani uyiga eltib o‘qishini yolvorib so‘radi.
Oradan ikki kun o‘tgach, Zeyn Grey yuragi muzlaganday bo‘lib, javobini bilish uchun nashriyotga bordi. «Xotinim butun tun bo‘yi uxlamay kitobingizni o‘qib chiqdi. Uning fikricha, asaringiz juda ajoyib ekan, – dedi muharrir shodon kulib. – Biz uni, albatta, nashr etamiz».
Mazkur kitob «Sahro merosi» deb nomlanardi. U eng ommabop va bozorgir kitobga aylandi.
Nihoyat uzoq yillik nochorlik hamda umidsizlikdan so‘ng Zeyn Grey munosib taqdirlandi. U yillar o‘tgan sayin eng mashhur va muvaffaqiyatli yozuvchilardan biriga aylanib, oltmishdan ziyod kitob chiqardi. Bu kitoblarning umumiy adadi oltmish million nusxadan ham ko‘p edi.
(«Mashhur kishilar hayotidan
noma’lum sahifalar» kitobidan)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter