12 yilga nohaq qamalgan hokim oqlandi. Endi u lavozimiga qaytadimi?
«XXI asr» gazetasining 5-aprel sonida chop etilgan «O‘n yilga cho‘zilgan oqlov yoxud Nurulla Qayumov boshidan kechgan ajib savdolar xususida» sarlavhali maqolada nohaq qamalgan hokimning taqdiri haqida hikoya qilinadi.
«O‘zLiDeP» matbuot xizmatining xabar berishicha, 2004-2007-yillar Chiroqchi tuman hokimi bo‘lib ishlagan N.Qayumov Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudining 2008-yil 29-fevraldagi hukmi bilan 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Gazeta sobiq hokimga qo‘yilgan ayblovlar uydirma va soxta ekanini iddao qiladi. Tergovda hokimni ko‘chatlarni o‘z vaqtida sug‘ormagani, Prezident qarori bilan nogironlar internatiga sovg‘a qilingan «Damas» avtomashinasidan ham xato topilib «delo»ga tikilgani e’tirof etiladi, «Stolbani qamashga asos topgan» idoralar ana shu tariqa hokimga ayb taqqani, hokimga qarshi soxta jabrlanuvchi yasalgani ta’kidlanadi.
Shuningdek, maqolada qayd etilishicha, nohaq qamalgan N.Qayumov tergov hibsxonasida saqlanayotgan paytda onasidan ajrab qolgani va o‘z onasining marakasiga bora olmagani, nohaq qamalganidan so‘ng bir akasining infarktga chalingani, bir akasi esa vafot etgani haqida so‘z boradi.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 21-oktabridagi «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzolagani N.Qayumovning ozodlikka chiqqani, jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi apellyasiya sudlov hay’atining 2017-yil 23-noyabrdagi ajrimi bilan barcha ayb epizodlari bo‘yicha aybsiz deb topilib, reabilitatsiya qilish yo‘li bilan oqlangani e’tirof etiladi.
Maqola Jinoyat-protsessual kodeksi 310-moddasida qayd etilgan quyidagi me’yor bilan yakunlanadi.
«Qonunga xilof ravishda hukm qilingani, qonunga xilof ravishda tibbiy muassasaga joylashtirilgani, ehtiyot chorasi tariqasida qonunga xilof ravishda qamoqqa olingani yoki uy qamog‘iga joylashtirilgani, qonunga xilof ravishda ushlab turilgani tufayli ishdan (lavozimidan) ozod qilingan yoki ishda ayblanuvchi, sudlanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi munosabati bilan lavozimidan qonunga xilof ravishda chetlashtirilgan shaxs oldin ishlagan ishiga (lavozimiga) tiklanishi lozim».
Tahririyat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar yuqoridagilarni o‘z nazoratiga olishi va bu muammolar tegishli muddatda o‘z yechimini topishiga ishonch bildiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter