Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baraka qayerda bo‘ladi? Kayfiyatni ko‘tarishning ajoyib yo‘li haqida

Baraka qayerda bo‘ladi? Kayfiyatni ko‘tarishning ajoyib yo‘li haqida

Foto: Xabar.uz

- Quyonlarni qanchadan oldingiz?
- O‘ttiz mingdan.
- Bularni qanday boqishni bilasizmi?
- Ha, sotgan odam o‘rgatdi.
- Issiqdan extiyot qiling, quyon issiqni xush ko‘rmaydi. Salqinroq yerdan joy qilib bering.
- Xo‘p bo‘ladi.

Norin tumaniga yetib borganimiz hamono guvohi bo‘lganimiz suhbat shu bo‘ldi. Bir tomonda tuman hokimi, ikkinchi tomonda esa chamasi 12-13 yoshlardagi bolakay. Quyonga qiziqarkan, sotib olib ketayotgan joyida tuman hokimiga duch kelibdi. U yog‘iga tegishlicha maslahat. Ta’kid joiz, hammasi asosli.

Bunaqa holatlarga keyinroq, kun davomida ko‘p duch keldik. Hokim Dilmurod Qodirov «temir daftar»ga tushgan xonadonlarda bo‘larkan, qo‘y olganni ham, qoramol olganni ham e’tibordan chetda qoldirmadi. Yem-xashak haqida so‘radi, qancha sut berayotgani bilan qiziqdi. Issiqxonaga nima ekilganiku, nazardan qolgani yo‘q. Hokimlikning o‘zi ko‘chatdan tortib, o‘g‘itgacha yetkazib bergach, so‘roq-savol ham o‘z o‘rnida bo‘lishi lozimdir, balki.

Tumanda 163 ming aholi yashaydi. Ekin yerlarimiz esa 12 ming gektar. Har bir qarich yerdan unumli foydalanishga majburmiz. «Temir daftar»dagilarga ikki sotixdan issiqxona qilib beryapmiz. Hozircha natija yomon emas, — deydi tuman hokimi Dilmurod Qodirov.

Natija nima sababdan yomon emasligini kun bo‘yi qilgan kuzatuvlarimiz ko‘rsatib qo‘ydi. Har bir sektor rahbari, u xoh prokuror bo‘lsin, IIB boshlig‘i, yoki soliq rahbari — qaramog‘idagi oilalar issiqxonaga nima ekkanigacha yodlab olgan ko‘rinadi. Hosilni qachon olish, qayerda va kimga sotishgacha aytib bergach, qarshingizda prokuror yoki IIB xodimi turganiga ishonish ham qiyin. Ayniqsa limon yetishtirish masalasiga ilmiy jihatdan yondoshilgan. Shu vaqtgacha limon tugul, issiqxona nimaligini bilmagan odamlarga birdan sitrus meva yetishtirishni o‘rgatish oson emas. Shu sababdan tumanda alohida kurs tashkil etilgan. Kambag‘allikdan chiqariladigan oila vakili bu yerdagi partada o‘tirib, nazariy bilimni ham, amaliyotni ham o‘rganadi. Tashqarida tajriba uchastkasi ham bor.

—Muhtoj oilalarga issiqxona qurib bergan bilan ish bitmaydi. Unga to‘g‘ri ishlashni ham o‘rgatish kerak. Sinfxonamizda limonchilik ilmini egallagan kishilar dars o‘tadi va boshqalarga tajribasini o‘rgatadi, — deydi tuman prokurori Baxtiyor Halilov.

Norin tumanida faqat bitta muammo ko‘rdik — sanoat korxonalari nisbatan kam. Ammo bu bo‘yicha ham ish olib borilyapti. Yaqin vaqtlar ichida, aniqrog‘i sentyabr oyida ip-kalava ishlab chiqarishga mo‘ljallangan «Norintex» AJ korxonasi ishga tushishi lozim. Natijada 1200 nafar norinlik ish bilan ta’minlanadi. Demak, «Temir daftar»ga tushadigan yuk ham biroz kamayadi.

Hozircha esa tumanda «Uztex Norin» korxonasi ishlab turibdi. Bu yerda 500 dan oshiq xotin-qizlar ish bilan ta’minlangan.

Ba’zida kayfiyatimni ko‘tarish uchun kechki soat oltilarda «Uztex Norin» korxonasi oldiga kelib, kuzatib turaman,deydi tuman hokimi Dilmurod Qodirov. Ko‘cha darvozasi oldida avtobuslar qator turib, eshiklarini ochib qo‘ygan bo‘ladi. Ish vaqti tugashi bilan korxona eshiklari ochiladi va ishchilar yopirilib chiqishadi. Bizning tumanda shunday katta korxona borligi va shuncha xotin-qizlar ish bilan ta’minlanganidan xursand bo‘lib ketaman.

Endigi maqsad — «Norintex»ni ishga tushirish. Bu yerda ilgari juda katta fabrika bo‘lardi, kasodga uchrab, yopilib ketgan. Endi ishni yo‘lga qo‘yib, tadbirkorga qulay imkoniyatlar yaratib berib, yangisini ochmoqchimiz. Yana tumanimizdagi sanoat zonasida ham katta-kichik korxonalar qurilyapti, oldi ish boshlab qolgan. Shularning barchasi yurib ketsa, ancha-muncha xonadonga baraka kiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring