Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Boshsiz qo‘g‘irchoqlar

Boshsiz qo‘g‘irchoqlar

Mastura Abduraim qizi. 1980 yil 27 noyabrda Navoiy viloyatida tavallud topgan. 1999 yil Navoiy Tibbiyot bilim yurtini tamomlagan. Ikki yildan buyon nasr yo‘nalishida ijod qilib keladi. Hikoya, esse va drabl (qisqa hikoya)lari respublikamizning qator gazeta, jurnal va adabiy saytlarida chop etilib kelinmoqda. Siz quyida tanishadigan «Boshsiz qo‘g‘irchoqlar» hikoyasi zo‘ravonlik dahshatlari va qurbonlari bo‘lgan qizaloqlar yaqinlarining iztiroblari haqida.

Boshsiz qo‘g‘irchoqlar

(Hikoya)

Necha kundirki ayol mijja qoqmadi. Tuz totmadi. Ovqatlanish, qorni ochganda nimadir tanovul qilishi kerakligini ham unutgandek edi. Qirq kundirki u faqatgina suv ichardi. Yutoqib-yutoqib, lablaridan oshirib-toshirib, bo‘yni, ko‘ksidan oqizib, hansirab ichgani suv edi. Qizchasi ketgan kundan, hattoki, uning jimitdaygina, qonga botgan jasadini, o‘sha kimsasiz axlatxonada, kir lattalar, isqirt chiqindilar orasida ko‘rganida ham ko‘zlaridan bir tomchi yosh chiqmadi. Shu qadar chuqur uh tortdiki, bu g‘ayritabiiy oh, ayolning ich-ichidan titrab chiqqan hayvoniy bir o‘kiriq bilan qorishib keldida, bo‘g‘ziga tiqilib qoldi. Ayol uni qo‘yib yuborish uchun, boshini keskin ortga tashlab, qalt-qalt titradi, nafasi qaytib, bo‘g‘ildi, yelkalari silkinib ketdi. Eriga qaradi. Ota jinoyat joyiga ixota qilingan lentani qo‘llari bilan changallab olganicha, titrab-qaqshab yig‘lar edi. O‘krab-o‘krab, qon yig‘lar edi. Ayol tek qotdi. Lablari titradi. Boshi yorulgudek guvilladi. Ma’nisiz ko‘zlaridan yosh chiqmadi. Qizalog‘i tomonga qaradi. U hamon irkit chiqindilar orasida yotar, ustiga tashlab qo‘yilgan oppoq choyshabning pastki qismi qon shimib olib qizarib qolgan, qizaloqning oyoqchalari ikki yonga kerilganicha qotib qolgan, tizzasidan pasti ko‘rinib turardi. «Bitta tuflichasi tushib qopti!» – pichirladi ona, – juda yaxshi ko‘rardi. Oyog‘idan qo‘ymay kiyardi.»

«Onajon, maktabga borsam ham shu tufligimni kiyaman!» – degan edi.

«Hali maktabga yana bir yil bor, ungacha oyoqchalaring o‘sadi, tuflichang kichik kelib qoladi, qizim. Men senga yangisini, bundan ham yaxshirog‘ini olib beraman!»

«Yo‘q, onajon, oyoqlarim katta bo‘lishini istamayman, shu tufligim yaxshi, bunaqasi hech kimda yo‘q!» – degan edi qizaloq.

Ona titrab boshini changalladi. «Kechagina bo‘lmaganmidi bu suhbatimiz» o‘yladi u, «ha kuni kecha, xuddi shu mahal, shom paytida suhbatlashgan edik. Faqatgina, quyosh bugungidek qonli emas edi. Yoki qonlimidi? Men payqamadimmikin!? Shu kuni ertalabchi? Tong qanday otgan edi? Osmonni bugungidek, qoramtir bulutlar qoplaganmidi? Quyosh nechada chiqqandi? U bilan nimalar qilgan edik? Ha…uning uzun sochlarini silagandim, o‘rib qo‘ygandim. O‘zi yoqtirgan oq, keng etakli ko‘ylagini kiygan edi. Ko‘chada keta turib, qiqirlab-qiqirlab kulgan, etagi keng yoyilib parillab aylangan, juda zavqlangan edi. Keyinchi.., ha..o‘yinchoq do‘koni yonidan o‘tgandik. Bu o‘sha oppoq ko‘ylakli, sochlari mallarang, nozik shlyapachasini bostirib olgan, eng chiroyli va qimmatbaho qo‘g‘irchoq edi. Pulim yetmasligini bildim va qizalog‘imni chalg‘itgan edim:  – Yur, muzqaymoq olib beraman! Uning ko‘zlari charaqlab ketgandi. Keyin astagina pichirlagandi:  – Onajon, otamga aytsak qo‘g‘irchoqni olib berarmikin?

Ha degandim men, olib beradi. Maosh olsin albatta olib beradi…Qo‘g‘irchoq.., qo‘g‘irchoq…jonsiz qo‘g‘irchoq…»

 Xayollar, ayqash-uyqash ro‘yolar o‘pqonidan hissiz nigohlarini uzib olar ekan, tuyqus ayolning ko‘zidan bir tomchi yosh oqdi. Tamom u yana qotdi, muzladi.

***

– Yigirma yil berishdi! – dedi eri uh tortib.

– Yigirma yil? – istehzoli iljaydi ona, – hmm, y-i-g-i-r-m-a  y-i- l…Ajoyib!

– Ichkari bilan gaplashdim. Sog‘ chiqmas ekan, o‘zini ham…Ota bo‘g‘riqdi. Basma-basiga chekayotgan tamaki tutuni tiqilib, yo‘tal tutdi. Uzoq yo‘taldi. Yelkalari silkinib-silkinib yo‘taldi. Ayoliga teskari qarab o‘tirib oldi.

– Bugun ko‘chaga chiqmoqchiman! – o‘rnidan turib kiyim shkafi tomon yurdi ayol.

– Nima qilasan ko‘chada?! – deyarli ikki oydan buyon ostona hatlamagan, ozib cho‘pday bo‘lib ketgan xotiniga tikildi erkak.

– Qo‘g‘irchoqni olib kelaman. – dedi ayol o‘ziga katta kelib qolgan, qopdek ko‘ylagini egniga tashlab ko‘rar ekan, – shunisi yarashdimi? – lablari titrab eriga boqdi.

– Yarashdi! – dedi hamon teskari qarab o‘tirgan erkak ovozi qaltirab, – senga hamma narsa yarashgan.., u…u ham senga o‘xshardi.

Men ketdim. Unga tezroq qo‘g‘irchog‘ini yetkazishim kerak!

– Tezroq qayt!

Ayol qamoqxonaning tashqi darvozasi oldida turardi. O‘sha qo‘g‘irchoqni quchib olgan, miq etmay, darvoza oldidagi ikki harbiy qorovul yigitlarga tikilib turardi.

– Men kirishim kerak!

– Mumkin emas!

– Men qo‘g‘irchoqni yetkazishim kerak!

– Mumkin emas!!!

Ona tuni bilan qamoqxona darvozasi ostida o‘tirib chiqdi. Yoniga kelib o‘tirgan erini ham sezmadi. Hissizgina boqdi, ammo o‘zi juda uzoqlarda edi. Qo‘g‘irchoqni qattiq quchib olgan, titroq qo‘llari bilan sochlarini silar, ko‘ylakchalarini tekislab, to‘g‘rilab qo‘yar edi. Anchadan buyon suv ko‘rmagan, yog‘lanib ketgan potila sochlari ilk bahorning hali qish zabti ketmagan izg‘irin shamolida har yonga uchar, ayol yana pichirlay boshlagan edi. U tinmasdan so‘ylanar, ammo yonidagi eriga gapiryapdimi, yoki qizalog‘i bilan gaplashyapdimi, yo alahsirayapdimi anglab bo‘lmas edi.

– Har kuni meni yo‘qlab kelayotganingdan juda xursandman. Mana, aytganingdek huddi o‘sha qo‘g‘irchoqni oldim qaragin, yuzlari, sochlari, ko‘ylaklari, tuflichasigacha seni o‘zinga?! Sen ham negadir qo‘g‘irchoqqa aylanib qopsan. Kecha kelganingda juda qo‘rqdim. Ortingda turgan anavi tog‘-tog‘ uyilib yotgan qo‘g‘irchoqlar kimniki? Yoki, ular ham sendek qizaloqlarmi? Nega hech birining boshi yo‘q? Juda qo‘rqdim. Sovqotdim! Meni qo‘rqitding bolam! Seni boshing qani? Shu sababli gapirolmay qoldingmi?

– Men…biz uyalamiz! Sizlarni ko‘zlaringizga qarashdan, gapirishdan uyalamiz…

– Ha..ha…bilmaganimni qara boshing bo‘lmaganidan keyin, og‘zing ham yo‘qda! Bu tabiiy holatku, albatta gapira olmaysanda! Ammo, siz uyalmang, hecham uyalmang…Ular uyalishsin! Ular javob berishsin! Ularning boshlari sapchadek uzilsin, jon bolamm! Men senga qo‘g‘irchog‘ingni yuboraman. Albatta yetkazaman.

Ayol har kuni qamoqxonaga kelar, har doimgi gapini takrorlar edi.

– Men qo‘g‘irchoqni yetkazishim kerak!

– Mumkin emas!!!

Ota to‘xtamay harakat qildi. Sudyalar, advokatlar bilan uchrashdi. Qayta apillyasiyaga berdi. Qamoqxona boshlig‘i bilan ham gaplashdi. Hech biridan tayinli bir javob chiqmadi. Umrbod qamoq jazosiga alishtirishning iloji bo‘lib qolishini, lekin o‘lim hukmi mamlakatda halicha joriy qilinmasligini aytishdi. Erkakning jizg‘anagi chiqdi. Qizaloqning kuyigi, ayoli tortayotgan do‘zax azoblari qoq ko‘ksiga urildi. Ko‘kragini changallab uh tortdi. Toki hukm o‘qilmaguncha har kuni qamoqxonaga, undan chiqib qabristonga borar, qizalog‘i ketganidan buyon, xotinining bir bora bo‘lsada qabristonga kelmaganidan taajjubga tushar va shu bilan birga uni tushunib ham turardi.

Ona hamon qamoqxona eshigi ostida, qorovullar yonida o‘tirar, doimiy gaplarini takrorlar edi va doimgi javobni olardi. Bir kuni qamoqxona boshlig‘i yoniga chiqdi. Ayolning ko‘zlariga tikildi, lablari, qo‘llari titray boshladi.

– Keting!

– Yo‘q! Qo‘g‘irchoqni yetkazishim kerak!

– Iloji yo‘q! Hech narsa o‘zgarmaydi! Hech kim quloq solmaydi.

– Men qizalog‘imga qo‘g‘irchog‘ini yetkazishim kerak! – qat’iy ohangda so‘yladi ona.

– Qizim, besh yosh edi. Uni o‘g‘irlashdi. Men tufayli…Chiqindixonadan topdim. Zo‘rlangan, qo‘l-oyoqlari kesilgan…O‘n yildirki, o‘sha maxluq qamoqxonamda. Har kuni ko‘raman. Har kuni…Keting!

– Men qo‘g‘irchoqni bersam bo‘ldi. Qayta kelmayman!

– Mumkin emas!

Ayol to‘xtamadi. Har kuni, qayta-qayta kelaverdi. O‘zi ham bir ahvolda, qo‘g‘irchog‘ini ham yuzlari, engil-boshi kirlanib, isqirti chiqib ketgandi. Sochlari xas-hashak, patak bo‘lib qolgandi. Qamoqxona boshlig‘i aytganidek hech narsani o‘zgartirisholmadi. Hukm o‘qildi. Mahkum yigirma yil ozodlikdan mahrum etildi. Ayol ancha vaqt qamoqxona oldida ko‘rinmay qoldi. Ammo, qaysidir kunlarning birida, yomg‘irli kuz kunida yana qo‘g‘irchog‘i bilan paydo bo‘ldi.

– Qo‘g‘irchoqni yetkazishim kerak!

– Mumkin emas!

Qorovullar almashinish vaqti keldi. Qorovullar darvoza oldidan ketishdi, ammo, o‘rniga boshqasi kelmadi. Ulkan mustahkam temir darvoza qiya ochiq qoldi. Ayol sergaklandi. Bir qo‘lida qo‘g‘irchoqni quchib, ikkinchisiga kattagina boltani changallaganicha, jimgina darvozadan kirdi. Qamoqxona hovlisida boshliqning sharpasi lip etdiyu, yo‘qoldi. Ayol u kirib ketgan eshikka tomon yo‘naldi. Qamoqxona jim-jit, biror qorovul ko‘rinmas, mahbuslarning alahsirab ingragani, pishillab og‘ir-og‘ir nafas olgani eshitilib turardi.

Ayol qator eshiklar osha yura boshladi. Ana, qiya ochilgan eshik! Jimgina, sekingina eshikni tortdi. Oshig‘idan moy tomchilab turgan eshik ovozsiz ochildi. Mahbus ko‘ngilni ozdiradigan allaqanday jirkanch, zax va sovuq rutubat anqib turgan xona burchagida kir yotoqda bamaylixotir uxlar edi. Ayol unga yaqinlashdi. Ko‘zlarida do‘zaxiy olov yallig‘landi. Boltani yuqori ko‘tardi. Qo‘llari qalt-qalt titradi. Yuzi burishib, ketidan keskin bo‘shashdi. Bolta tig‘i xira chiroq yorug‘ida yaltillab ketdi. «Qars» etgan tovush keldi. Bolta ayolning qo‘lidan sirg‘alib oyoqlari ostiga tushgandi. Mahbus cho‘chib ko‘zini ochdi. Ular bir-birlariga tikilib qolishdi. Qirq yoshli, sodda nigohli, oq yuzli erkak uyqusirab hissizgina nigoh tashladi. Ayol ham uning ko‘zlariga sokingina boqdida, boltani qo‘g‘irchoqni yoniga, yotog‘i ustiga qo‘ydi. Xonani tark etdi.

Ertalab mahbus  xonasidan xabar olishdi. Bolta yotoq ostida yotar, mahbus hech narsa bo‘lmagandek xurrak otardi. Yonida yotgan boshsiz qo‘g‘irchoqning kiyimlari yulqinib yechilgan, har tomonda sochilib yotar, a’zoyi badani ezilib, qo‘lsiz-oyoqsiz, abgor ahvolda majaqlanib yotardi…

– Kastratsiyaga! O‘ta mahfiy! Operatsiya xarajatlari o‘z hisobimdan. Qizaloqning ota-onasi ham olib kelinsin! Hukm muolajasida birgalikda qatnashamiz. Mahfiylik ta’minlansin!

Bu paytda ayol qizalog‘ining qabri ustida, yuzini tuproqqa bosganicha o‘krab-o‘krab, yum-yum yig‘lar edi…

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring