Eng chuqur g‘or, eng baland ko‘prik va eng sirli maskan – Namanganga boramiz (video)

Har qanday sayyoh safarga chiqarkan ko‘proq joyni ko‘rishni istaydi – ajoyib tabiat, tarixiy obidalar, zamonaviy ko‘ngilochar joylar. Namangan – aynan shunday joy! U yerda chiroyli tabiat ham, tarixiy ob’yektlar ham, zamonaviy ko‘ngilochar maskanlar ham bor. Xo‘sh, u yerga qanday boriladi?
Masofa va transport
Aslini olganda Toshkentdan Namanganga masofa u qadar uzoq emas, 280 kilometr atrofida. Ammo yo‘l dovon oshib o‘tgani tufayli biroz vaqt talab qiladi, yengil mashinada 4,5-5 soat ichida manzilga yetib olish mumkin. Yo‘lkira esa bir kishi uchun 150 ming so‘m atrofida bo‘ladi.
Poyezd bu masofani o‘rtacha 4 soatda bosib o‘tadi, narxi ham talab darajasida – kupega 170 ming so‘mga chipta sotib olasiz.
Uzoq yo‘l yurishni yoqtirmaydiganlar esa samolyotda Namanganga parvoz qilishlari mumkin. Samolyotga chipta narxlari ham turlicha, hammasi qachon buyurtma berishingizga bog‘liq. Ekonom toifaga 250 000 so‘mdan boshlanadi, komfort va biznes toifa narxlari esa ancha qimmat, 2-3 milliongacha ham borishi mumkin. Hammasi chiptani qachon buyurtma qilishingizga bog‘liq, qancha erta harakat qilsangiz, shuncha arzon bo‘ladi.
Biz Namangan sari poyezdda yurishga qaror qildik! Nima uchun? Buning bir qator sabablari bor – birinchidan, vodiy sari ketarkansiz, tog‘lar orasida shunday manzaralar bo‘ladiki, ko‘rib to‘ymaysiz. Ancha-muncha Shveysariya tog‘lariga dam beradigan maskanlarimiz bor. Manzilga yeta yetguncha bahri dilingiz ochilib boradi.
Chodak
Namanganga kelgan odam albatta Chodakni borib ko‘rishi kerak. Popda poyezddan tushasiz va u yerdan Chodakkacha bo‘lgan masofa unchalik uzoq emas, yarim soat nari berisida manzilga yetib olasiz. Muhimi – yo‘lkira ham qimmat emas, kishi boshiga 30 mingdan.
Chodakda nimani ko‘rasiz? Ishoning, u yerda sira zerikmaysiz! Uzunligi 300 metr bo‘lgan to‘rtta osma ko‘prik, uzunligi 50 metr bo‘lgan shishali osma ko‘prik, sharshara va 400 metrlik bo‘lgan osma dor yo‘li (ziplayn) sizga keragidan ortiq adrenalin bera oladi. Ochig‘i, o‘zim ham balandlikdan qo‘rqishimni Chodakka kelib sezib qoldim!
Yana Chodakda juda ajoyib va andak qo‘rqinchli g‘or ham bor. Qorong‘u g‘or, 300 metr balandlikda lapanglab borib kelayotgan osma ko‘prik va g‘izillab uchayotgan dor yo‘li – bularni boshqa joydan topishingiz ancha og‘ir masala!
Axsikent
Chodakni ko‘rib olgach, qadimgi go‘sha - Axsikent sari yurdik. Bu yerda dunyoga mashhur qilichlar ishlab chiqarilgan, yer osti yo‘llari bo‘lgan, ming yil oldin ham vodoprovod tizimi ishlab turgan.
2016 yildan e’tiboran O‘zbekistonning turli sohalarida ko‘tarilish davri boshlandi. Bu davr arxeologiyani ham chetlab o‘tmadi va shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyevning e’tibori bilan Axsikentni ochish ishlari boshlandi. Shahar bir necha asrlik mudroq uyqudan asta-sekin uyg‘ona boshlandi.
Yevropa va Axsikent
Axsikentliklar juda tartibli, toza-ozoda yashaganlar. Shaharda chiqindi va yuvindi suv uchun maxsus o‘ralar kavlangan. Ko‘chaga chiqindi tashlash esa qat’iyan man qilingan, qonun bilan jazolangan. IX-X asrlarda, ya’ni bundan ming yil ilgari Axsikentda sanitariya qoidalariga jiddiy amal qilingan. Shu sababli shaharda yuqumli kasalliklar kam tarqalgan.
Shu o‘rinda bir misolni keltirib o‘tsak. O‘tgan yili Yevropada sayohatda bo‘lganimizda bir ajoyib manzaraga duch keldik. Bizda uning fotosi ham bor!
Qo‘hna Yevropadagi uyning devoriga yopishib o‘sgan nok daraxti – manzara shunchalik chiroyli ediki! Biz uchun ancha noodatiy manzara qarshisida selfi ham qilib oldik.
Keyin esa bizni olib yurgan giddan qiziqib so‘radik – nima uchun nok daraxti uyga yopishtirib ekilgan? Gidimiz so‘zlab berganlaridan esa, yumshoq qilib aytganda, shok holatiga tushib qoldik – emishki, o‘rta asrlarda Yevropa shaharlarida sanitariya masalasi juda oqsagan, xojatxonalar esa muammoli bo‘lgan. Odamlar tuvakdagi axlatlarini shunchaki ko‘chaga to‘kib yuborishgan ekan. Devorga yopishtirib ekilgan daraxt esa turli noxush narsalarni ko‘chaga shaloplab to‘kilishdan saqlab, ancha-muncha axlatni o‘zida ushlab qolgan emish. Bu haqida hatto internetdan ancha-muncha ma’lumot ham topsa bo‘larkan.
Endi o‘sha eshitganlarimizni Axsikentdagi holat bilan taqqoslab ko‘ring! Albatta ajdodlar bilan maqtanaverish yaxshi emasku, ammo o‘rta asrlarda sanitariya masalasi bunaqa yechim topganiga faqat qoyil qolish kerak. Shunday emasmi?
Suv yetkazish tizimi
Axsikentning yana bir ajoyib jihati – uning suv yetkazish tizimidir. Shahar gumbazsimon uslubdagi yer osti yo‘li orqali suv bilan ta’minlangan. Yer osti yo‘lidan sopol quvurlar o‘tkazilgan va bir necha kilometr uzoqlikdagi soydan Axsikentga suv olib kelingan. Eng muhimi – quvurlar shikastlangan taqdirda ta’mirlash uchun yerni qazish shart bo‘lmagan, shunchaki ustalar yer ostiga tushganlar va quvurlarni yangilariga almashtirib chiqqanlar.
Shu o‘rinda endi bir savol paydo bo‘ladi, o‘ylab ko‘ring, IX–XII asrlarda Axsikent vodiyning eng gavjum, poytaxt shahri bo‘lsa, shahar ichi zich uylar hamda do‘konlar bilan band bo‘lsa, qanday qilib bu yer osti inshooti qurilgan? Eng qizig‘i ham mana shunda, o‘z zamonasining amaliy fanlariga tayangan quruvchi ustalar bu ajoyib inshootni hozirgi metro qurilishi usulida bunyod qilganlar. Avval pishiq g‘ishtdan gumbazsimon uslubda o‘ziga xos yer osti yo‘li qurilib, uning tubiga katta diametrli sopol quvurlar yotqizilgan. Suv ana shu quvurlar orqali shildirab oqib kelgan.
E’tiborlisi, bu tizimning suvni tozalash, filtrlash qismi ham bo‘lgan. Ya’ni, yer osti yo‘lining ma’lum joylarida pishiq g‘ishtdan qurilgan yer osti kuzatish xonalari bo‘lgan. Sopol kuvurlarda oqayotgan suv kuzatish xonasidagi kichik hovuz orqali o‘tgan. Natijada suv tarkibidagi qum, mayda tosh va boshqa yot jismlar hovuz tubiga cho‘kib, qolib ketgan, toza suv esa xonadonlarga borgan. Qoyil qolarli jihati, bu behad ajoyib quvur tizimi shahar aholisiga eng kamida 300 yildan ortiq xizmat qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter