Valiyevlar oilasi yana olti nafar bolani asrab oldi
Mehribonlik uyiga borganingizda ilk his qilgan tuyg‘ungiz bolalarning ko‘zlaridagi mehrga tashnalik bo‘ladi. Garchi tarbiyachilar bolalarning o‘z onalaridek bo‘lib ketsa-da, ularning ko‘zlarida oila mehriga tashnalikni his qilasiz.
Lekin aynan bola asrab olishdagi hujjatbozlik, yillab navbat kutishlar va faqatgina farzandi yo‘qlarga bola asrab olishga ruxsat borligi kabi masalalar mehribonlik uylaridagi bolalarning ko‘pchiligi oila muhitini his qilmay katta bo‘lishiga sabab bo‘lardi.
Farg‘ona tumani, Cheksho‘ra MFYda istiqomat qiluvchi Valiyevlar oilasi Marg‘ilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyidan tegishli tartibda, 6 tagacha bola olishga sharoiti borligini bildirganidan so‘ng Milliy gvardiya bu murojaatga bee’tibor bo‘lmasdan oilaning sharoitini o‘rganadi.
Shart-sharoitlari bilan tanishish paytda oila barcha talablarga javob berishi aniqlanadi. Va nihoyat xushxabar yashin tezligida tarqaldi: «To‘rt nafar farzandi bor Valiyevlar oilasi yana olti nafar bolani asrab oldi».
Bo‘larkanku, sarson sargardonlikka chek qo‘yib farzandlari qatorida yana bir bir necha nafar qorako‘zlarga oilada yashash baxtini hadya qilsa. Kuni kecha ushbu xonadonda «Baxtli kelajak sari qadam» oilaviy bolalar uyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ya’ni, 6 nafar bolajon oilaga tantana bilan qabul qilindi. Farg‘ona viloyati hokimi yoshlar bilan ishlash bo‘limi, xalq ta’limi, soliq inspeksiyasi, prokuratura xodimlari va boshqa mas’ullar ishtirok etgan ushbu tadbir naq bayramga aylanib ketdi.
Huquqshunos bloger Shermuhammad Dehqonov:
— Ushbu oila 3 yildan beri farzand asrab olish uchun tegishli idoralarga murojaat qilib, natija ololmagan. Bu muammoni Farg‘ona viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Shavkat Akbarov ijobiy hal qilib berdi. Rasmiylashtirish masalasida esa Farg‘ona shahar Xalq ta’limi bo‘limi, vasiylik va homiylik organi mutaxassisi Xurshida Hakimova yaqindan yordamlashib, asrab oluvchi ota-onaga ko‘maklashdi.
Farg‘ona viloyati bo‘yicha Milliy gvardiya boshlig‘i polkovnik Shavkat Akbarov:
— Bolalarga oila bag‘ridanda o‘zini xotirjam va baxtli sezadigan muhit yo‘q. Bolalar uyida ular uchun hamma narsa umumiy. Oilada esa ularning har biriga shaxsdek murojaat qilishadi, qadriyatlarimizni o‘rganadi, urf odatlar nimaligini anglab boshlaydi, jamiyatning faol a’zosiga aylanadi. Ya’ni bolaning oilada o‘sib-ulg‘ayishining kelajagi uchun ham foyda. Bu xonadonning kattalari bola asrab olishdagi imtiyozlardan bexabar ekan. Bolalarning otasi tadbirkor Nabijon Valiyev ikki gektar yeriga bolalar uchun uy joy qilib berishni mo‘ljallagan ekan. Lekin shu narsani ta’kidlashim kerakki, oilaviy bolalar uyida tarbiyalangan bolalarni ham barcha imtiyozlari saqlanib qoladi. Voyaga yetgach davlat tomonidan belgilangan tartibda uy-joy bilan ta’minlanadi.
Ziyoda Valiyeva bolalarning onasi:
— Mening to‘rt nafar farzandim bor edi, endi o‘n nafar bo‘ldi. 4-maktabda Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlayman. Ish faoliyatim davomida ko‘plab mehribonlik uylarida tadbirlar o‘tkazganman. O‘sha paytlari o‘ylardim: «agar imkonim bo‘lganida bolajonlarning hammasini uyimga olib ketardim», deb. Uch yildan beri bola asrab olishdagi harakatlarim besamar ketayotgandi. Yaqinda Prezidentimizning bir videoselektorda, bolalarni oilalarga berish masalasi haqidagi fikrlaridan keyin yana ariza bilan murojaat qildim, bu safar Milliy gvardiya aralashib ishimni tezda hal qilib berishdi, orzuim ushalganidan, bolalarga oila baxtini his qildira olayotganimdan xursandman.
Marosimni kuzatar ekanmiz, 6 nafar bolani voyaga yetkazish faqatgina ota-onaning zimmasida qolib ketmaydi. Bugun ularga hokimlik va mas’ullar tomonidan qo‘shimcha yaratilgan shart- sharoitlar-yotoq mebellari, televizorlar, stol stullar bunga misol. Mahalla aholisi esa bolalarni qadami yoqib ko‘chalari asfaltlanayotgani, stolbalar yangilanayotgani, ichimlik suvi kirib kelayotganidan xursand.
«Baxtli kelajak sari qadam» oilaviy mehribonlik uyining ochilish marosimida kuzatganlarimiz bolajonlarning ko‘zidagi quvonch hamma-hammasini aytib turibdi. Ularning orasida balki oyi yoki dada qanday bo‘lishini bilmaganlari bordir, ularning orasida «o‘g‘lim» yoki «qizim», degan so‘zni bir marta bo‘lsa-da eshitish orzusida yurganlari bordir. Yaxshi insonlar ko‘magida ularning bugun o‘z onasi bor, o‘z otasi bor, qalbi mehrga to‘la bobojonu buvijonlari, o‘z oilasi bor. Dunyoni endi anglayotgan bola uchun bundan ortiq baxt bormi?
Umid qilamizki, ushbu voqeadan so‘ng Valiyevlar xonadonidek olijanob, bolajon insonlarning safi kengayadi, ishonamizki, yaqin kelajakda mehribonlik uylari huvillab, ularning kulgulari, quvonchlari, baxtli kelajagi bag‘ri keng oilalarga ko‘chadi, axir ezgulikning qanoti bor deyishadi.
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter