Barhayot sadoqat. Besh o‘g‘lidan ayrilgan ayol
«...Kimdir bizni sotdi. Nemislar partizanlar otryadi qayerda joylashganidan xabar topishdi. O‘rmonni, unga olib boradigan barcha yo‘llarni o‘rab olishdi. Biz quyuq changalzorlarga yashirindik; botqoqliklar jonimizga ora kirayotgan edi. Yuho botqoqlik! Texnikaniyam, odamlarniyam butkul yutadigan ajal komi. Haftalab hiqildog‘imizgacha suvga botib turardik... Safimizda yaqinda farzandli bo‘lgan radist ayol ham bor edi. Go‘dak och, tinmay yig‘laydi. Lekin onaning ham qursog‘i bo‘sh, ko‘kragida sut yo‘q. Agar yonginamizdagi jazo otryadining itlari eshitib qolsa bormi... O‘ttiz kishining hammasini muqarrar ajal kutadi!.. Sizga tushunarlidir? Qaror qabul qilamiz... Komandirning buyrug‘ini yetkazishga hech kim botinolmay turadi, lekin onaning o‘zi hammasini fahmlaydi. Yo‘rgakni suvga botiradi... Go‘dakkina boshqa qichqirmaydi... Bizning boshimiz xam. Na onaga, na bir-birimizga qaray olamiz...».
Bu iqtibos belarus adibi Svetlana Aleksiyevichning «Urush ayollar ishi emas» kitobiga kirmay qolgan. Adib ushbu romanni yozishdan oldin Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan sobiq ittifoq ayollarining jasoratini insoniyatga ko‘rsatib berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Urush davrida bizning front ortidagi ayollar va bolalarimizga ham oson bo‘lmagan. Ayriliq, qayg‘u-alam, judolik hech bir xonadonni chetlab o‘tmagan. 6,5 million aholidan 1,5 milliondan ko‘prog‘i janglarda qatnashgan. Yovuz urushda 500 mingga yaqin yurtdoshimiz halok bo‘lgan, qancha odam bedarak ketgan, qancha-qancha insonlar mayib-majruh bo‘lib qaytgan. Ular orasida yosh qizlar ham bo‘lgani barchaga ma’lum. Yoshlar o‘z yaqinlarining tinch-osuda yashashini istagani uchun qahramonlarcha halok bo‘lishgan. Front ortida ham fashizmga qarshi kurash olib borildi. Qo‘lda qurol olib jangga kirmagan bo‘lsa-da, jonini jabborga berib, dalada, zavod-fabrikalarda o‘zi yemay-ichmay kecha-yu kunduz mehnat qilgan ota-bobolarimizni, onalarimizni aslo unutishga haqqimiz yo‘q. Aynan ularning cheksiz sabr-toqati tufayli bugun biz baxtli yashamoqdamiz...
Yaqinda taniqli adib Alinazar Egamnazarovning «Oqlovdan so‘ng» nomli kitobidagi «Besh jangchining onasi» ocherkini iztirob bilan o‘qidim. Muallifning Ikkinchi jahon urushi davrida yurtdoshlarimiz matonatiga bag‘ishlangan ocherkidan katta bir roman o‘qigandek ta’sirlandim.
«Zangiota tumanining Xonobod mahallasida Zulfiya Zokirova degan ayol yashab o‘tgan. Shu ayolning besh o‘g‘li frontdan qaytmagan ekan: Xolmatov Isoqjon, Xolmatov Ahmadjon, Xolmatov Mamajon, Xolmatov Vahobjon, Xolmatov Yusufjon. Zulfiya aya urush boshlanganda oiladagi barcha erkaklarni frontga jo‘natib, qayinsinglisi hamda to‘rt kelini bilan qolgan.
Mamajon 1941-yilning iyulida, Ahmadjon undan bir oy keyin frontga ketishdi. Kuzga borib Vahobjon bilan Yusufjonni ham kuzatishdi. Eng oxirida, 1944-yilning mart oyida bo‘ydoq o‘g‘il Isoqjon jo‘nab ketdi. Ahmadjondan atigi bitta xat keladi. Unda «Maktubni yo‘lda yozayapman, hozircha menga xat yozmanglar, biz Stalingrad tomonga ketayapmiz. Yetib borgach, aniq manzil bilan yana xat yozaman», — degan edi. Shundan keyin askardan darak bo‘lmadi.
Mamajondan ora-sira xat kelib turdi. U xatlarida «Moskvani himoya qilayapmiz, otash-olovning ichidaman» deb yozardi. 1943-yilning oxirida uyiga yarador bo‘lib qaytib keldi. Biroz o‘ziga kelgach, kolxozda brigadir bo‘lib ishladi. 1944-yilning yozida yana frontga ketdi. Undan oxirgi maktub urush tugashidan cal avval keldi. «Karnay-surnayning tovushi kelib turibdi, hademay, oxirgi katta to‘yga (jangga) kiramiz. Shundan omon chiqsam, diydor ko‘rishib qolamiz», — degandi o‘sha maktubida. Shundan keyin ko‘p o‘tmay undan qoraxat keldi.
1943-yilning yoz kunlarida Yusufjon Leningradda halok bo‘lgani haqida qoraxat keldi. Kenjasi, sevimli o‘g‘li halok bo‘lganini eshitib Zulfiya opa faryod ko‘tardi. Keyin boshqa o‘g‘illari halok bo‘lganligi, bedarak yo‘qolganligi haqida ketma-ket xabarlar keldi. Ularni Zulfiya opaga bildirishmadi. Zulfiya opa hammadan ham Yusufjonga ko‘p kuydi. To‘rttasidan tuyoq qoldi, Yusufjonim chimildiq ko‘rmay benishon ketdi deb yig‘ladi.
O‘sha paytlarda dalada mehnat qilgan kishilar kimlar edi? Qari-qartanglar, o‘smir bolalar, eri frontda jang qilayotgan ayollar edi. Zulfiya buvining to‘rt kelini — Lazokat, Hamroniso, Hidoyat, Rohat Xolmatovalar ham bitta brigadada mehnat qilishgan. Qishloqda erkaklar urushga ketgani sababli eng og‘ir ishlar ayollarning zimmasida edi.
— Qaynonam hamisha men bilan birga yashagan, — deydi Mamajonning rafiqasi Hidoyat Xolmatova. — O‘g‘illari dom-daraksiz ketgach, u kishi qattiq kuydi. Lekin buni bizga sezdirmaslikka harakat qilardi. Kelinlarimning o‘z tashvishi o‘ziga yetarli, yana ularni ko‘z yoshim bilan ezib nima qilaman degan bo‘lsa kerak-da. Rahmatli qaynonam hushyor, sezgir ayol edi. Lekin biz u kishining ich-ichidan kuyib ketayotganini sezib turardik, qanday bo‘lmasin ko‘nglini ko‘tarishga, tasalli berishga harakat qilardik.
Qaynonam ko‘pincha kechasi bilan uxlamasdi. Yarim kechasi hovlida xuddi birov eshitib qoladiganday, past ovoz bilan o‘g‘illarining nomlarini birma-bir aytib yig‘lab yurganini uch-to‘rt marta ko‘rganman. Ba’zida qo‘ni-ko‘shnilar uyimizga kirib, «Kampir bechoraga qiyin bo‘ldi-da!» deb boshlarini sarak-sarak qilib chiqib ketishardi. Qishloqda kim urushdan qaytsa, oyim birinchilardan bo‘lib borib ko‘rardi. Ular bilan ko‘risharkan: «Mamajonni ko‘rdingmi, Yusufjonni ko‘rdingmi?», — deb savolga tutardi.
Urushdan keyin bir kuni kampir to‘rt kelinni yoniga o‘tqazdi-da, shunday dedi:
— O‘rgilib ketay senlardan, men barchangdan roziman. Lekin bir qarz gapni o‘zimdan soqit qilmoqchiman. To‘rtoving ham erdan yosh qoldilaring. Endi joyi chiqsa turmush qilinglar, mingdan-ming roziman. Meni hech o‘ylamanglar, og‘irligimni yer ko‘taradi, rizqimni xudo beradi.
Shunda hamma ovsinlar yig‘lab yuborishdi:
— Yo‘q, oyi, — dedi Hidoyat kelin. — Biz yana erga tegib, bolalarimizni begonalarga mute qilmaymiz. Doim sizning panohingizda yashab, ularni ham ota, ham ona bo‘lib tarbiyalaymiz. Bolalarimiz voyaga yetib, o‘zlaridan ko‘paysa, yuragimizdagi yaralar bitib ketadi.
Shunda kampir kelinlarini yig‘lab duo qilgan ekan.
Zulfiya aya hali yana yashashi mumkin edi. Lekin umrining so‘nggi yillarida ketma-ket ikki falokat ro‘y berdi — 1957-yilda tramvay zinasidan yiqilib, beli sindi. Bir yil shiftga qarab yotdi. To‘rt ovsin kampirga navbatma-navbat qarashdi. Endi ko‘ltiqtayoqda yuradigan bo‘lganida yana bir ko‘ngilsiz hodisa bo‘ldi — yakka-yu yagona qizining eri avtomobil falokatida halok bo‘lib, olti nevarasi otasiz qoldi. Kampir bu judolikni ko‘tarolmay yana yotib qoldi.
— Qaynonam og‘ir yotgan kezlar ipak qurti boqilayotgan kunlar edi, — deydi kelini Hamroniso opa. — Bosh qashishga vaqt yo‘q. Shunday bo‘lsa ham tez-tez kampirning oldiga chiqib turdim. Oldida birpas o‘tirsam, u kishi: «Bor, bolam, qurtga qara, tezroq ko‘mishning payidan bo‘l, men tuzukman», — derdi. Vafotidan sal oldin yana xabar olishga chiqdim. Yoniga o‘tirib:
— Oyi, tuzukmisiz? — dedim.
— Shukur, tuzukman, — dedi. Keyin so‘radi: — Qurting nima bo‘ldi?
— Ko‘mdim, oyi, qutuldim, — dedim.
— Haytovur, — dedi. Keyin darvoza tomonga xiralashgan ko‘zlari bilan qaradi-da, — bittasi bo‘lsayam kelmadi-ya... — dedi.
U kishining so‘nggi so‘zlari shu bo‘ldi. Biroz o‘tgach, ko‘zlaridan ikki tomchi yosh oqdi-da, hayot bilan mangu vidolashdi. Lekin umrining so‘nggi oni, so‘nggi daqiqasigacha umid va intizorlik bilan yashadi, besh azamat o‘g‘lidan birortasini bo‘lsa ham ko‘rish, ularning qay biri bilan bo‘lsa ham bir daqiqa suhbatlashish ilinjida yashab o‘tdi. Bunday ayriliqqa chidash, umid bilan kutish insondan naqadar katta kuch va matonat talab etadi...
Yana qaysidir jurnal va yoki gazetada urushda ko‘plab yarador askarlarni o‘limdan qutqarib, jang maydonidan yelkasiga ortmoqlab olib chiqqan o‘zbek hamshira qizi haqida o‘qigan edim. Hamshira qiz o‘limdan qutqargan yaradorlardan biri — o‘zbek yigiti urushdan omon qaytgach o‘sha qizni izlab topadi. Garchi qiz ikki oyog‘idan ajrab qolgan bo‘lsa-da, yigit shu qizga uylanadi. Ana qahramonlik, ana jo‘mardlik...
Shunday qahramonlik ko‘rsatgan hamyurtlarimizning jasorati oldida bosh egamiz. Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ularni yana bir bor yodga olamiz.
Mansurxon Toirov
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2016-yil, 18-son.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter