«Korzinka.uz» rahbari yuzlab millionlik zarar va boshqalar haqida gapirdi
O‘zbekiston soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilib O‘zbekiston normativ-huquqiy hujjatlarining muhokamasi portalida e’lon qilingandi. Ushbu konsepsiya keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ayniqsa, «Korzinka.uz» supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov hamda «Davlyetovuz» telegram kanallarining konsepsiya loyihasi yuzasidan munozarasi qiziqarli tus olgan.
Quyida Zafar Hoshimovning ushbu mavzudagi so‘nggi postini e’tiboringizga havola qilamiz.
Konsepsiya bo‘yicha tadbirkor sifatidagi qarashlarim
Yangi konsepsiyada soliq to‘lovchilarning qanday turlari bo‘ladi?
Xususiy shaxslar, korxona va tashkilotlar soliq to‘lovchi sanaladi. Avvallari soliq to‘lovchilar mulk shakli, ishchilar soni, tanlangan soliq rejimi bo‘yicha, faoliyat doirasi va hokazolar bo‘yicha xilma-xil edi.
Bu juda murakkab taqsimotdir.
Masalan, biz «Sititaksi» loyihasini boshlaganimizda ushbu biznes turi xizmat ko‘rsatish hisoblanib, agar xodimlar soni 25 kishi bo‘lsa yagona soliq to‘lovini taqozo etar, agar shtat 25 kishidan ortiq bo‘lsa umumiy soliqqa tortish tizimiga tushar edi. Bizda esa u paytda 100 ta mashina, 200 dan ortiq xodim bo‘lgani uchun umumiy soliqqa tortish turiga kirar edik.
Buning ustiga, tekshirganimizda bozorda umumiy soliqqa tortiladigan yagona taksi xizmati ekanligimiz ma’lum bo‘ldi. Metan gazini avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalaridan xarid qilar edik, chunki ushbu shoxobchalar kichik va o‘rta biznes sub’yekti sifatida yagona soliq to‘lovchisi bo‘lib, ehtiyot qismlar, sarflangan materiallar va hokazolarning barchasini faqat yagona soliq to‘lovchidan sotib olish mumkin edi. Yana QQSsiz edi.
Shu tariqa taksi kompaniyamizning yalpi daromadi QQSga tushar va bu aslida bilvosita bo‘lishi kerak bo‘lgan soliq biz uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqqa aylanib, yalpi tushumimizdan 20 foiz miqdorida soliqqa tortilar edik. Bundan tashqari, biz yana bir qator boshqa soliqlar, xususan, daromad solig‘i (aslida hech qancha daromad olmasak-da) to‘lovchisi edik. Bozorni o‘rgansak, barcha, jumladan, yirik taksi korxonalari ham ushbu QQS solig‘idan ozod bo‘lish uchun bir nechta yuridik shaxsga bo‘lib tashlanar ekan. Nima uchun 3 millionlik aholisi bor shaharda real taksilar soni 30 mingdan oshadigan bir paytda litsenziyaga ega taksilar soni 3,5 mingdan kamligini tushunish endi qiyin emas. Hatto eng muvaffaqiyatli va aqlli tadbirkorlar ham korxonalarini qancha parchalamasin, o‘z qo‘l ostida shuncha yuridik shaxsni boshqara olmaydi.
Bu esa mana bunday natijaga olib keladi:
- rasmiy taksi bozori rivojlanmaydi;
- rasmiy taksi kompaniyalari samaradorligi pastligicha qolaveradi;
- faoliyat hududi kengaymaydi;
- tranzaksiyalar narxi ko‘tariladi;
- soliq yig‘imi pastligicha qolaveradi.
Natijada mijozlar zarar ko‘radi, budjet ham pul yo‘qotadi, biznes rivojlanmaydi.
Bir yil davomida (2013) barcha mutasaddi idoralarga murojaatlarim, hech kim QQS to‘lamagan umumiy tizimning nomukammalligini tushuntirishga urinishlarim hech kanday natijaga olib kelmadi, yuzlab million so‘m miqdorida zarar ko‘rdik. Oqibatda «Sititaksi» va «Korzinka» loyihalarini birlashtirishga qaror qildik. Shunda asosiy faoliyat savdo-sotiq bo‘lib, asosiy daromad chakana savdodan keladigan bo‘lgani uchun taksi xizmatlarimiz tushumidan ham yagona soliq to‘laydigan bo‘ldik. Biz bu birlashishni xuddi ana shu yagona soliqqa o‘tish uchun qilgan edik, yuqorida aytilgan korxonalar bir qancha yuridik shaxslarga bo‘lingani kabi.
Xo‘sh, endi ayting-chi, xizmatlarimiz yoki sonimiz o‘zgarmasa, nahotki korxonani bir nomdan ikkinchisiga shunday o‘tkazib, mutlaqo boshqa soliqlar to‘lash adolatdan bo‘lsa?..
Mayli, ushbu postning maqsadiga qaytsak.
Soliq siyosatining yangi konsepsiyasi ana shu soliq to‘lovchilarning barcha toifalarini keskin kamaytirdi va xodimlar soni, faoliyat turlari, yo‘nalishlari bilan bog‘liq tushunmovchiliklarga barham berdi.
Yangi konsepsiyaga asosan quyidagi turdagi soliq to‘lovchilargina qoldi (ular to‘laydigan soliqlar bilan birga ko‘rsatilgan):
1) yakka tadbirkor (qat’iy belgilangan soliq).
2) oilaviy tadbirkorlik (qat’iy belgilangan soliq) — bu ikki kategoriyaga, ehtimol, faoliyat turiga qarab cheklovlar bo‘lishi mumkin.
3) kichik tadbirkorlik (daromadning 5 foizi) — aylanma kapitalga qo‘yilgan cheklov — 1 mlrd. so‘m.
4) qolgan barcha korxonalar.
5) jismoniy shaxslarning daromadi soliqqa tortiladi:
— oylik maosh — 25%
— dividendlar — 25%.
Biz bu yerda faqat soliq to‘lovchilar haqida to‘xtaldik. Iltimos, soliqlarning o‘zi haqida gapirishga shoshilmang. Soliqlar haqida alohida gaplashamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter