Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh O‘zbekistonga energetika muammosi yechimida yordam ko‘rsata oladimi? Elchi javob berdi

AQSh O‘zbekistonga energetika muammosi yechimida yordam ko‘rsata oladimi? Elchi javob berdi

Vashington O‘zbekistonda ayni paytda kuzatilayotgan energetika muammolariga befarq emas. Bu haqda AQShning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik «Amerika ovozi» radiosiga bergan intervyusida gapirgan.

Diplomatga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar energetika tizimini isloh etishda O‘zbekistonga ko‘mak bera oladi, ammo qisqa muddatda emas.

«Aholi hayoti og‘irlashganidan, albatta, tashvishdamiz. AQSh yordam bera oladimi? Yordam bera olamiz, deb o‘ylayman, lekin qisqa muddatda emas. Biz gaz ta’minotini oshirib bera olmaymiz, lekin uzoq muddatda tizimdagi nuqsonlarga barham berishda madad ko‘rsata olamiz. Bu iqtisodiy islohotlarning va mintaqaviy hamkorlikning samarasi bo‘lishi kerak. Ularga asoslanib, tizimlar yaxshilanadi, muvozanatga erishish mumkin. Xususiylashtirish bilan bog‘liq muammolarni hal etish kerak. Energetika sanoatiga sarmoya qilish kerak. Lekin, afsuski, bularni hozir zudlik bilan qila olmaysiz», – deydi elchi.

Ayni choqda, diplomat muqobil energiya bo‘yicha hamkorlik salohiyati katta ekanini urg‘ulagan.

«AQSh kompaniyalari muqobil energiya sohasida ajoyib texnologiyalar taklif qila oladi. Bu borada potensial katta. Hamkorlikda ulkan loyihalarga qo‘l urish mumkin. O‘zbekiston rahbari va hukumat muqobil energiyaga qanchalik qiziqishi va unga sarmoya qilayotganini bilamiz. Bizning maxsus elchimiz Jon Kerri iqlimdagi salbiy o‘zgarishlarga qarshi choralar ustida bosh qotirib, yangilanadigan energetikani targ‘ib qiladi. O‘zbekiston va AQSh bu yo‘nalishda ishlay oladi», – deydi u.

O‘zbekiston ravnaqida xorij sarmoyasi suv bilan havodek zarur ekani sir emas. Bu borada gap ketganda, G‘arb, jumladan, AQShdan sarmoya jalb qilish mushkulligi, chunki investitsiya kiritishning talab va shartlari yuqori ekani aytiladi. Keng tarqalgan qarashga ko‘ra, Xitoy, Rossiya, Fors ko‘rfazidan esa shartlarsiz sarmoya jalb etish mumkin. AQSh elchisi suhbat davomida bu fikrga ham munosabat bildirgan.

«Geografik jihatdan boshqa davlatlar bizdan osonroq ekanini inkor eta olmaymiz. Til, madaniyat, aloqalar, hammasi muhim rol o‘ynaydi. Biroq Amerika kompaniyalarning o‘ziga xos jihatlari talay va undan faqat foyda ko‘rasiz. AQSh sarmoyasining sifati yuqori. Bu «bizdan bugina, sizdan ugina» qabilidagi bizneslar emas. Ular uzoq muddatga sarmoya qiladi. Ulardan keladigan naf cheksiz, degan bo‘lardim... AQSh biznesi kadrlar tayyorlashga, ta’lim va treninglarga e’tibor qaratadi. AQSh sarmoyasi mahsuli o‘laroq liderlar yetishib chiqadi. Bu liderlar faqat o‘z sohasida emas, mintaqa va dunyo bo‘ylab ta’sir kuchiga ega mutaxassislar bo‘ladi», – deydi J.Henik.

Elchining ta’kidlashicha, rasmiy Toshkent tashqi siyosatda Vashington, Moskva yoki Pekindan yakkash birini tanlashga majbur emas.

«Biz 100 foiz samimiyat bilan aytamizki, O‘zbekistondan biror tomonni tanlashni kutmaymiz, so‘ramaymiz. Qo‘shnilar va boshqalar bilan qanday muomala qilib, aloqa yuritadi, ular o‘zlari hal qiladi va tabiiyki, ko‘p vektorli, muvozanatli tashqi siyosat tarafdorlari. Mustaqillikni asrab qolish uchun bu muhim va AQSh buni faqat quvvatlaydi. Biz ishonamizki, AQSh ularga kuchli sherik bo‘la oladi. Biz bilan hamkorlik uning boshqa davlatlar bilan aloqalari sovuqlashishiga yetaklashini xohlamaymiz», – deydi siyosatdon.

Avval xabar berganimizdek, Jonatan Henik joriy yil 24 noyabr kuni AQSh elchisi sifatida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorlig‘ini topshirdi.

Mamlakatimizda endigina ish boshlagan diplomat «Amerika ovozi» bilan suhbatda faoliyati davomida iqtisodiy va tijoriy aloqalar, O‘zbekiston prezidentining islohot dasturini qo‘llab-quvvatlash, harbiy aloqalarni kuchaytirish va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratishini ta’kidlagan.

«Biz O‘zbekiston demokratik jihatdan mustahkamlanib, inson huquqlariga hurmat oshishini xohlaymiz. Buni qanday amalga oshirishni O‘zbekistonning o‘zi belgilaydi. Bu ish O‘zbekiston davlati va xalqi qo‘lida», – deya xulosa qilgan J.Henik.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring