Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston soliq tizimidagi kamchiliklarni aniqlashdi

Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston soliq tizimidagi kamchiliklarni aniqlashdi

Foto: «Pymex.com»

Xalqaro valyuta fondi missiyasi ekspertlari 10 kun davomida O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini o‘rganib, tizimni yanada takomillashtirish bo‘yicha dastlabki tavsiyalarini ishlab chiqishdi.

Xalqaro valyuta fondining ekspertlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan respublika soliq tizimini isloh qilish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan respublika soliq tizimini isloh qilishda ko‘maklashish maqsadida taklif qilindi.

Foto: «Mf.uz»

Ekspertlar O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimi samaradorligini yanada oshirish maqsadida umumbelgilangan tartibda soliq to‘lovchilar sonini ular tomonidan amalga oshiriladigan ish manbaidan kelib chiqib chegaraviy miqdorlarni belgilash yo‘li orqali oshirish zarur, deb hisobladilar. Bunda ekspertlar tomonidan umumbelgilangan tartibda soliq to‘lashga o‘tish uchun chegaraviy miqdorlar yuzasidan turli takliflar bildirilgan.

Ekspertlar «kichik korxona» maqomini korxona daromadini inobatga olmasdan faqatgina ishchilar sonidan kelib chiqqan holda belgilanishi korxonalarning rivojlanishi va kengayishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligini ta’kidlashdi.

Shuningdek, Xalqaro valyuta fondi missiyasi vakillari tomonidan QQS stavkasining 20 foiz miqdori G‘arbiy Yevropa mamlakatlaridagi QQS stavkasi miqdoriga teng ekanligi, bu esa o‘z navbatida, O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanish darajasiga mutanosib emasligi qayd etishgan.

Bundan tashqari, soliq yukining yirik va kichik korxonalar o‘rtasida teng taqsimlanmaganiga, ya’ni kichik korxonalar tomonidan soliqlar yirik korxonalarga nisbatan juda ham kam miqdorda to‘lanishiga alohida e’tibor qaratildi. Bunday jarayon kichik korxonalar biznesini kengaytirish va umumbelgilangan tartibda soliq to‘lashga o‘tish uchun rag‘batlantirmasligi aytildi.

Yirik korxonalardagi soliq yukining yuqoriligi «adolatli bozor iqtisodiyoti» tamoyillariga zid ravishda oborotdan (davlat maqsadli jamg‘armalariga oborotdan 3,2 foiz miqdorda majburiy ajratmalar) undiriladigan soliqlar mavjudligi hamda mulk solig‘i stavkasining yuqoriligi bilan belgilanadi. Soliqlar va majburiy to‘lovlar sonining ko‘pligiga hamda ularni bekor qilish yoki boshqa soliq turlari bilan birlashtirish yuzasidan tanqidiy ko‘rib chiqilishi zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Ekspertlar aksiz solig‘i turlarining ko‘pligi va aksizosti tovarlar stavkalari ularni import qilishda va ichki ishlab chiqarishda turlicha ekani O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga kirishi uchun jiddiy to‘siq, deb hisoblaydilar.

Xalqaro valyuta fondi mutaxassislari islohotlarni joriy, o‘rta muddatli va uzoq muddatli islohotlarga ajratish zarurligini aytib o‘tdilar. Bunda, missiya rahbari janob Xerten Mixelse ta’kidlaganidek, soliq tizimi islohotlari soliq ma’murchiligini takomillashtirish, jumladan, soliqqa tortish ob’yektlari va soliqqa tortish bazasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilinishini nazarda tutuvchi islohotlar bilan o‘zaro bog‘liqlikda amalga oshirilishi lozim.

Xalqaro missiya amalga oshirilgan o‘rganish va tahlillar asosida O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarni o‘zida mujassam qilgan hisobotni 30 kun ichida taqdim etiladi. Mazkur hisobot O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirlining internet saytiga joylashtiriladi va muhokamalar uchun ochiq bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring